Nodirbek Abdusattorov hindistonlik shaxmatchiga yutqazib qoʻydi
Shu kunlarda Ruminiya poytaxti Buxarest shahrida klassik shaxmat boʻyicha nufuzli turnir — “Superbet Chess Classic Romania” boʻlib oʻtmoqda. Ushbu musobaqa “Grand Chess Tour 2025” tasnifiga kiritilgan va uning umumiy mukofot jamgʻarmasi 350 ming AQSH dollarini tashkil qiladi.
Turnir gʻolibi 100 ming AQSH dollarlik bosh sovrinni qoʻlga kiritadi. Musobaqada dunyoning eng kuchli grossmeysterlari ishtirok etmoqda. Ular qatorida hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov ham ishtirok etyapti.
Abdusattorov turnirning dastlabki ikki turida kuchli raqiblarga qarshi durang natijalarini qayd etdi. Birinchi turda u amerikalik tajribali shaxmatchi Levon Aronyan, ikkinchi turda esa amaldagi jahon chempioni, hindistonlik Gukesh Dommaradju bilan dona almashdi. Ammo uchinchi turda hamyurtimiz qora donalarda yana bir hind shaxmatchisi — Rameshbabu Praggnanandhaga qarshi oʻyinda magʻlubiyatga uchradi.
Uchinchi turda umumiy hisobda 5 ta partiya oʻtkazildi. Ularning uchtasida durang natijalari qayd etildi. Fransuz grossmeysteri Alireza Firuzdja amerikalik Fabiano Karuanaga qarshi partiyada magʻlubiyatga uchradi. Shu turda jahon chempioni Gukesh rumin shaxmatchisi Bogdan-Daniel Dik bilan durangga rozi boʻldi.
Qolgan ikki partiya — Uesli So (AQSH) va Yan-Krishtoff Duda (Polsha) oʻrtasidagi, hamda Levon Aronyan va fransiyalik Maksim Vashye-Lagrav oʻrtasidagi uchrashuvlar ham musobaqaning teng kurashlar ruhida oʻtayotganini koʻrsatdi. Har ikki oʻyin durang natija bilan yakunlandi.
“Superbet Chess Classic Romania” turniri jahon shaxmat arenasida katta eʼtiborga sazovor boʻlgan musobaqalardan biri boʻlib, unda har bir oʻyin jahon reytinglariga taʼsir koʻrsatishi mumkin. Nodirbek Abdusattorov oldida hali bir necha turlar bor va uning keyingi partiyalarida yaxshiroq natijalar qayd etish imkoniyati mavjud. Hamyurtimizga keyingi turlarda omad tilaymiz.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring