Nukus davlat pedagogika institutida ijodiy imtihonlar boshlandi

19:06 01 Avgust 2022 Jamiyat
786 0

Foto: Халқ сўзи

Bugun, yaʼni 1-avgust kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida 2022-2023-oʻquv yiliga bakalavriatning alohida iqtidor talab qilinadigan taʼlim yoʻnalishlariga qabul uchun oʻtkaziladigan kasbiy (ijodiy) imtihonlar boshlandi.

Imtihonlarning belgilangan talablar asosida shaffof, adolatli hamda oshkora oʻtishi jamoat tashkilotlari, siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari, shu bilan birga, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligidan biriktirilgan vakillar tomonidan nazorat qilinmoqda.

Imtihonlar Internet tarmogʻi orqali ota-onalar va keng jamoatchilik vakillariga toʻgʻridan-toʻgʻri olib koʻrsatilmoqda.

Abituriyentlarning bilim va koʻnikmalarini baholash uchun Oʻzbekistonning turli joylaridan tajribali professorlar va mutaxassislar jalb qilingan boʻlib, ular tomonidan har bir abituriyentning tayyorgarligi odilona baholanib, toʻplagan ballari oʻsha vaqtning oʻzida maʼlum qilinmoqda.

— Bugun nabira qizim institutning musiqa taʼlimi yoʻnalishiga ijodiy imtihon topshirdi, — deydi Qoʻngʻirot tumanidan kelgan nuroniy Seytnazar Qudaynazarov. — Uning kichkinaligidan shu sohaga boʻlgan qiziqishini koʻrib, qoʻllab-quvvatlashga harakat qildik. Mana, bugun institutga kelib, bu yerdagi yaratilgan sharoitlardan koʻnglim toʻldi. Imtihon jarayonlari qanday oʻtganini maxsus oʻrnatilgan monitorda toʻgʻridan-toʻgʻri kuzatdik.

— Imtihonga yaxshi tayyorgarlik koʻrdim, — deydi qonlikoʻllik abituriyent Tazabay Ajibayev. — Cholgʻu ijrochiligi, musiqa nazariyasi va xonandalik mahorati boʻyicha ustozlarimdan oʻrgangan bilim va koʻnikmalarimni koʻrsatishga harakat qildim. Imtihonlar adolatli oʻtmoqda, deb hisoblayman. Chunki oʻz tayyorgarligimga mos yaxshi baho oldim.

Eslatib oʻtamiz, Nukus davlat pedagogika institutida bakalavriatning musiqa taʼlimi yoʻnalishiga imtihonlar 1-avgustdan, jismoniy madaniyat taʼlim yoʻnalishiga 2-avgustdan, tasviriy sanʼat va muhandislik grafikasi taʼlim yoʻnalishiga esa kasbiy (ijodiy) imtihonlar 3-avgustdan boshlanishi belgilangan va imtihonlar joriy yil 9-avgustgacha davom etadi.

Gʻ.Otajonov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?