Navoiyning quyosh panellari

18:03 23 Aprel 2025 Jamiyat
127 0

Temur ESHBOYEV/“Xalq soʻzi”. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, soʻnggi oltmish yil ichida yer yuzida aholi soni salkam olti baravarga ortib, shu davrda elektr stansiyalari quvvati 22 baravarga oshirilgan. Ushbu stansiyalarda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining 80 foizi neft, gaz va koʻmir hissasiga toʻgʻri keladi. Insoniyat esa bu tabiiy resurslarning qariyb 75 foizini ishlatib boʻlgan. Bir soʻz bilan aytganda, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengroq joriy etishni hayotning oʻzi ham taqozo etmoqda.

Shu bois mamlakatimizda elektr energiyasidan samarali foydalanib, uning barqarorligini taʼminlash maqsadida quyosh panellari, shamol elektr stansiyalaridan muqobil energiya manbalari sifatida foydalanish koʻlamini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Mazkur yoʻnalishda oʻz faoliyatini yoʻlga qoʻygan tadbirkorlik loyihalari ragʻbatlantirilmoqda. Navoiy viloyatidagi “SOLAR ENERGY NAVOIY” MCHJ shulardan biri boʻlib, u hududdagi quyosh panellarini ishlab chiqaruvchi eng yirik korxonalardan hisoblanadi.

— Mazkur loyiha viloyatimiz ishbilarmon doiralarining Xitoy davlatiga safari samarasi oʻlaroq amalga oshirilmoqda, — deydi viloyat hokimi oʻrinbosari Elbek Gʻafforov. — Qiymati 1 mln. AQSH dollariga teng ushbu loyiha toʻliq ishga tushirilgach, umumiy 30 MBt quvvatiga teng quyosh panellari ishlab chiqariladi.

Korxona hozircha ichki bozorimizni quyosh panellari bilan taʼminlashga oʻz hissasini qoʻshib, 25 nafar mahalliy yoshlarning bandligini taʼminlagan. Toʻliq quvvatda ishga tushirilgach, yana 40 ta yangi ishchi oʻrni yaratilib, loyiha 5-yil ichida oʻzini toʻliq oqlaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер