Oftalmologiyaning yutuq va muammolari Toshkentda muhokama qilindi

15:01 24 May 2024 Jamiyat
462 0

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

Toshkentda “Oftalmologiyada innovatsion texnologiyalar” xalqaro konferensiyasi boʻlib oʻtdi.

Anjuman Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston oftalmologlar assotsiatsiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Shifokorlar assotsiatsiyasi koʻmagida tashkil etildi.

Unda tegishli davlat idoralari, Oʻzbekiston davlat va xususiy klinikalarining vakillari, shuningdek, Belarus, Buyuk Britaniya, Qozogʻiston, Italiya, Ispaniya, AQSH, Turkmaniston, Shveysariya, Rossiyadan kelgan oftalmologlar ishtirok etdilar.

Oʻzbekiston oftalmologlar assotsiatsiyasi raisi Zulfiya Maqsudova xalqaro konferensiyaning ochilish marosimida soʻzlagan nutqida tibbiyotning muhim yoʻnalishi hisoblangan, zamonaviy raqamli texnologiyalarning rivojlanishi va shunga mos ravishda inson, ayniqsa, bolalar va oʻsmirlar koʻziga yuklanishning keskin ortishi tufayli talab ortib borayotgan oftalmologiya sohasini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash muhimligini taʼkidladi.

Shu oʻrinda Z.Maqsudova davlatimiz va shaxsan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning koʻmagi tufayli mamlakatimizda malakali mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlash, oftalmologiyaga ilgʻor tibbiy texnologiyalarni joriy etish borasida jiddiy va tizimli ishlar amalga oshirilayotganini qayd etdi.

Anjumanda mamlakatimizda oftalmologiyani rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari, shuningdek, 2020-yilda tashkil etilgan Oʻzbekiston oftalmologlar assotsiatsiyasi faoliyati yoritib berildi. Assotsiatsiya uch yildan sal koʻproq vaqt davomida ishlashiga qaramasdan sezilarli natijalarga erishdi. Xususan, 500 dan ortiq mutaxassislar ishtirokida xalqaro vebinar oʻtkazildi, Amerikaning mashhur “Lions Ee Institute” transplantatsiya markazi bilan hamkorlik memorandumi imzolandi. Davlat organlariga maslahat yordami koʻrsatilmoqda, bolalar uchun profilaktika dasturlari amalga oshirilmoqda, hamda optometrist hamshiralar malakasini oshirish tashkil etildi.

Xalqaro konferensiya dasturidan yalpi majlislar va seksiya muhokamalari oʻrin olgan boʻlib, ularda oftalmologik yordamni tashkil etish masalalari, glaukoma, koʻzning oldingi segmenti, koʻz gavhari va orqa segment patologiyasini davolashda yangi texnologiyalar, shuningdek, oftalmologik diagnostikada innovatsion yechimlar, shu jumladan refraksiya anomaliyalarini tashxislash va davolashda zamonaviy yondashuv masalalari koʻrib chiqildi.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер