Niderlandiya maktablarida smartfonlarni taqiqlash taʼlim sifatini yaxshiladi

12:52 05 Iyul 2025 Dunyo
305 0

Niderlandiyada maktablarda smartfonlardan foydalanishga joriy etilgan taqiq oʻquvchilarning diqqatini oshirib, ijtimoiy muhitni yaxshilagan. Bu haqda mamlakat hukumati topshirigʻi asosida oʻtkazilgan tadqiqot natijalari maʼlum qilingan.

Eslatib oʻtamiz, 2024-yil yanvaridan boshlab Niderlandiyada maktablarda smartfonlardan foydalanishni cheklash tavsiya etilgan milliy qoʻllanma kuchga kirgandi. Aksariyat maktablar bu qoidalarga rioya qilmoqda: oʻrta maktablarning deyarli ikki uch qismida oʻquvchilardan telefonlarini uyda qoldirish yoki shkafchalarga joylashtirish soʻraladi, har beshta maktabdan birida esa dars boshlanishidan avval telefonlar yigʻib olinadi.

Tadqiqot doirasida 317 ta oʻrta maktab, 313 ta boshlangʻich maktab va 12 ta fokus-guruh — oʻqituvchilar, yordamchi pedagoglar, oʻquvchilar hamda ota-onalar ishtirokida soʻrov oʻtkazilgan. Natijalarga koʻra, oʻrta maktablarda oʻquvchilarning diqqatini jamlash osonlashgan (75 foiz), ijtimoiy muhit yaxshilangan (59 foiz), ayrim maktablarda esa baholar yaxshilangan (28 foiz).

Tadqiqotchi doktor Aleksandr Krepelning aytishicha, ayniqsa oʻquvchilar oʻrtasidagi muloqot va ijtimoiy xavfsizlik yaxshilangani sezilgan. “Endi hech kim yashirincha kimnidir suratga olib, uni «WhatsApp” guruhlarida tarqatolmaydi. Tanaffus vaqtida bolalar ilgari telefon bilan ovora boʻlsa, endi ular majburan muloqot qilmoqda. Balki janjal koʻproq boʻlayotgandir, lekin umumiy muhit ancha yaxshi», — deydi u.

VO-raad taʼlim kengashi vakili Freya Sixma dastlabki xavotirlar asossiz chiqqanini bildirgan. “Boshlanishida maktablar, oʻqituvchilar, oʻquvchilar va ota-onalardan koʻplab savollar va eʼtirozlar boʻlgan edi. Ammo hozir hamma deyarli mamnun”, — deydi u.

Tadqiqotda koʻrsatilishicha, alohida ehtiyojli bolalar uchun istisno qilingan maxsus maktablarda ham ushbu taqiq ijobiy yoki juda ijobiy taʼsir koʻrsatgan. Boshlangʻich maktablarda esa smartfonlarning taʼsiri oldindan unchalik sezilmagan boʻlsada, chorak qismi taqiqdan ijobiy natija kutayotganini bildirgan.

Mamlakat boshlangʻich va oʻrta taʼlim vaziri Mariëlle Paulning soʻzlariga koʻra, umumiy qoʻllanma intizomni taʼminlashga yordam bergan. “Avvallari alohida oʻqituvchi darsda telefonni taqiqlasa, bunga har doim bahs boʻlardi. Tajribasiz oʻqituvchilar uchun esa bu ishni nazorat qilish juda qiyin edi”, — dedi vazir.

Statistika maʼlumotlariga koʻra, Niderlandiyada 96 foiz bola deyarli har kuni internetdan foydalanadi. Shu sababli hukumat yaqinda ota-onalarga 15 yoshgacha boʻlgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash va ekran oldida oʻtkaziladigan vaqtni cheklashni tavsiya qildi. Ayrim deputatlar esa maktablarda smartfonlarga toʻliq taqiq joriy etishni taklif qilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?