Nukusning bugungi jamoliga koʻz toʻymaydi

19:48 12 Iyun 2023 Jamiyat
790 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Nukus shahriga janub tomondan kiraverishda qurilgan yangi koʻprik avtomobil harakatini tartibga solish, tirbandliklarni bartaraf etish bilan birga shaharning ramziy darvozasiga aylangan. Zamonaviy infratuzilma asosida barpo etilgan ushbu koʻprik gʻarb-u sharqni bir-biriga bogʻlovchi “Gʻuzor—Buxoro—Nukus—Beynov” xalqaro avtomagistralining 652 kilometrida joylashgan.

Buning qarangki, shu koʻprik ustidan koʻp bora avtotransportda oʻtarkanmiz-u, ustida turib atrofga razm solib koʻrmagan ekanman. Bugun tahririyatimiz fotomuxbiri Hasan Poydoyev bilan birga koʻprik ustiga chiqdim. Atrofga qarab, bolaligimizda sevib tomosha qiladigan multfilmdagi “ ... naqadar chiroyli, ayniqsa yuqoridan qaraganda” iborasi beixtiyor yodimga keldi.

Koʻprikka tutash xalqa yoʻllar orasidagi maydonlarda yashil qoplamalar barpo etilgan. Ayniqsa, noanʼanaviy usulda ekilgan daraxt koʻchatlari hamrohimni eʼtiborini tortdi. Gap shundagi, oʻtgan yili Nukus atrofidagi mana shu kabi katta yoʻl boʻylariga “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ignabargli daraxt koʻchatlari ekilgan edi. Eʼtiborlisi, ushbu koʻchatlar yuqoridan qaraganda qoraqalpoq xalqining tarixi va milliy naqshlari shaklida ekilgan boʻlib, “Qora uy” (oʻtov), qoraqalpoq milliy naqshlari va palma daraxti koʻrinishlarini aks ettiradi. Bugungi kunda yashillikka burkanib oʻsayotgan ushbu koʻchatlar oʻziga xos chiroy berib, shaharga tashrif buyurgan mehmonlar eʼtiborini tortmoqda...

Koʻprikdagi piyodalar uchun ajratilgan maxsus joyda turib avtomashinalarni kuzatarkanmiz, yangi oʻrilgan bugʻdoy hosili ortilgan katta yuk mashinasi shaharga kirib kelayotganiga koʻzimiz tushdi.

—Xalqimizning, rizq-nasibasida, — dedi hamrohim. Ha, Nukusga baraka kirayotgani rost boʻlsin. Hamrohim bilan bugʻdoy toʻla mashinani barakaga, uning ortidan qurilish materiallari ortilgan mashinani yangi bunyodkorlik inshootlariga tamal toshi qoʻyilishiga ishora, deya Nukus shahriga kirdik.

Nafaqat Qoraqalpogʻistonning balki, Oʻzbekistonning eng asosiy madaniyat muassasalaridan biri boʻlgan, “Sahrodagi Luvr” nomi bilan mashhur boʻlgan muzey ham Nukus shahrida joylashgan. I.V. Saviskiy nomidagi Qoraqalpogʻiston davlat sanʼat muzeyi 1966-yilda tashkil topgan va 1984-yildan Saviskiy nomi bilan ataladi.

Muzey yonida 2018-yilda balandligi 55 metr keladigan, yonma-yon joylashgan flagshtoklar oʻrnatilib, Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston davlat bayroqlari hilpiray boshlagan edi. Maʼlumotlarga koʻra mazkur bayroqlar oʻlchami 12 metrga 24 metrni tashkil qiladi.

Nukus shahar markazida 2017-yil qurilib foydalanishga topshirilgan Ibroyim Yusupov nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktab-internatining tashqi koʻrinishi oʻziga xos yangicha qiyofada taʼmirlanibdi. Maktab oldida Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq shoiri Ibroyim Yusupov haykali oʻrnatilgan. Shoir nomiga ana shunday taʼlim va ijod maskanining tashkil etilishi ulugʻ shoir xotirasiga, u orqali qoraqalpoq adabiyoti va xalqiga alohida ehtiromni namoyon etadi. Ibroyim Yusupov haqiqatan ham xalqimizning yuksak ehtiromiga sazovor boʻlgan shoir, jamoat arbobi edi. Ushbu ulugʻ inson haqida turkiy xalqlarning eng ulugʻ ijodkorlari quyidagi fikrlarini bildirishgan.

Qirgʻizistonning buyuk adibi Chingiz Aytmatov Ibroyim Yusupovning ijodini shunday baholagan edi: “Men qoraqalpoq xalqini va uning buyuk oʻgʻloni Ibroyim Yusupovni sevaman. Sheʼriyat juda murakkab narsa. Uni qaysi tilda yozilgan boʻlsa, oʻsha tilda his etish kerak. Men Ibroyim Yusupov sheʼrlarining tarjimalarini oʻqiyman. Bu insonning sheʼrlari hatto tarjimada ham hayratga soladi va zavqlantiradi. Afsuski, ularni asliyatda oʻqiy olmayman...Agar Ibroyim Yusupov oʻz omadini nasrda sinab koʻrsa, bu inson nimalarga qodirligini Tangrigina bilgan boʻlardi. Agar qachonlardir u bunga azm qilsa, buyuk daholar Ernest Xeminguey va Robindranat Tagor kabi yuksaklarga parvoz qila olardi”.

Boshqa atoqli adiblar ham Ibroyim Yusupovning ijodini juda yuqori baholashgan. Dogʻistonlik mashhur Rasul Hamzatov uni “qalblarni davolovchi shoir”, Qaysin Quliyev “Navoiy va Mahtumquli bilan bir qatorda turk tilli xalqlar sheʼriyatining bashoratchisi” sifatida eʼtirof etgan.

Nukus shahrini kezar ekanmiz, yaqin yillarda yangidan barpo qilingan 16 qavatli zamonaviy turarjoylar, yangi imoratlar boʻy tiklaganini koʻrdik. Odamlar yuz-koʻzida ham yuqori kayfiyatni ilgʻadik. Bir soʻz bilan aytganda, koʻz oʻngimizda Nukus jamoliga boqib koʻz toʻymaydi. U kun sayin ochilib bormoqda.

Gʻ.Otajonov,

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?