Nega bugun oʻqituvchilar sinf rahbari boʻlishni istamaydi?

15:27 03 Fevral 2023 Jamiyat
1479 0

Foto: Xalq so‘zi

Uzoq yillik mehnat faoliyatida sinf rahbari boʻlmagan oʻqituvchi topilmasa kerak. Lekin negadir bugunga kelib maktablarda sinfni boshqarishga kamdan-kam oʻqituvchi jazm etayotganini hech oʻylab koʻrganmisiz? Hatto sinf rahbarlariga toʻlanadigan ish haqi miqdorining oshirilganiga qaramasdan, dars soatlarini talashib, baʼzan sanu-manga boradigan oʻqituvchilar koʻp hollarda sinf rahbarligiga orzumand emas.

— Sinf rahbarligi oʻquvchilar bilan ishlashda oʻqituvchidan tajriba, taʼbir joiz boʻlsa fidoyilik va oʻta ogʻir masʼuliyat talab etadi, — deydi Karmana tumanidagi 15- umumiy oʻrta taʼlim maktabi direktorining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha direktori oʻrinbosari Qurbonali Mirsiddiq. — Ochigʻi, yaqin-yaqinlargacha oʻqituvchilarimiz yuqori sinflar (9-11 sinflar)ga rahbarlikni oʻz zimmalariga olishdan qochishar edi. Bugungi kunga kelib bu holat oltinchi sinfga qadar tushgan. Buni va yuzaga kelgan sabablarni mutasaddilar bilmaydi, deyish nooʻrin. Bilishgani bilan koʻrilayotgan choralar ahvolni oʻnglash uchun yetarli emas, nazarimizda.

Tajribali ustozning mulohazalariga yana qaytamiz, hozir esa Xalq taʼlimi vazirligi (hozirda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi deb yuritiladi)ning 2021-yil 22-fevraldagi 41-sonli buyruq ilovasi bilan tasdiqlangan Umumiy oʻrta taʼlim muassasasining sinf rahbarligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi Nizomga eʼtibor qaratsak.

Mazkur Nizomning ikkinchi bobida sinf rahbarlarining 37 punktdan iborat vazifa va funksiyalari belgilangan. Keyingi – sinf rahbarlarining huquq va majburiyatlari bobida esa 4 punktdan iborat majburiyatlar yuklatilgan. Yuqoridagilarga toʻxtalishdan oldin 4-bobdagi sinf rahbarlarini tanlash mezonlariga eʼtibor qaratsak. Unga koʻra, sinf rahbari kamida 3 yillik pedagogik ish stajiga ega boʻlgan, maktabda toʻliq stavkada asosiy ishchi sifatida faoliyat olib borayotgan oʻqituvchilar orasidan tanlanadi. Shu asosda mulohaza yuritadigan boʻlsak, 37+4 vazifa, funksiya va majburiyatlarni zimmasiga olgan oʻqituvchi oʻzi oʻqitadigan fanlarga qanday vaqt topsin, degan haqli savol tugʻiladi. Bundan tashqari oʻqituvchi sinf rahbari sifatida sinf daftari, maktabning ichki roʻyxatiga kiritilgan tartibbuzar, tarbiyasi ogʻir va surunkali dars qoldiruvchi oʻquvchilar bilan amalga oshirilgan ishlar yigʻma jildi, ish rejasi, rejada belgilangan faoliyat yoʻnalishlari boʻyicha oʻquv yili choraklari va yakuniga doir hisobotlar tayyorlab, ularni maktab direktorining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosariga topshirishi lozim.

— Xudo koʻrsatmasin, sinfingda arzimagan koʻngilsizlik roʻy bersa, oylab turli idoralar tomonidan mana shu hujjatlaring ipidan ignasigacha tekshiriladi, — deydi uzoq yillar sinf rahbarligini zimmasiga olgan oʻqituvchilardan biri. — Oylab turli idoralar rahbarlarining maʼruzasidan oʻrin olasan. Qaysidir oʻquvching muvaffaqiyatga erishganida esa koʻpincha hech kim sinf rahbari kimligiga qiziqmaydi ham.

Chindan ham, sinf rahbarlarini ragʻbatlantirishga koʻp ham eʼtibor qaratilmayotgani bor gap. Binobarin biz yuqorida tilga olgan Nizomda ham sinf rahbarlarining faoliyati “aʼlo” baholangan taqdirda maktab rahbariyati tomonidan moddiy-maʼnaviy ragʻbatlantirish choralari koʻriladi, tarmoq va davlat mukofotlariga tavsiya etiladi, degan umumiy gaplar bilan chegaralangan.

— Umuman olganda, sinf rahbarlariga haq toʻlashning oʻzi munozarali, — deydi Qurbonali Mirsiddiq. — Yaʼni ularga ish haqi bola soniga qarab toʻlanadi. Taklifim shundan iboratki, oʻquvchi soniga qarab emas, sinflarning yuqori-quyiligiga qarab (yuqori sinflar bilan ishlash ogʻirligini inobatga olish kerak) oshirib borish asosida haq toʻlash tizimini joriy etish maqsadga muvofiq boʻlardi. Yana bir taklifim shuki, sinf rahbarlariga yuklatilgan vazifa, funksiya va majburiyatlarni qayta koʻrib chiqish zarur. Misol uchun, Nizomda oʻquvchilarning imkoniyatlarini rivojlantirishga koʻmaklashish, milliy madaniyatning asosi boʻlgan musiqa va qoʻshiq, kino, adabiyot, xalq ogʻzaki ijodi, teatr, naqqoshlik va meʼmorchilik kabi xalq amaliy sanʼati turlari vositasida dunyoqarashini kengaytirish maqsadida ularni madaniyat maskanlariga ota-onalar bilan hamkorlikda jalb etish kabi vazifalar yuklatilgan. Bu kabi jalb etish, tashkil etish kabi vazifalarga sinf rahbari ulgurmasligi ayon. Lekin yuqoridan kelgan har bir oʻrganuvchi, albatta, shuning ijrosini soʻraydi.

Endi sinf rahbarlari mehnatini ragʻbatlantirish masalasiga qaytsak, mazkur yoʻnalishda ham turli tadbirlar, “Yilning sinf rahbari” kabi koʻrik-tanlovlar, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi koʻkrak nishoni taʼsis etilsa, nur ustiga nur.

Xulosa oʻrnida taʼkidlash joiz, sinf rahbarining mavqeyi boʻyicha sohaning oʻzida munosabat zamon talabiga moslashtirilmas ekan, taʼlim-tarbiyani rivojlantirish yoʻlida koʻzlangan maqsadlar quruq ogʻizda qolib ketaveradi. Bu esa oʻz-oʻzidan yosh avlod kamolotiga oʻz taʼsirini oʻtkazishi tayin.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?