NKMKda yangi metall eritish pechi ishga tushirildi
Navoiy mashinasozlik zavodi mamlakatimiz konchilik sanoatining “Navoiy kon metallurgi kombinati” AJ tarkibidagi korxonalaridan biri bo‘lib, nafaqat “NKMK” balki respublikamizning bir qator yirik sanoat quvvatlarida ishlab chiqarish barqarorligini ta’minlovchi korxonalardan biri hisoblanadi.
Bugungi kunda zavod syexlarida 14,7 ming turdagi mahalliylashtirilgan va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Ushbu jarayonda korxonaning Qo‘ymachilik syexi betakror ahamiyatga ega. Boisi mazkur syex faoliyatining barqarorligi NKMK ishlab chiqarish quvvatlarida ish uzluksizligini ta’minlabgina qolmay, yangi-yangi loyihalarga yo‘l ochmoqda. Shu sabab so‘nggi yillarda Navoiy kon-metallurgiya kombinati bo‘linmalarida foydalaniladigan sharli tegirmonlar va kon-shaxta uskunalari uchun Quymachilik syexida quyma mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish maqsadida keng qo‘lamli amaliy ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, joriy yil fevral oyida mazkur syexda 25 tonnalik yangi zamonaviy pech ishga tushirilib, ishlab chiqarish jarayonlariga moslashtirish tadbirlari olib borildi. Eng muhimi, ushbu pech uchun zarur qoliplash uskunasi bevosita zavodda tayyorlandi. 3 mln dollar evaziga qurilib foydalanishga topshirilgan yangi pech Quymachilik syexi ishlab chiqarish quvvatini 30 foizga oshirib, yiliga 40 ming tonnaga yetkazish bilan birga 53 ta yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini berdi.
Ishga tushirilgan pech zamonaviy texnologiyalarga asoslangan asbob-uskunalar bilan jihozlanganligi tufayli metall eritish sifati xalqaro andozalarga tenglashtirildi. Katta hajmdagi va og‘ir tegirmonlar, tog‘-kon texnikalari uchun ehtiyot qismlarning bir martada quyilishi natijasida ish unumdorligi oshishi ta’minlanmoqda. Barcha texnologik jarayonlar to‘liq avtomatlashtirilgan bo‘lib, inson omili metall eritishni kuzatib borishdagina ishtirok etadi.
“Syexning ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish ishlari davom ettirilayapti. Chunonchi, rangli quyma uchastkasida amaldagi 6 tonnalik metall eritish pechi texnologik jarayonlarni raqamlashtirish evaziga modernizasiya qilindi. Bugun ushbu modernizasiya qilingan pech ishga tushirilib, korxona endilikda po‘lat va cho‘yandan kichik hamda o‘rta o‘lchamdagi quymalarni ishlab chiqarish hajmi oshirish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ushbu loyihaning tatbiq etilishi qo‘shimcha 18 ta ish o‘rnini yaratish imkonini berdi”, deyiladi “NKMK” AJ Matbuot xizmati taqdim etgan ma’lumotda.
Pechni ishga tushirishga bag‘ishlangan tadbirda “NKMK” AJ rahbariyati, korxona ishchi-xodimlari va mehnat faxriylari ishtirok etdi.
Temur ESHBOЕV, “Xalq so‘zi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Yangilanayotgan Markaziy Osiyo: birlik, doʻstlik va hamkorlikning yangi bosqichi
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring