OAVni roʻyxatdan oʻtkazish haqidagi arizani koʻrib chiqish muddati 15 kundan 10 kunga qisqaradi
Foto: Abdumutalib Toyirov / “Xalq soʼzi”
Senatning qirq sakkizinchi yalpi majlisida “Davlat xizmatlari koʻrsatish hamda tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun senatorlar tomonidan muhokama qilindi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda davlat xizmatlari koʻrsatish tizimini bosqichma-bosqich isloh qilish, tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash va himoya qilish, shuningdek, arxiv ishi sohasida zarur infratuzilmani yaratish boʻyicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga davlat organlarining faoliyatida ortiqcha byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish, tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash va ularning huquqlarini himoya qilishning yangi mexanizmlarini joriy etish, koʻrsatilayotgan davlat xizmatlari roʻyxatini kengaytirish hamda nodavlat arxivlar faoliyatini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar koʻrish zarurati hozir ham mavjud.
Mazkur Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining qonunlariga fuqarolar va yuridik shaxslarning murojaatlarini davlat organlari hamda boshqa tashkilotlar tomonidan koʻrib chiqqanlik yoki davlat roʻyxatidan oʻtkazganlik uchun davlat boji, yigʻimlar yoki boshqa toʻlovlar toʻlanganligi haqidagi toʻlov hujjatlarining koʻchirma nusxalarini taqdim etish toʻgʻrisidagi talab bekor qilinishini nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Qonun bilan yuridik shaxslarni Xususiy bandlik agentliklarining reyestriga kiritish tartib-taomili ham soddalashtirilmoqda.
Bundan tashqari, “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi Qonunga ommaviy axborot vositasini roʻyxatdan oʻtkazish haqidagi arizani roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan koʻrib chiqish muddati 15 kundan 10 kunga kamaytirilishini, “Advokatura toʻgʻrisida”gi Qonunga esa advokatga guvohnoma berish muddati kamaytirilishini nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
“Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonunga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarga koʻra, advokatlik byurolarini, advokatlik firmalarini va advokatlar hayʼatlarini roʻyxatdan oʻtkazish (qayta roʻyxatdan oʻtkazish) hamda yuridik maslahatxonalarni qayta roʻyxatdan oʻtkazish funksiyalari adliya organlaridan Davlat xizmatlari markazlariga oʻtkazilmoqda. Bunda roʻyxatdan oʻtkazganlik uchun toʻlanadigan davlat bojlari miqdorlari ham kamaytirilmoqda.
Shuningdek, bogʻdorchilik-uzumchilik shirkatlarini, matlubot, ishlab chiqarish va qishloq xoʻjaligi kooperativlarini roʻyxatdan oʻtkazish (qayta roʻyxatdan oʻtkazish) ham Davlat xizmatlari markazlarining zimmasiga yuklatilmoqda.

Amaldagi qonunchilikka gerbli guvohnomalarda davlat gerbi va QR-kod (matrik shtrixli kod) tasviri mavjud boʻlishi haqidagi talab mustahkamlab qoʻyilishini, jamgʻarib boriladigan pensiya tizimida 16 yoshga toʻlgan fuqarolarni hisobga olish tartibi joriy etilishini nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Ushbu Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil devonining davlat organi sifatidagi maqomini aniqlashtirish ham nazarda tutilmoqda.

“Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonunga kiritilayotgan oʻzgartirishga muvofiq, nodavlat arxivlar tashkil etish va ularning faoliyatini tugatish tartibi soddalashtirilmoqda, litsenziyani yoki qayta rasmiylashtirish uchun zarur boʻlgan harakatlar tadbirkorlik subyektining xohishiga koʻra, qayta rasmiylashtirish uchun yigʻim toʻlanmagan holda roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan qaysi ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatga muvofiq amalga oshiriladigan boʻlsa, oʻsha hujjatni qayta rasmiylashtirish tartibi soddalashtirilmoqda.
Taʼkidlash joizki, mazkur Qonun davlat xizmatlari koʻrsatish tizimini tartibga solish, ularning roʻyxatini kengaytirish hamda aholi va tadbirkorlik subyektlari uchun byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish, davlat xizmatlari koʻrsatganlik va murojaatlarni koʻrib chiqqanlik uchun undiriladigan toʻlovlar miqdorlarini kamaytirish xizmat qiladi.
Qonunning qabul qilinishi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil devonining huquqiy maqomini qonun darajasida mustahkamlashda, shuningdek, nodavlat arxivlarning faoliyatini tashkil etish va tugatish tartib-taomilini soddalashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring