Navqiron avlod tarbiyasi. Oʻzgarishlar shamoli kirib bormagan masalalar koʻp

16:28 27 Yanvar 2021 Jamiyat
1580 0

Koʻhna tarix shohid: el-yurtiga, Vataniga sadoqatli, imon-eʼtiqodi butun, mard va jasur, maʼnaviyati yuksak farzandlar jamiyatning chinakam boyligidir. Ana shunday noyob fazilatlarga ega yoshlarni tarbiyalab, voyaga yetkazayotgan xalqning esa kelajagi porloq boʻladi.

Ayniqsa, globallashuv deb atalmish shiddatli jarayonlar kechayotgan, koronavirus pandemiyasi tufayli iqtisodiy va moliyaviy inqiroz davom etayotgan, atrofimizda xavfli mojarolar roʻy berib, “yot madaniyatlar ekspansiya”si boʻy koʻrsatib turgan bir paytda maʼnaviy va jismoniy barkamol avlodni voyaga yetkazish masalasi umummilliy, umumdavlat miqyosidagi vazifa boʻlib qolayotganini yana bir bor taʼkidlab oʻtish oʻrinlidir.

Tarbiyaga kecha yoki bugun eʼtibor qaratilayotgani yoʻq. Ayni masala amalga oshirilayotgan islohotlarning maʼno-mazmuniga aylangan. Oʻzbekistonda yosh avlod tarbiyasiga bunchalik ulkan ahamiyat va eʼtibor berilayotgani, Prezidentimizning har bir nutqi, har bir maʼruzasida yoshlar mavzusi tilga olinayotganining sababi nimada, degan savollar javobi, albatta, ertangi kun egalarini qiziqtirishi tabiiy.

Javob oddiy. Vatanimiz oldida turgan eng ezgu maqsadlar — mamlakatimizning buyuk kelajagi ham, erkin va farovon hayotimiz ham, Oʻzbekistonning XXI asrda jahon hamjamiyatidan qanday oʻrin egallashi ham — bularning barcha-barchasi, avvalambor, unib-oʻsib kelayotgan yoshlarning qanday insonlar boʻlib voyaga yetishiga bogʻliqdir.

Bugun koʻz oʻngimizda sodir boʻlayotgan voqea-hodisalarning oʻzi hayotning achchiq haqiqatidan saboq chiqarishga undaydi. Jumladan, katta davlatlar oʻrtasida dunyoni, ulkan tabiiy resurslarga boy oʻlkalarni taqsimlash “oʻyin”lari tinganicha yoʻq. Har bir toʻntarish, nizo va mojaro ortida u yoki bu davlatni mutelikka qaytarishga intilish yotganini mutaxassislar bejiz taʼkidlamayapti.

Yosh mustaqil davlatlarni tanlab olgan taraqqiyot yoʻlidan, orzu-maqsadlariga erishish, yangi jamiyat qurish shashtidan qaytarmoqchi boʻlayotganlar, avvalo, dunyoqarashi shakllanib ulgurmagan oʻspirinlarning qalbi va ongining moʻrtligidan foydalanishga, ularning maʼnaviyatini buzish, muayyan xalqlarning tabiatiga, urf-odatlari, qadriyatlariga begona gʻoyalar bilan chalgʻitib, oʻzining gʻarazli niyatlarini amalga oshirish yoʻlida qurol qilib olishga urinayotganini sezish uchun katta siyosatchi boʻlish shart emas.

Rivojlangan davlatlarda irqchi va millatchi yoshlar harakatining urchib borayotgani, ular dastidan katta avlod vakillarining koʻchalarga chiqishga qoʻrqib qolgani, Sharq mamlakatlari yigit-qizlari hayotiga fahsh, zoʻravonlik, gʻurursizlik, andishasizlik kabi yot qusurlarning kirib kelayotgani farzandlar tarbiyasiga eʼtiborni har qachongidan koʻra kuchaytirishni talab etadi.

Oʻzbekistonda shaxs erkinligi, inson huquqlarining muhofazasi va kafolati, eʼtiqod, mehnat hamda kasbni erkin tanlash huquqi, taʼlim olish, ijtimoiy himoya va boshqa imkoniyatlar qonunlar bilan mustahkamlangan. Bugungi qiyin va ziddiyatli, mamlakatimiz sarhadiga yaqin joylarda urushlar roʻy berib, qon toʻkilib turgan bir vaziyatda Oʻzbekistonda tinchlik va barqarorlik taʼminlanib, inson uchun eng oliy neʼmat — yashash va osoyishta hayot kechirish huquqi toʻla kafolatlangan.

Davlatimiz xavfsizligini taʼminlashning asosi — mamlakatimiz yoshlari. Ular bizning tayanchimiz, ertangi kundan umidimiz, savob ishlarimizning davomchilari deb, koʻp gapiramiz. Nafaqat xavfsizligimiz, shu bilan birga, yurt tinchligi, Vatan taraqqiyoti va xalq farovonligi gʻoyasining amalga oshishi, davlatimizning kelajakda barqaror boʻlishi ham yoshlarimiz qanday shakllanishiga bevosita bogʻliq. Imoratning mustahkamligini uyning poydevori taʼminlaydi. Zaif poydevor ustiga qurilgan har qanday muhtasham bino esa boʻronga dosh berolmaydi.

Mamlakatimiz poydevori esa, shubhasiz, umumiy aholi sonining oltmish foizidan koʻprogʻini tashkil etgan yigit-qizlardir. Yaqinda boʻlib oʻtgan yirik tadbirlar — davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasi, Oʻzbekiston yoshlarining birinchi forumi hamda Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishi, kuni kecha oʻtkazilgan maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalari boʻyicha videoselektorda ham ular tarbiyasi, maʼnaviyat yoʻnalishidagi dolzarb vazifalar belgilab berildi. Chunki bu borada yechimini kutib turgan, oʻzgarishlar shamoli kirib bormagan masalalar koʻp.

Shu nuqtayi nazardan, milliy gʻoyaning mohiyatini toʻliq anglab yetish, bu boradagi ishlarni takomillashtirish ustuvor yechim. Shu bois Prezident yigʻilishda mamlakatimiz mafkurasining asosiy gʻoyasiga yana bir bor toʻxtalib oʻtdi. Yaʼni yaratilayotgan yangi Oʻzbekistonning intilishi ezgulik, odamiylik, gumanizm gʻoyalariga yoʻgʻrilgan boʻladi. “Biz mafkura deganda, avvalo, fikr tarbiyasini, milliy va umuminsoniy qadriyatlar tarbiyasini tushunamiz. Ular xalqimizning necha ming yillik hayotiy tushuncha va qadriyatlariga asoslangan”, dedi davlatimiz rahbari.

Sayyoramizda manfaat va boylik ilinjida olib borilayotgan ichki nizolar, etnik qirgʻinlar, ocharchilik hamda moliyaviy va iqtisodiy inqirozlar sabab yuzaga kelgan qiyinchiliklar oqibatida halok boʻlayotgan norasidalar soni ortib bormoqda. Jumladan, 2006-yildan boshlab yiliga dunyoda 10 millionga yaqin bolalar hayotdan bevaqt koʻz yumayotgani barcha balolar ortida qashshoqlik, ochlik, toʻyib ovqat yemaslik, sanitariya va tibbiy xizmat sifatining pastligi, ijtimoiy tengsizlik sabab ekaniga guvoh boʻlamiz.

Shukrki, yuritilayotgan oqilona ichki va tashqi siyosat, mamlakatni demokratlashtirish boʻyicha tanlab olingan modelning hayotiyligi tufayli pandemiya davrida ham ogʻir mashaqqatlarni yengib oʻtishga erishdik. Bugun taraqqiyotning “Yangi Oʻzbekiston — yangicha dunyoqarash” degan haqiqatini keng jamoatchilik va xalqaro hamjamiyat eʼtirof etmoqda.

Ikkinchi jahon urushi davrida Britaniya bosh vaziri Uinston Cherchillga tanishib chiqish uchun mamlakat byudjetini keltirishgan ekan. Hujjatga koʻz yugurtirib, u soʻragan:

— Madaniyat va maʼnaviyat masalalariga xarajatlar qani?

— Axir urush ketyapti, qanday madaniyat?!

— Agar madaniyat va maʼnaviyat yoʻq boʻlsa, unda nima uchun urushyapmiz? — deya hayratlangan ekan Cherchill.

Hozir dunyoda koʻrinmas yov — koronavirus xurujiga qarshi kurash ketyapti. Shunday ogʻir bir sharoitda, murakkab va keskin muammolarga toʻqnash kelayotganimizga qaramasdan, milliy gʻoya targʻiboti, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar natijadorligini oshirish, jamiyatda adabiyot va kitobxonlikni yana-da rivojlantirish maqsadida “Ijod” jamoat fondi negizida Maʼnaviyat va ijodni qoʻllab-quvvatlash fondi tashkil etilishi, bu jamgʻarmaga 120 milliard soʻm ajratilib, maʼnaviy-maʼrifiy tarbiya va targʻibot-tashviqot yumushlarini samarali bajarish, milliy adabiyotimizni rivojlantirish uchun sarflanishi koʻzda tutilayotgani asl qahramonlik va matonat namunasi, deb aytgimiz keladi.

Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, inqirozga qarshi choralar dasturlarining izchil ijrosi tufayli ham yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash imkoniyati beqiyos kengaydi. Albatta, sogʻlom, maʼnaviyatli avlod tarbiyasi oson ish emas. U har bir inson, har bir oila, har bir siyosiy partiya va harakatdan, butun jamiyatdan jiddiy eʼtibor va uzluksiz mehnat talab qiladi. Ayniqsa, bugungi kunda — mafkuraviy kurashlar goh oshkora, goh pinhona tus olgan hozirgi nozik, qaltis sharoitda bu, nihoyatda dolzarb masala.

Agar maʼnan va ruhan sogʻlom, oqni qoradan, yaxshini yomondan ajrata biladigan, bu murakkab hayotning pastu baland koʻchalaridan toʻgʻri yoʻlni adashmay topa olishga qodir barkamol avlodni tarbiyalab yetishtirish vazifasi uddalansa, yoshlarni soxta oqimlarga ergashtirish, pana-pasqamlarda pisib yotgan chalasavod, johil odamlarning tuzogʻiga ilintirish urinishlari barham topadi.

Abduvali SOYIBNAZAROV,

jurnalist

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?