Navoiy—Xitoy qurilish materiallari ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etiladi
Temur ESHBOYEV/“Xalq soʻzi”. Davlatimiz rahbari joriy yilning 31-oktyabr — 1-noyabr kunlari Navoiy viloyatiga tashrifida hududning imkoniyatlaridan foydalanish samaradorligini oshirishni taʼkidlab, viloyatga 2025-yilda 2,8 milliard AQSH dollari miqdorida xorijiy investitsiya jalb etish vazifalarini belgilagan edi. Yetti yil avval viloyatga yil davomida 12 million AQSH dollari miqdorida xorij investitsiyasi jalb etilganligini inobatga olsak, belgilangan vazifa yuksak masʼuliyat va izlanishni talab etishi tabiiy.
— Bugungi Oʻzbekiston yetti yil avvalgisidan keskin farq qilishini butun dunyo tan olmoqda, — deydi Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov. — Bu eng avvalo mamlakatimiz investitsion jozibadorligi oshganligida oʻz aksini topgan. Turli mamlakatlarning ishbilarmon doiralari toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlik qilish, oʻz biznesini yuritish istagini bildirishmoqda. Birgina Navoiy viloyatining oʻzini oladigan boʻlsak, xorijiy hamkorlar ishtirokidagi korxonalar soni bugungi kunda 2017-yilga nisbatan qariyb ellik baravarga oshganligini kuzatish mumkin. Bu birinchi navbatda mamlakatimiz rahbari tomonidan xorijlik investorlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlik olib borishga nafaqat izn, balki shart-sharoit ham yaratib berilganligining samarasidir.
Mazkur siyosat samarasi oʻlaroq Navoiy viloyati hokimi boshchiligidagi hudud ishbilarmonlari doirasi vakillari ayni kunlarda Xitoy davlatida boʻlib, safarning dastlabki kunida Jiansu provinsiyasi Suchjou shahrida 30 dan ortiq kompaniya rahbarlari bilan savdo va iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga bagʻishlangan muloqot oʻtkazishdi.
Uchrashuvda Xitoy kompaniyalari uchun Navoiy viloyatining investitsion imkoniyat va sanoat salohiyati toʻgʻrisida taqdimotlar namoyish etilib, kompaniya vakillarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob berildi.
— Ushbu kompaniyalar tomonidan Navoiy viloyatida qurilish materiallari, metallurgiya, elektrotexnika va mashinasozlik sanoati boʻyicha investitsiya loyihalarini amalga oshirishga qiziqish bildirildi, — deydi Navoiy viloyati hokimi oʻrinbosari Elbek Gʻafforov. — Xususan, “KMK Technology (Wuxi)” Co. Ltd tomonidan kaolin va kvarsni qayta ishlash orqali kremniy ishlab chiqarish, “Zhengzhou Shengte Mechanical Equipment” Co. Ltd tomonidan qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan har xil turdagi elektrodvigatellari ishlab chiqarish, “Jiangsu Lingchong Chuangxiang New Energy Technology” Co. Ltd tomonidan elektr avtomobillari uchun zaryadlash uskunalari hamda elektr energiyasini saqlash qurilmalari ishlab chiqarish hamda “Zhifu Environmental Protection Technology (Suzhou)” Co. Ltd tomonidan xar hil turdagi sanoat chiqindilarini qayta ishlashni tashkil etish loyihalarini amalga oshirish yuzasidan qiziqish bildirildi.
Viloyat delegatsiyasi Shanxay shahrida “Xinya Packaging Technology” Co. LTD kompaniyasida boʻlib, korxona faoliyati bilan tanishdi.
Mazkur kompaniya 1991-yilda tashkil topgan boʻlib, oziq-ovqat, farmatsevtika, kosmetika yoʻnalishlarida faoliyat yurituvchi korxonalarga qadoqlash mahsulotlarini yetkazish bilan shugʻullanadi.
Korxona mahsulotlari asosan Yaponiya, Tailand, Rossiya kabi davlatlarga eksport qilinadi. Bu kompaniya mahsulotlarini BAYER farmatsevtika kompaniyasi, “McDONALDʼS” tovarlarining qadogʻi sifatida dunyoga yaxshi tanish. Kompaniya maʼmuriyati bilan hamkorlik munosabatlarini oʻrnatish boʻyicha muzokaralar olib borilib, dastlabki kelishuvga erishildi.
Delegatsiyaning Shanxaydagi navbatdagi manzili “Shanghai Chaoqi” kompaniyasi boʻldi. Kompaniya hammom pardalari, devor stikerlari, oziq-ovqat qadoqlari, bir martalik idishlar, saqlash paketlari va boshqa turdagi xalq isteʼmoli mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Oʻz mahsulotlarini asosan Amerika va Kanadaga eksport qiladi va Malayziyada ham ishlab chiqarish korxonasiga ega.
— Shanxaydagi uchrashuvlarimizda “China Triumph International Engineering” Co., Ltd. kompaniyasi delegatsiyamizda katta qiziqish uygʻotdi, — deya davom etadi E. Gʻafforov. — CTIEC brendi bilan mashhur ushbu korxona Xitoyning 1991-yilda tashkil etilgan ilmiy-texnologik xizmatlarga ixtisoslashgan yirik injenerlik kompaniyasidir.
CTIEC bugungi kunda dunyoda shisha ishlab chiqarish va quyosh energiyasi texnologiyalari boʻyicha yetakchi oʻrinda turadi. Kompaniya rahbariyati bilan uchrashuvda tomonlar Navoiy viloyatida qurilish materiallari, muqobil energiya ishlab chiqarish, shuningdek, Navoiy — Xitoy qurilish materiallariga ixtisoslashgan ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etishga kelishib olishdi.
Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joiz, CTIEC kompaniyasi turli tarmoqlarda, xususan, qurilish materiallari ishlab chiqarish, qayta tiklanuvchi energetika va ekologik injiniring sohalarida muhandislik loyihalash, bosh pudrat, maslahat berish va nazorat xizmatlarini koʻrsatadi. Kompaniya float-shisha va fotoelektrik shisha ishlab chiqarishdagi innovatsiyalari, butun dunyo boʻylab yuqori salohiyatli shisha zavodlari qurish va quyosh energetikasi infratuzilmasini rivojlantirishdagi hissasi bilan mashhurdir.
2023-yilda kompaniyaning daromadi 40 milliard dollarni tashkil etdi, bu uning global muhandislik va qurilish sohalaridagi muhim rolining ifodasidir. CTIEC ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalarga alohida eʼtibor qaratadi, milliy va hududiy laboratoriyalarni qoʻllab-quvvatlaydi hamda barqaror rivojlanish boʻyicha xalqaro loyihalarda ishtirok etadi.
Delegatsiya aʼzolari uchun kompaniya mahsulotlarining taqdimoti oʻtkazildi.
Tabiiyki viloyat ishbilarmonlarining Xitoyga safari yakunlari xususida biror xulosaga kelishga hali erta. Biroq viloyatning tabiiy xomashyo resurslari va salohiyatli kadrlari xitoylik ishbilarmonlarda katta qiziqish uygʻotganligi shubhasiz.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdir”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring