Nukus tumanida samarqandlik tadbirkorlar yangi korxona ochdi
Foto: «Халқ сўзи»
Nukus tumanidagi «Qirantaoʻ» ovul fuqarolar yigʻinida yangi tikuvchilik korxonasi qurilib, foydalanishga topshirildi.
Korxonaning tantanali ochilish marosimida soʻz olganlar Prezidentimiz tashabbusi bilan Orolboʻyi aholisining turmush darajasini yaxshilash, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy kompleks rivojlantirish maqsadida Nukus tumaniga Samarqand viloyati biriktirilgani va bu boradagi ishlar natijasida yangi tadbirkorlik subyektlari bunyod etilayotganini, qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratilayotganini taʼkidladilar.
Samarqandlik tadbirkorlarning yangi ish oʻrinlarini yaratishga qaratilgan loyihalaridan biri «Qirantaoʻ» OFY hududida “Aqmangʼit kamalak invest” MCHJ tomonidan tikuvchilik mahsulotlarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish edi. Umumiy qiymati 5,4 mlrd. soʻmlik mazkur loyiha amalga oshirilishi natijasida yuz ish oʻrinli, zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan korxona bunyod etildi.
— Korxonaga ishga qabul qilingan mahalliy ishchilarni oʻqitish va tajribalarini oshirish maqsadida Turkiyadan tajribali mutaxassislar jalb etildi, — deydi mohir chevar Alima Mambetnazarova. — Negaki, kelgusida tikuvchi qizlarimiz ishlab chiqargan mahsulotlar ichki bozorni taʼminlash bilan birga eksportga yoʻnaltirilishi ham nazarda tutilgan. Oʻzim Nukus tumanidagi Shurtanbay kasb-hunar kollejida aynan tikuvchilik yoʻnalishida yoshlarga saboq berganman hamda bu borada ancha yil ishlab tajriba oshirganman. Hozirda ushbu korxonaga yangi ishga qabul qilingan xotin-qizlarga tikuvchilikni oʻrgatmoqdaman.
Maʼlumotlarga koʻra, 2022-2023-yillarda Samarqand viloyati tadbirkorlari tomonidan Nukus tumanida umumiy bahosi 513,1 milliard soʻmlik 34 loyiha roʻyobga chiqarilishi rejalashtirilgan. Buning samarasida 2 mingdan oshiq ish oʻrinlari vujudga keladi. Bunda, eng avvalo, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar bandligini taʼminlashga eʼtibor qaratiladi.
Gʻ.Otajonov, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring