Navoiyda ishsizlarni xatlovdan oʻtkazish va ular bilan ishlash boʻyicha yangi platforma ishga tushirildi

19:15 01 Mart 2023 Jamiyat
957 0

Davlatimiz rahbari 2022-yil 25-noyabrda Navoiy viloyatiga tashrifi chogʻida viloyatni namunaviy hududga aylantirish boʻyicha bir qator yangi tashabbuslarni ilgari surib, hokim va barcha sektor rahbarlariga ushbu tashabbuslarni amalga oshirish orqali bir yil davomida viloyatni ishsizlik va kambagʻallik toʻliq bartaraf etilgan hududga aylantirish yuzasidan topshiriqlar bergan edi.

Ushbu topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida hududdagi band boʻlmagan fuqarolarni xatlovdan oʻtkazish boʻyicha yangi elektron platforma yaratilib, joriy yil fevral oyining ilk kunlaridan boshlab ishga tushirildi.

Platforma shaxs haqida kiritilgan maʼlumotlarga asosan, oʻz-oʻzidan band boʻlmagan aholining sonini hamda ayollar, erkaklar va yoshlar boʻyicha ajratib beradi.

Yangi tizimga ishsizlarning roʻyxatini hududlardagi hokim yordamchilari kiritadi va fuqaro ishga joylashtirilganda, platformaga bu haqdagi ishga qabul qiluvchining buyrugʻini biriktiradi. Bu jarayonni oʻsha hudud boʻyicha sektor rahbari tahlil qilib, haqqoniy ish bilan band etilgan boʻlsa, tasdiqlash tugmasini bosadi.

Shuningdek, platformada aholini qaysi soha va yoʻnalish boʻyicha band etilgani haqida 10 ga yaqin, jumladan, toifalarga koʻra “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” roʻyxatida turuvchi aholi haqida toʻliq maʼlumotlar kiritilgan boʻlib, bu, albatta, hokim yordamchilari va sektor rahbarlari uchun eng avvalo ularni ishga joylashtirish ustuvor ekanini anglatadi.

Yangi tizimda oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar haqida ham maʼlumotlar shakllantirilgan boʻlib, ularning faoliyati soliq idoralari bergan hisobotlar bilan solishtirilib boriladi va tahlili yuritiladi.

Ushbu tizimning afzalligi shundan iboratki, viloyatda band boʻlmagan aholining sonini kamaytirish maqsadida har bir ishsiz fuqaro bilan individual ishlanadi.

– Ayni paytda ushbu platformaning birinchi bosqichi ishlari yakunlandi va tizimdan hozirgi kunda viloyat hududlaridagi sektor rahbarlari va mahallalarda faoliyat yuritayotgan hokim yordamchilari foydalanmoqda, – deydi viloyat “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish” DUK rahbari Xurshid Farmonov. – Yaʼni, bu bosqichda hokim yordamchilari oʻz hududlaridagi band boʻlmagan fuqarolarni xatlovdan oʻtkazib, ularni tegishliligi boʻyicha platformaga kiritadi. Oʻsha hudud sektori rahbari bilan har bir fuqaroning ish bilan taʼminlash boʻyicha ishlaydi hamda ishga qabul qilingan shaxslarini asoslantirilgan hujjatlar bilan tizimga biriktiradi.

Yangi platformaning ikkinchi bosqichi ishga tushirilishi ushbu tizimning barcha uchun ochiq boʻlishini taʼminlaydi. Yaʼni, istalgan fuqaro, agar u Navoiy viloyati hududida istiqomat qilayotgan va ishsiz boʻlsa, platformada belgilangan joyga oʻz ismi-sharifini hamda pasport seriyasi va raqamini kiritib, ish izlashi mumkin boʻladi. Agar u hokim yordamchilari tomonidan platformaga kiritilgan boʻlsa, oʻzi haqidagi maʼlumotlarni tasdiqlashi mumkin boʻladi hamda unga mutaxassisligi boʻyicha ish taklif qilinadi. Mabodo u ishsiz boʻlsayu, ushbu tizim orqali roʻyxatga olinmagan boʻlsa, qoʻshimcha savollar (yaʼni, pasport maʼlumotlari, mutaxassisligi, yoshi va h.k.)ga javob berish orqali fuqaroning oʻzi platformaga maʼlumotlarni kiritib, ish izlash imkoniyatiga ega boʻladi. Bunda fuqaroning qaysi shahar yoki tumanda istiqomat qilishi, jinsi, yoshi va mutaxassisligidan kelib chiqib, tizimning oʻzi unga boʻsh ish oʻrinlarini taklif qiladi.

Taʼkidlash joizki, viloyat rahbarining tashabbusi bilan yaratilgan ushbu platforma avvalo hududdagi band boʻlmagan fuqarolar uchun yaqin koʻmakchi boʻladi, deb bemalol aytish mumkin. Qolaversa, bu tizim viloyatdagi ishsiz fuqarolar sonining ortayotgani yoki kamayayotganini, shuningdek, band boʻlmagan aholi bilan ishlayotgan hudud sektori rahbari va mahalladagi hokim yordamchisining faoliyatini monitoring qilib borish imkonini ham beradi.
Bektemir Pirnafasov, Navoiy viloyati hokimligi axborot xizmati rahbari.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?