Oilaviy zoʻravonlik holatlarida sud yarashish muhlatini belgilamaydi — Qonun loyihasi

12:03 12 Fevral 2025 Siyosat
252 0

Shu yilning 11-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda senatorlar, vazirlik va idoralar masʼullari, ekspertlar hamda hududiy Kengashlarning Yoshlar siyosati, madaniyat va sport masalalari komissiyalari va Yoshlar parlamenti aʼzolari ishtirok etdi.

Majlis davomida “Oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilindi.

Ushbu Qonun bilan Oila kodeksi, Uy-joy kodeksi va “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilmoqda. Asosiy maqsad – oilaviy (maishiy) zoʻravonlikdan jabr koʻrgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish va bunday holatlarning oldini olish.

Qonunda quyidagi asosiy normalar nazarda tutilmoqda:

Nikohdan ajratish jarayonida oilaviy zoʻravonlik qurbonlari himoyasini kuchaytirish – sud oilaviy zoʻravonlik jinoyatidan jabrlangan shaxsning talabiga koʻra yarashish uchun muhlat bermasligi belgilandi.

Uy-joy bilan bogʻliq nizolarda yangi himoya mexanizmlarini joriy etish – sud taraflarning kelishuviga asosan, mulkdor turar joydan foydalanish huquqini yoʻqotayotgan shaxsga boshqa yashash sharoitlari yaratishi yoki ijaraga olingan uy uchun ijara haqini toʻlash majburiyatini zimmasiga olishi mumkinligi koʻrsatib oʻtildi.

Mazkur qonun qabul qilinishi xotin-qizlarning huquqlarini mustahkamlash, ularning turar-joy masalalarini qonuniy hal etish hamda oilaviy zoʻravonlikning oldini olishga xizmat qiladi.

Majlis yakunida Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер