Oila Umra ziyoratiga atalgan mablagʻni koʻprik taʼmiriga sarfladi

15:27 13 Yanvar 2026 Jamiyat
276 0

Shofirkon tumanidagi “Bogʻiafzal” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi Saʼdulla Rahimov va uning turmush oʻrtogʻi Jamila Oʻrinova Umra ziyoratini ado etmoq uchun toʻplagan salkam 70 million soʻm mablagʻni hududdagi ikki koʻprikni taʼmirlashga xarj qildi.

Har ikkala koʻprikka qoʻshimcha beton plitalar yotqizilib, ular eni kengaytirildi. Yoʻl qismi asfaltlashtirildi. Atrof obodonlashtirildi.

-Bu xonadon mahallamizning oddiy oilalaridan, — deydi mahalla raisi Furqat Qudratov. – Saʼdulla aka uzoq yillar qurilish sohasida ishlagan, Jamila opa esa bolalar tarbiyasi bilan shugʻullangan . Olti nafar farzandni oq yuvib, oq taragan, ularni el – yurt koriga yaraydigan qilib voyaga yetkazgan bu oilaning saxovati bilan aholi tashvishi yengillashdi. Negaki, har ikkala koʻprik tor, taʼmirtalab ahvolda edi. Endi biz ham xotirjammiz. Chunki qoʻshni Pashmon, Jilvon hamda Sharof Rashidov mahallalarini oʻzaro bogʻlovchi koʻprikdan ham, Soʻfiyon qishlogʻidagi koʻprikdan ham xavfsiz va qulay foydalanish imkoni yuzaga keldi.

— Qoʻshni mahallalarni qoʻyib turing, birgina “Bogʻiafzal”da salkam 9 ming nafar aholi istiqomat qilishi inobatga olinsa, el tashvishini oʻz orzu – havasidan ustun qoʻygan bu tanti oilaning saxovati tahsinga loyiq, albatta,- deydi shofirkonlik hamkasbimiz Alisher Obidov. – Sirasini aytganda, hayot ham shunday insonlar tufayli goʻzal va mazmunlidir.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?