Nol qiymatining bir necha nollik samarasi

14:53 02 Dekabr 2021 Jamiyat
539 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Prezidentimizning 2018-yil 5-iyundagi “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi faoliyatini kengaytirish va Navoiy viloyatida kichik sanoat zonalarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi  qaroriga koʻra Navoiy erkin iqtisodiy zonasi hududida faoliyatini boshlagan tadbirkorlar va investorlar uchun soliq va bojxona toʻlovlaridan ozod boʻlishdek bir  qator imtiyozlar joriy etilgan edi. Koʻzlangan maqsad kunday ravshan -  davlat mulki boʻlgan obyektlar va ishlab chiqarish maydonlaridan samarali foydalanish orqali ishlab chiqarish koʻlamini kengaytirish, raqobatbardosh, import oʻrnini bosuvchi , eksportbop mahsulotlar tayyorlash hajmini oshirish va, albatta, yangi  ish oʻrinlari yaratishdan iboratdir.    Mazkur qaror ijrosi doirasida  Navoiy erkin iqtisodiy zonasi hududidan “Zarafshon Golden Group” kompaniyasiga investitsiya majburiyatlarini bajarish sharti bilan 5,5 gektar yer maydoni bino va inshootlari bilan nol qiymatida ajratib berildi.

– Kompaniyamiz oʻz investitsiya  majburiyatlari asosida  19 million AQSH dollari miqdoridagi 2 ta yirik loyihani amalga oshirdi,– deydi korxona direktori Zayniddin Razzoqov. –  Birinchisi Ispaniya davlatidan keltirilgan texnologiya asosida temir-beton mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi boʻlsa, ikkinchisi  Xitoy texnologiyasi asosida avtoklavli gazobeton mahsulotlari tayyorlanadigan zavoddir. Har ikkala loyiha ham toʻliq avtomatlashtirilgan texnologiyalarga tayangan  boʻlib, 250 ish oʻrni yaratildi.

Ushbu loyihalarning iqtisodiy samaradorligiga toʻxtaladigan boʻlsak,  birinchi loyiha oʻzining 70 turdagi temir-beton mahsulotlari bilan  bir qator qurilish materiallari importini kamaytirgan boʻlsa, ikkinchi loyiha  gʻishtga nisbatan toʻrt baravar yengilligi hamda pishiqligi bilan qurilishlarda vaqtdan yutish imkonini yaratdi.

Nol, agar oldida boshqa natural raqam boʻlmasa, hech qanday ahamiyatga ega emas. Bizning misolimizda esa nol qiymatda berilgan imkoniyat amalda bir necha nollik raqamlardan iborat yuqori daromadlarni keltirishi shubhasiz.  

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?