Notoʻgʻri axborotlar tarqatmang — Prezident matbuot kotibi jurnalistlarni Afgʻonistondagi vaziyat boʻyicha spekulyatsiyaga yoʻl qoʻymaslikka chaqirdi

17:33 16 Avgust 2021 Siyosat
1134 0

16-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmatining navbatdagi brifingi boʻlib oʻtdi.

Unda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ommaviy axborot vositalarida Afgʻonistondagi vaziyatning yoritilishiga ham toʻxtalib oʻtdi.

Matbuot kotibi Markaziy Osiyo va qoʻshni Afgʻonistonda vaziyat tez surʼatlarda oʻzgarayotganini, jurnalistlarga bu borada oʻzlarini qiziqtirayotgan barcha savollarni yozma joʻnatishni, ularga batafsil yozma javob qaytarilishini maʼlum qildi. Shundan soʻng ushbu mavzu boʻyicha Oʻzbekiston Prezidenti bilan bogʻliq maʼlumotlarni havola etdi.

Maʼlumki, 15-avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Suhbatda Afgʻonistonda yuzaga kelayotgan vaziyat boʻyicha ham fikr almashildi. Ikki mamlakat idoralari oʻrtasida mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan yaqin aloqalar va hamkorlikni davom ettirish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Brifingda mazkur muloqot tafsilotlari yana bir bor maʼlum qilindi.

– Shu oʻrinda jurnalistlarga qarata aytmoqchiman: albatta, Afgʻonistondagi vaziyat hammaning diqqat-eʼtiborida, hamma uni yoritishga harakat qilayapti. Lekin bu mavzuda spekulyatsiyaga yoʻl qoʻymaslikka, ishonchsiz manbalardagi gaplarni tarqatmaslikka chaqiraman.

Mana, kecha Tashqi ishlar vazirligi Afgʻoniston – Oʻzbekiston chegarasidagi vaziyat haqida rasmiy bayonot berdi. Bundan keyin ham oʻz vaqtida axborot berib boradi. Ilgari bunday vaziyatlarda rasmiy idoralar xalqimizga tegishli maʼlumotni yetkazib bermagan, bu birinchi marta. Biz jurnalistlar va vatandoshlarimizga maʼlumotlar oʻz vaqtida yetkazilishini taʼminlaymiz. Sizdan iltimos, turli feyklarga ishonib notoʻgʻri axborotlarni tarqatmang, – dedi Sherzod Asadov.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер