Nurulloh Ostonning yorugʻ soʻzi

Taniqli bolalar shoiri Nurulloh Oston 70 yoshga toʻldi
Uni yaxshi tanimas edim. Ammo taniqli shoir Chorshamning dala hovlisidagi tadbirda hamda Toshkentdagi kutubxonalardan biridagi ijodiy uchrashuvda samimiy gurunglashib, ijodkor Nurulloh Ostonni qaytadan kashf etgandek boʻldim.Taniqli bolalar shoiri Nurulloh Oston 70 yoshga toʻldi
U ijodiy uchrashuvda soʻzga chiqdi. Badiiy ijod haqida ajoyib fikrlar bildirdi. Hayot haqiqatini badiiy haqiqatga aylantirish mashaqqatlari toʻgʻrisida oʻzining mulohazalarini, shu bilan birga ayrim takliflarini ham aytib oʻtdi.
Nurulloh Oston tarixiy romanlar haqida soʻzlar ekan, oʻtmish xususida toʻlqinlanib gapirdi. Uning bilimdonligi, ijodga ishtiyoqi va yoniq sheʼrlari tadbir ishtirokchilarini lol qoldirdi. Keyin muxlislar undan ayrim sheʼrlarini oʻqishni iltimos qilishdi. Shoir asarlarini ifodali, nihoyatda chiroyli oʻqidi.
Sevgilim, sen gulim,birinchi gulim,
Sochingga yetmadi uzatgan qoʻlim.
Yurakda darbadar bir toʻlqin qoldi,
Tutashmas yoʻlingga toʻlqin-da, yoʻlim.
Taniqli shoir Tursunboy Adashboyevning qayd etishicha, talantli shoir Nurulloh Oston ijodining asosiy yoʻnalishi maktabgacha va maktab yoshidagi bolalarga qaratilgan boʻlib, sheʼrlarida kichkintoylarning sof tuygʻulari, shoʻx, begʻubor qiliqlari, ota-onalariga, doʻstlariga munosabati pishiq-ixcham satrlarda ochib beriladi. Kuzatuvchan shoir bolalar dunyosiga xos xususiyatlarni yorqin tasvirlarda beradi, rang-barang sheʼrlar sodda va ravon tilda yozilgani bois oʻquvchini oʻziga jalb etadi.
Shoir ijodida soʻz tanlash va ularni mahorat bilan bolalar idrokiga yetkazishga intilish anʼanasi bor. Bu, avvalo, katta avlod bolalar shoirlaridan olgan saboqlari natijasidir. Qolaversa, jahon bolalar shoirlari ijodini oʻzbek tiliga oʻgirib, tajriba orttirgan shoir bolalar sheʼriyatiga qoʻyiladigan talablarni yaxshi anglaydi. U badiiy obrazlar va taʼsirchan soʻzlarni saralab taqdim etar ekan, tom maʼnoda tarbiyachi va murabbiy vazifasini bajaradi. Ijodkor bolalar koʻp narsani anglashiga va his qilish qobiliyatiga ega ekanini tushunadi, shuning uchun shoirning sheʼrlarida ana shu jihatlar boʻrtib koʻzga tashlanadi.
Shved bolalar adabiyotining qiroli deb nom olgan bolalar shoiri Lennart Xelsing bolalar adabiyoti chegaralarini son-sanoqsiz yangi mavzular, yangi qahramonlar, oʻynoqi ohanglar bilan cheksizlikkacha yetkazgan. “Har qanday pand-nasihatli sanʼat yaxshi emas, lekin har qanday yaxshi sanʼat ibratlidir”, degan edi Lennart Xelsing.
Bolalar uchun moʻljallab yozilgan sheʼr va dostonlar yengil oʻqilishi va bolalar tomonidan qiynalmasdan idrok qilinishi jihatidan ahamiyatlidir. Shoir sheʼrlarida murakkab soʻzlarni deyarli ishlatmaydi hamda oʻziga xos tashbehlar qoʻllash orqali joʻnlikdan qochadi. Ravonlik va soddalik, xalq ogʻzaki ijodiga, soʻzlashuv tiliga yaqinligi sheʼrlarning badiiyatini yanada oshiradi. Shoir bolalarga pand-nasihat qilish niyatidan yiroq, shuning uchun u oʻquvchiga oʻzining doʻstiday, tengdoshiday, suhbatdoshiday munosabatda boʻladi va samimiyat uygʻotadi. Shu bilan birga, sheʼr va dostonlar kompozitsiyasi yaxlitligi, undagi mavzularning tizimliligi, izchilligi hamda bir-biriga bogʻliqligi, uygʻunligi oʻquvchini zeriktirmaydi.
Bu-isteʼdodli bolalar shoiri Nurulloh Oston ijodiga keksa avlod vakili tomonidan berilgan yuksak bahodir!
Shoir abadiy mavzu-muhabbat xususidagi asarlarida koʻnglida tugʻyon urgan dardlarini, iztiroblarini qogʻozga toʻkadi. Bu nolalar oh-vohlar emas, balki yurak qatida yashiringan olov tuygʻular ekanini anglaysiz. Misralarga shundaygina koʻz yugurtirib boʻlmaydi. Undagi ijodkor gʻoyasi, lirik qahramon dilidagi toʻlgʻanishlar sizni oʻylashga, fikrlashga undaydi. Sheʼrni oʻqir ekansiz qalbingiz charaqlab ketadi. Dilingiz sevgi sururidan larzaga keladi. Beixtiyor yana satrlar mutolaasiga kirishasiz.
Karvon yoʻllarida chashma koʻringay,
Qarasang, men kabi tashna koʻringay.
Sevgi mahdudlari oshna koʻringay,
Adashgan qayga yoʻl tutding.?
Nurulloh Ostonning bolaligi Samarqand tumanidagi Turkmanqishloqda kechdi. Hatto maktabda oʻqib yurgan kezlaridayoq sheʼrlar, turli janrlardagi maqolalar yozishga kirishgan edi. Boshqa sinfdoshlari men injener yoki agronom boʻlaman, desa u kamtarlikni yigʻishtirib qoʻyib, “Men kelajakda albatta shoir boʻlib yetishaman!” deyar edi. U yigirma olti yoshida Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetini tugallaganida ham qirq sakkiz varaqli umumiy daftari sheʼriy satrlarga toʻla edi. Nurulloh Oston bu asarlarining koʻpchiligini bolalarga bagʻishlab yozganini kursdoshlari hamon quvonchdan entikib eslashadi.
Kurtakladi tokimiz,
Gulga kirdi nokimiz.
Koʻkda qushlar chuldirar,
Yerda maysa gurkirar.
Kichkintoylarga atab yozilgan yuqoridagi asarlarni faqat bolalargina emas, hatto kattalar ham quvonch-u zavq bilan oʻqishiga ishonging keladi. Chunki muallif sheʼrdan kutilmagan xulosalar chiqaradi, bolalar qalbini ochishga intiladi. Bunday asarlar tabiiyki kichkintoylar tasavvurini kengaytiradi, tushunchasini oshiradi. Eng asosiysi sheʼrlar bolalarni zeriktirmaydi. Shuningdek, asar syujeti ham bolalarbop. Bundan tashqari ular tushunishga qiynalmaydi, shoir tili sodda va shirali. Sheʼrdagi obrazlar, tashbehlar asarda ilgari surilgan fikrni oʻquvchi tez ilgʻab olishiga imkon beradi. Bolalarga xos tabiiylik, quvnoqlik hamda samimiyat shoir bitiklarida balqib turadi.
Bogʻcha va maktab yoshidagi bolalar uchun tayyorlagan kitoblaridan birining nomi “Qirdagi quyoshchalar” deb nomlangan.
Yondi koʻkning nayzasi,
Undi yerning maysasi.
Shamol keldi, yel keldi,
Shovqin bilan sel keldi.
deya yozadi u kichkintoylarga bagʻishlangan “Hamal” sheʼrida. Boshqa bir asarida esa bolalar juda qiziqadigan voqealarga eʼtibor qaratadi.
Tabiiyki, maktabgacha va maktab yoshidagilar uchun asar yaratishning oʻziga xos qiyinchiliklari bor. Avvalo muallif kichkintoylar xarakterini, uning qiziqishlarini yaxshi oʻrganib olishi, ularni qiziqtiradigan syujetlar asosida sheʼriy hamda nasriy asarlar yaratishi darkor. Bu borada Nurulloh Oston mahorati tobora oshib borayotganini quyidagi misralardan ham anglash qiyin emas.
Bolakaylar moʻltirar,
Qorbobo ne keltirar?
Qopida sovgʻa-salom,
Tilida shirin kalom.
Shoirning bolalar uchun “Yulduzlar chaqnagan tun”, “Bahor raqsi”, “Tongga peshvoz chiqaylik”, Qoʻrqmas uloqcha” deb nomlangan sheʼriy toʻplamlari nashr etilganini alohida qayd etishni istar edim..
Uning kattalar uchun yozgan sheʼrlari ham oʻquvchilarning maʼnaviy mulkiga aylangan. “Yoʻldagi buloq”, “Yuragimning bezovta guli”, “Qadim yoʻllarda”, “Osmon toʻla farishta”, “Fasli koʻklam”, “Fasli ishq”, “Hidoyat charogʻi” nomli toʻplamlari yurtimizning koʻpchilik kutubxonalaridan joy olgani diqqatga sazovordir.
Nurulloh Ostonning hajviy asarlari ham oz emas. U “Rasmiy laqma”, “Yigʻlaydigan oʻlik”, “Kesakning taʼsiri” kabi yumorga boy hajviy janrlardagi kitoblari bilan oʻzbek adabiyoti xazinasini boyitdi. Uning “Uylanish”, “Yalangʻoch odam” “Eski doʻkon”, “Mujik nimani xohlaydi?” singari hajviyalarini maza qilib oʻqiganman. Bu asarlarda ayrim kishilar feʼl-atvoridagi salbiy jihatlar ayovsiz tanqid ostiga olingan, ularning asl basharalari ochib berilgani eʼtiboringizni jalb etadi. “Hozir nima koʻp, toʻylar koʻp. Qarindosh-urugʻ, oshna-ogʻaynilardan Xudo bergan – nikoh toʻyidan chiqib, sunnat toʻyiga, undan chiqib Paygʻambar yoshi, muchal toʻyiga boʻzchining mokisiday yuguraman. Ayniqsa roʻza oldidan hamma baravariga kelishib olganday qichab qoladi. Ertalab toʻy, tushda toʻy. Bormasang astoydil xafa boʻlishadi”. Muallif “Eski doʻkon” hajviyasida kishilar hayotidagi ayrim illatlarni ana shu yoʻsinda tanqid qiladi.
U oliy oʻquv yurtida olgan bilimlari hali yetarli emasligini yaxshi bilar, yana oʻqish ishtiyoqida edi. Shu boisdan bir necha yil Rossiyaning Leningrad shahridagi oʻquv yurtlaridan birida taʼlim oldi. U yerda oʻqish bilan bir qatorda chet el klassiklarining asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilishni ham unutmadi. Korney Chukovskiy, Agniya Barto, Maykl Rozen, Robert Luis Stivenson asarlarini oʻzbek tiliga oʻgirganligi diqqatni jalb etadi. Shoir yana oʻnlab xorijiy bolalar shoirlari va adiblarining sara asarlarini oʻzbek oʻquvchilariga taqdim etganligi maqtovga sazovordir. Ayniqsa Pushkin, Lermontov, Geyne va Mandelshtam sheʼrlari uning yuragiga olov qaladi. Va ulardan mahorat sirlarini oʻrganib, lirik satrlar tizdi.
Jimjima oʻrinlar pinjidan oldim,
Termulgan bemaʼno chirik koʻzlarni.
Va bedard yoʻlchining qoʻynida koʻrdim,
Zang bosgan nafsiga sherik soʻzlarni.
Oʻzbekiston jurnalistlar uyushmasi aʼzosi Nosir Toirovning taʼkidlashicha, Nurulloh Oston bolalar uchun “Sulton Jaloliddin. Shayx Kubro” tarixiy dostonini yozib, nashrga tayyorladi. Asar bolalarda kelajakka umid va ishonch uygʻotadi, ularni tarix zarvaraqlaridan xabardor qiladi, milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalaydi. Nurulloh Oston bolalar sheʼriyatida soʻz oʻyiniga, buyumlar bilan muloqotga alohida eʼtibor qaratadi. Bu sheʼrlar tasavvurga erk beradi, bola ongini maʼnaviy boyitishga, fikrlashga, oʻzini kuchli his qilishiga, ulgʻayishiga xizmat qiladi. U faqatgina oʻyinchoqlar, tabiat, odamlar dunyosini ochish bilan cheklanib qolmaydi, ularning mitti qalbiga oʻz sheʼrlari orqali axloqiy gʻoyalarni singdiradi. Uning keskin va shaddod, oʻyinqaroq sheʼrlari bolalarni ijod erkinligiga, quvonch va shodlikka undaydi. Shoir ijodida “Hurvatan” nomli toʻplami alohida oʻrin tutadi. Vatan qismati, butun boshli xalq qismati, shoir ana shu qismat zalvorini har bir soʻzda his qiladi.
Nurulla Ostonning talabalik yillaridagi xotiralar haqida yaqin doʻsti, kursdoshlaridan biri, bugungi kunda adib Jumaqul Qurbonov alohida taʼkidlab oʻtadiki, talabalik yillarimda shoir doʻstlarim Ochil Tohir, Nurulla Oston, Jamol Sirojiddin, Asror Nurboyevlar bilan bir ijarada birga turardik. Darsdan boʻsh paytlarda men hikoyalarimni, shoirlar esa sheʼrlarini koʻtarib, tahririyatlar eshiklarini taqillatib chiqardik. Biron gazeta yo jurnalda bir mashqimiz bosilib chiqsa, koʻchamizda bayram boʻlib ketardi. Lekin bunday hol oyda-yilda bir martagina boʻlardi, xolos.
–Bosmasa bosmasin, – figʻoni falakka chiqib, qalingina sheʼr daftarini stolga qarsillatib urardi Nurulla. – Endi redaksiyasiga qadamimni ham bosmayman! Gazeta oʻzingniki boʻlmasa, biron narsang ham chiqmas ekan!
–Ana endi oʻzingga kelayapsan, shoir, – dedi gapga qoʻshilmay, chetda kitob oʻqib turgan Asror. – Kel, oʻzimiz gazeta chiqaramiz. Shunda har sonda sening sheʼring bilan Jumaqulning hikoyasi bosiladi...
Shu-shu ijaraxonamizning devoriy gazetasi tashkil qilindi. Har oʻn-oʻn besh kunda yangilanib turadigan bu gazetaning har sonida Nurullaning sheʼri bosilib tursa-da, baribir uning koʻngli toʻlmasdi.” Nimaga hikoyang buncha uzun?! Gazetaning yarmini egallab olibdi! deb menga tashlanib qolsa, “Sheʼrni ham achchiq ichakday choʻzibsan, qara, uchta sheʼrim sigʻmay qoldi” deb Ochil bilan gʻijillashardi.
Bu bolalik, talabalik xotiralari bugungi kunda taniqli ijodkorlar-Nurulla Oston, Ochil Tohir va Jumaqul Qurbonovning xarakteriga xos xususiyatlarni anglab olishimizga koʻmakka keladi.
U oʻzbek sheʼriyatiga Nazar Shukur, Chori Avaz, Jamol Sirojiddin, Yahyo Togʻa, Gʻulom Fathiddin, Chorsham singari isteʼdodli shoirlar bilan bir vaqtda kirib keldi. Bu avlod vakillarining aksariyati sheʼrdek muqaddas neʼmatga yangicha yondashdilar. Butunlay oʻzgacha ovoz bilan kuylay boshladilar. Eng asosiysi, ular poeziya atmosferasiga yangicha nafas olib kirgani eʼtiboringizni jalb etadi.
Yillar qayga oqar qaygʻulim,
Tun bagʻrida vujudim sim-sim.
Oʻrik guli yongan kechada
Seni izlab bogʻlarni kezdim.
Muallif rus tilida yozilgan ayrim asarlarni oʻzbek tiliga tarjima qilganligi diqqatingizni jalb etadi. Shoir ana shu yoʻl bilan jahon klassik adiblarining bolalar uchun yaratgan asarlarini ham oʻzbek oʻquvchisining maʼnaviy mulkiga aylantirgan.
Nurulloh Oston taniqli shoir va tarjimon boʻlish bilan bir qatorda jamoat ishlarida ham faol.U bir necha yillar Samarqand viloyat partiya qoʻmitasida matbuot boʻyicha sektoriga rahbarlik qildi. Keyin Oʻzbekiston televideniyesining Samarqand viloyati boʻyicha muxbiri vazifasini ham ado etdi.” Samarqand” gazetasining talabchan bosh muharriri sifatida faoliyat koʻrsatdi. Soʻng Oʻzbekiston Milliy axborot agentligida, “Oʻzbekiston ovozi” gazetasi tahririyatida ishladi.Keyingi yillarda esa “Xalq soʻzi” gazetasi maʼnaviyat boʻlimining mudiri sifatida ancha faol.Taniqli shoir turli mavzularni koʻtarib chiqqani uchun minglab gazetxonlarning hurmat va eʼtiborini qozongan. Hamkasblaridan atoqli shoir Oʻtkir Rahmat,Shuhrat Jabborov va boshqalar bilan maslahatlashgan holda maʼnaviyatga, har xil mavzularga doir qiziqarli va mazmunli materiallar eʼlon qilayotir.
U oʻz ijodi haqida quyidagilarni aytdi.
– Hech kimni tan olmay yurganimda bolalar shoiri Tursunboy Adashboyev “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi orqali men haqimda maqola yozib, qayerdaligimni surishtirgan. Keyin bilsam, u kishi mening bolalar uchun yozgan sheʼrlarimni toʻplab, “Sharq” nashriyotiga kitob qilib chiqarish uchun bergan ekan. Mening maʼnaviy ustozim esa Hakim Nazir deb hisoblayman. Sababi, 1991-yilda Yozuvchilar uyushmasi aʼzoligiga qabul qilinayotganimda uyushma raisi Odil Yoqubov komissiya aʼzolariga qarab: qani kimda Nurulloh Ostonovga savol bor, deb soʻraganida atoqli adib Hakim Nazir oʻrnidan turib shunday degan: “Men bu bolani tanimayman, birinchi koʻrishim. Lekin ism-familiyasini aytishganidan keyin esimga keldi: uning bolalar uchun yozgan sheʼrlarini oʻqiganman, menga juda maʼqul boʻlgan” dedi. Shundan keyin meni Yozuvchilar uyushmasi aʼzoligiga qabul qilishgan.
Taniqli adib Nurulloh Ostonning yoniq soʻzi bolalarga atalgan sheʼrlarida, turli janrlardagi yuzlab asarlarida hamisha balqib turadi.
Jovli Xushboqov, OʻzA muxbiri
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring