Nodavlat futbol muassasalari uchun Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi aʼzosi boʻlishi talabi oʻrnatiladi

19:42 07 Aprel 2023 Hujjatlar
1274 0

“Ommaviy va professional futbolni har tomonlama rivojlantirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qaror bilan futbolni yanada ommalashtirish va rivojlantirishning qoʻshimcha yoʻnalishlari belgilandi.

Qarorga koʻra, har yili quyidagilar oʻtkaziladi:

— mart-iyun oylarida mahalla yoshlari hamda qizlari oʻrtasida “Ommaviy futbol” dasturi doirasida futbol festivallari;

— 10-dekabr – Butunjahon futbol kuni munosabati bilan aholi oʻrtasida ommaviy “fleshmob” tadbirlari;

— sentyabr-may oylarida umumiy oʻrta taʼlim maktablarida “Maktablarda futbol” dasturi doirasida futbol musobaqalari, mahorat saboqlari va festivallari;

— sentyabr-may oylarida OTMda “Talabalar ligasi” dasturi doirasida 3 bosqichli respublika futbol musobaqalari.

Shuningdek, Yoshlar siyosati va sport vazirligi tizimidagi futbol mahorat maktablari Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi tasarrufiga oʻtkazilib, futbol akademiyalari sifatida qayta tashkil etiladi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi huzurida futbol maktablari tashkil qilinadi.

2023-yil 1-iyuldan:

— nodavlat futbol muassasalari uchun Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi aʼzosi boʻlishi talabi oʻrnatiladi;

— Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan nodavlat futbol muassasalarining reytingi yuritiladi.

Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Oʻzbekiston futbolini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tashkil etiladi.

2023/2024 oʻquv yiligacha xalqaro tajriba asosida Oʻzbekistonda futbolchilarni tayyorlash modeli ishlab chiqiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?