“Notcoin” uchun Oʻzbekiston qonunchiligi «bir tiyin»mi?

Illyustrativ foto
“Notcoin” va shunga oʻxshash kripto-aktivlar mamlakatimiz hududida juda ommalashib ketdi. Hozir bunga aloqasi yoʻq odamni kamdan kam uchratishingiz mumkin. Oson pul topish, uni savdoga chiqarish va sotib olish… Umuman olganda nimaki jamiyatda trend darajaga chiqar ekan, unga oid jinoyatlar va firibgarliklar ham paydo boʻla boshlaydi.
Maqolamiz kripto-aktivlarning sharʼiy fatvosi yoki uning qiymati, iqtisodiy asoslari haqida emas, bu mamlakat suvereniteti va qonunlarning boshqalar tomonidan qanday qabul qilayotgani haqida. Umuman olganda bu Oʻzbekistonning unitarligini tan olish haqida boʻladi.
“X” platformasidagi (sobiq Twitter) “Web3_vibes” akkaunti oʻz postida “Oʻzbekistonda talaba “Notcoin” sotganligi uchun hibsga olindi. Sud, shuningdek, uning “Galaxy A30” telefoni va bank kartasini yoʻq qilish haqida qaror chiqardi”, deb yozdi. Bunga esa “Notcoin” akkaunti (unda tashkilotlar uchun beriladigan oltin rangli tasdiqlash belgisi mavjud) “Uni qanday topsak boʻladi? Biz unga yangi «Iphone” sovgʻa qilishga tayyormiz», deb izoh qoldirdi. Bu esa fitnaning boshlanishiga sababdir.
Shu joyda birinchi navbatda hibsga olingan talaba haqidagi xabarni joylagan “Web3_vibes” akkaunti qoʻygan rasmning sunʼiy intellektda yasalganiga eʼtibor berishimiz zarur. Buni esa koʻpgina foydalanuvchilar haqiqiy, deb hisoblab, oddiy ish uchun qoʻllarini qayirib olib ketilayotgan talabaga achinishlarini bildirgan.
Keling, “Iphone” mavzusiga oʻtsak. Masala kunday ravshan: mazlum shaxs va unga achingan “saxovatpesha”. “Notcoin” katta ehtimol bilan ushbu kriptoning rasmiy sahifalaridan biri va u Oʻzbekiston qonunchiligini amalda buzgan shaxsni ragʻbatlantirmoqchi. Yaʼni, u qonun buzuvchini ragʻbatlantirmoqda.
Siz bir talaba yigitga qimmatbaho smartfon sovgʻa qilsa, nimasi yomon, deb oʻylashingiz mumkin. Ammo tushunishingiz kerak boʻlgan narsa bu huquqsizlikning targʻiboti boʻlib qolishidir. Yaʼni bu yerdagi asosiy masala — ushbu “sovgʻa” boshqalarni ham ilhomlantirib yuborishidir. “Notcoin”ning “Iphone” sovgʻa qilmoqchi ekanligi haqidagi posti tarmoqda 359 marotaba “Repost”, 190 ming koʻrilish, 440 ta sharh, 4 mingga yaqin “Like” yigʻdi. Bu juda katta raqam boʻlmasa-da, yetarli darajada trendga chiqdi, deyish mumkin.
Izohlarni oʻqir ekansiz, “Menga ham bersanglar, oʻtirib chiqardim”, “Qanday zoʻr yechim”, «Eng toʻgʻri motivatsiya», «Bundan yaxshisi boʻlmaydi», «Talaba oʻzining «Samsung»ini almashtirib oladigan boʻldi» kabi 400ga yaqini oʻqiysiz.
Qamalgan talabaning manzilini boʻlishganlar ham bor. Kripto-tangani sotganlik uchun bunday jazoni “mantiqsiz” deb ataganlar ham yoʻq emas. Xoʻsh, qaysidir ish davlat qonunchiligida taqiqlanmagani boshqalarda ham taqiqlanmasligini anglatadimi?
Gʻalati, lekin boʻysunish shart...
Keling, bir nechta “gʻalati” tuyiladigan qonunlarni koʻrib chiqamiz. Masalan, Singapurda saqichlarni mamlakatga olib kirish va sotish noqonuniy hisoblanadi. Davlat sizni oddiygina saqich sotganligingiz uchun ham qamab qoʻyishi mumkin. Ammo u davlatda kripto sotish mumkin.
Yana bir misol: Shveysariyada koʻp qavatli uylarda soat 22:00 dan keyin hojatxonangizning suvini bosolmaysiz. Yaʼni siz hojatdan chiqib, uni tozalash uchun unitazning tugmachasini bosishingiz yozib qoʻyilgan qoida bilan taqiqlangan. Ushbu qonun tungi soatlarda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlashga qaratilgan kengroq shovqin nazorati qoidalarining bir qismidir. Agarda qoidani buzsangiz, ogohlantirish, jarima va hatto sizni koʻchirib yuborishgacha borishlari mumkin.
Yaponiyada 40 yoshdan 74 yoshgacha boʻlgan odamlar uchun belni oʻlchashni talab qiladigan “Metabo qonuni” mavjud. Tasavvur qiling, ish beruvchi sizni belingizning kattaligi sababli sizni ishdan boʻshatib yuborishi mumkin va bu mutlaqo qonunga zid hisoblanmaydi.
Viktoriya (Avstraliya) shahrida faqat litsenziyaga ega elektr ustalariga lampochkalarni almashtirishga qonuniy ruxsat berilgan. Ha, siz oʻzingiz uyingizning chiroqlari kuyganda almashtira olmaysiz. Kulgilimi? Bu holatni kimdir koʻrib qolsa, sizni bemalol sudga berishi mumkin. Va hech qaysi ishlab chiqaruvchi yoki tadbirkor kelib, jarima toʻlagan yoki javobgarlikka tortilgan shaxsga yangi chiroq sovgʻa qilmaydi. Qonun bormi, boshqa gapga hojat yoʻq. Agarda almashtirayotganda birorta baxtsiz hodisa boʻlsa, sud oʻzingizni aybdor, deb topadi va kattagina jarimani boʻyningizga ilib qoʻyishi mumkin.
Qonunga hurmat barchaga barobar boʻlishi kerak
“Telegram” asoschisi Pavel Durovning shu kunlarda Oʻzbekistonga safari kutilmoqda. U ham termizlik talabaning holidan xabar olishni maqsad qilib qoʻygani aytilyapti. Qaysidir boshqa davlat fuqarosi (Durovda Fransiya, Rossiya va yana bir nechta mamlakat fuqaroligi bor – tahrir) mustaqil davlat hududida mamlakatda oʻrnatilgan tartiblarni buzgan fuqaroni koʻrib, unga dalda berishni niyat qilgan.
2023-yilda yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizni qabul qildik. Bosh qomusimizning 15-moddasida “Oʻzbekiston Respublikasida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi soʻzsiz tan olinadi. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, toʻgʻridan toʻgʻri amal qiladi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etadi”, deb yozilgan. Demakki, respublikamiz hududida unda oʻrnatilgan qonun qoidalar amal qiladi. Kimdir bizning davlat hududidagi sud tomonidan aybdor, deb topilgan shaxsni qoʻllab-quvvatlashini esa davlatni mensimaslikdan boshqa narsa emas.
Prezident tomonidan 2024-yilning 19-yanvar kuni imzolangan “Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni bilan bir qator qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi natijasida kripto-aktivlarni qonunga xilof ravishda olganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilangandi.
Unga koʻra, kripto-aktivlarni qonunga xilof ravishda olish, oʻtkazish yoki ayirboshlash, litsenziya olmasdan kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini amalga oshirish 15 sutkagacha maʼmuriy qamoqqa olishga yoki maʼmuriy qamoq qoʻllanilishi mumkin boʻlmagan shaxslarga BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Bunda kripto-aktivlarni hamda mazkur huquqbuzarliklarni sodir etish qurollari musodara qilinadi.
Talab yigit bilan boʻlgan voqea esa qonun boʻyicha baholangan va bu mamlakatda tan olinadigan hujjat bilan koʻrsatib oʻtilgan. Endi kimdir uchinchi tomon shunchaki davlat qonunchiligiga zid harakatni ragʻbatlantirishni oʻzining “burchi” sifatida koʻrmoqda.
Bunday bayonotlar huquqiy tizimga hurmatning yemirilishiga sabab boʻlishi mumkin. Shaxslar qonunlarga ochiqchasiga qarshi chiqsalar va buning uchun ragʻbatlantirilsa, undan foyda olish yoʻlini topsa, huquqiy normalarni eʼtiborsiz qoldirish mumkin deb, hisoblay boshlaydilar. Bu jamiyat tartibining buzilishiga olib kelishi mumkin, chunki odamlar umumiy manfaatni emas, balki shaxsiy manfaatlar asosida qaysi qonunlarga amal qilishni tanlashni boshlashlari mumkin.
Qolaversa, davlat qonunlariga zid boʻlgan ragʻbatlantiruvchi xatti-harakatlar insonlar va butun jamiyat uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Koʻpincha moliyaviy xatarlar va potensial firibgarlik bilan bogʻliq boʻlgan kriptovalyuta savdosida bunday faoliyatni ilgari surish shubhasiz shaxslar uchun moliyaviy yoʻqotishlarga olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, u pul yuvish va soliq toʻlashdan boʻyin tovlash kabi noqonuniy faoliyat uchun zamin yaratishi mumkin.
Bunday bayonotlarning yana bir salbiy jihati mamlakat obroʻsi va iqtisodiy barqarorligiga putur yetkazishidir. Qonunlarni ochiqdan-ochiq buzish va taqiqlangan faoliyatni targʻib qilish orqali shaxslar va tashkilotlar xalqaro hamjamiyat oldida mamlakat obroʻsiga putur yetkazish xavfini tugʻdiradi.
Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, hukumat sohani tartibga soluvchi qoidalarni ishlab chiqmaguncha, amaldagi qonun kuchda ekan, uchinchi tomonning huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarni ragʻbatlantirishi mamlakatda yaxshi oqibatlarga olib kelmaydi.
Sanjar SHOMURODOV, (“Xalq soʻzi”)
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring