Notariuslar AQSHda vatandoshlarimiz bilan uchrashuvlar oʻtkazmoqda
Ayni kunlarda Oʻzbekiston Notarial palatasi raisi Dilshod Ashurov boshchiligidagi delegatsiya xizmat safari bilan Amerika Qoʻshma Shtatlarida boʻlib turibdi.
Tashrif Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi hamda Oʻzbekistonning AQSHdagi diplomatik vakolatxonasi hamkorligida tashkil etildi.
Safardan koʻzlangan asosiy maqsad — AQSHda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan bevosita muloqot oʻtkazish, ularni notariat sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, zamonaviy xizmatlar va yaratilgan yangi imkoniyatlar bilan tanishtirishdan iborat.
23-24-fevral kunlari notariuslarimiz ishtirokida Nyu-York va Filadelfiya shaharlarida ochiq muloqotlar oʻtkazilgan edi.
Navbatdagi uchrashuv 25-fevral kuni Vashington shahrida boʻlib oʻtdi. Unda nafaqat Vashingtonda, balki Kanadada yashovchi yurtdoshlar ham videokonferensiya orqali onlayn tarzda ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida ishtirokchilarga notariat sohasidagi soʻnggi islohotlar va yangiliklar yuzasidan batafsil maʼlumotlar taqdim etildi. Ayniqsa, notarial harakatlarni masofadan turib, onlayn videokonferensiya orqali amalga oshirish imkoniyati vatandoshlarda katta qiziqish uygʻotdi. Mazkur yangilik vaqt va ortiqcha xarajatlarni tejash, shuningdek, muhim masalalarni tezkor hal etishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Shuningdek, ishonchnomalar rasmiylashtirish, turli rozilik arizalari, meros masalalari, AQSHda rasmiylashtirilgan hujjatlarning Oʻzbekistonda tan olinishiga doir savollarga mutaxassislar tomonidan huquqiy tushuntirishlar berildi.
Uchrashuv yakunida vatandoshlar yaratilgan imkoniyat va qulayliklar uchun Oʻzbekiston rahbariyati, adliya va notariat sohasi vakillariga oʻz minnatdorchiligini bildirdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nodirbek Abdusattorov Pragadagi shaxmat festivalida chempionlikni qoʻlga kiritdi
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Prix Versailles talqiniga koʻra 2026-yilning dunyodagi eng goʻzal muzeylari roʻyxatiga kiritildi
- Matchanov Umirzak Seitjanovichning iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi eʼloni
- Endilikda yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini mobil ilova orqali elektron shaklda topshirish mumkin
- Yaqin Sharqdagi keskinlikning narxi: AQSH, Isroil hamda Eron urush uchun qancha sarflayapti?
- Eronning hujum salohiyati 50 foizga qisqardi – AQSH senatori
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring