Navoiyda ilk bor kengash kotibiyati tomonidan tayyorlangan sessiya qanday oʻtdi?

Sessiyada 13 ta masala koʻrib chiqilib, ularning barchasi xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashining doimiy komissiyalari tomonidan muhokama etildi.
— Sessiyaga kiritilgan masalalar, ular boʻyicha qabul qilinadigan qarorlar loyihasiga doimiy komissiyalar muhokamasida bir qator oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi, — deydi Xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashi raisining oʻrinbosari – Kengash kotibiyati mudiri Jamoliddin Hamroyev. —Bu albatta, doimiy komissiyalar, deputatlik guruhlari faoliyatida fikrlar xilma-xilligi, takliflar berish, saylovchilar manfaatini himoya qilish faollashganidan dalolatdir.
— Sessiya oldidan doimiy komissiya yigʻilishida saylovchilarimizni tashvishga solayotgan ikki masala, yaʼni Gʻozgʻon shahrida gaz idorasi va “Baxt uyi”ning yoʻqligi masalalarini muhokamaga qoʻyib, har ikkalasi boʻyicha ham ijobiy natijaga erishdik, — deydi 56-“Gʻozgʻon” saylov okrugidan deputat Sunnat Husaynov. — Eng muhimi, doimiy komissiyalar yigʻilishida mutasaddi idoralar rahbarlari ishtiroki taʼminlanib, koʻrilayotgan masala boʻyicha barcha maʼlumotlarga ega boʻlmoqdamiz.
Sessiyada deputatlar Respublika Prezidentining mamlakatimiz parlamentiga Murojaatnomasida belgilangan vazifalar boʻyicha Navoiy viloyatida amalga oshiriladigan ishlar va ulardan koʻzlangan natijalar boʻyicha viloyat hokimi K. Tursunovning maʼruzasini tingladilar.
Maʼruzada murojaatnomaning yoʻnalishlarida belgilab berilgan chora-tadbirlarning huquqiy asoslarini yaratib berish, barcha sohalarda qonun ustuvorligini, qabul qilinayotgan hujjatlarning, ayniqsa byudjet tushumlarini bajarilishini joylarda soʻzsiz ijrosini taʼminlash boʻyicha Kengash tomonidan samarali nazorat oʻrnatish, ularning toʻliq bajarilishiga erishish asosiy vazifalardan biri ekanligi alohida taʼkidlandi. Shuningdek, davlatimiz rahbari murojaatnomada amalga oshiriladigan aniq ishlarni ham moliyaviy ham insoniy resurslarini belgilab berganligiga eʼtibor qaratilib, xalqimiz uchun munosib turmush sharoitlarini yaratib berish yuzasidan aniq-ravshan choralar koʻrish joriy yilda ham davlatimiz siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlib qolishi alohida taʼkidlandi.
Shu jihatdan eng avvalo, Prezidentimiz tashabbusi bilan joriy yil mamlakatimizda “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deya eʼlon qilinishi yoshlar va sogʻliqni saqlash masalalari taraqqiyotimizning yangi davrida ham Prezidentimiz boshchiligidagi davlat siyosatining izchilligining yorqin ifodasidir.
Chunonchi joriy yilda viloyatda maktabgacha taʼlim qamrovini 80 foizga, 2023-yil oxirida esa 100 foizga yetkazish, davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarining moddiy texnika bazasini yaxshilash maqsadida mahalliy byudjet hisobidan 30 mlrd soʻmlik mablagʻlar yoʻnaltirish, viloyatning tuman (shahar) markazlarida matematikaga ixtisoslashgan 6 ta, kimyo-biologiyaga ixtisoslashgan 5 ta, axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan 9 ta maktab faoliyati joriy yilda tashkil etiladi.
Shuningdek, yoshlarning qiziqishlari inobatga olinib, joriy yilda 30 foiz yoshlar madaniyat va sanʼatga, 30 foizi jismoniy tarbiya va sportga, 15 foizi kompyuter savodxonligiga va 25 foizi kitobxonlikka jalb etilishi rejalashtirilmoqda. Mazkur beshta muhim tashabbus doirasida 221,1 ming (96 %) nafardan ortiq yoshlar qamrab olinadi. Ushbu maqsadlar uchun 43 mlrd soʻmdan ortiq mablagʻ yoʻnaltiriladi.
Sogʻliqni saqlash sohasida esa 2021-yilda sogʻlom turmush tarzini shakllantirish va aholi jamoat salomatligini taʼminlashning mahallalar va aholi xonadonlari darajasigacha qamrab oladigan yaxlit tizimini yaratish, bu borada avvalambor sogʻlom turmush tarzi va jismoniy faollikni oshirishni tizimli tashkil etish hamda keng targʻib qilish ustuvor vazifa boʻlib, mavjud kuch va vositalarni jalb qilgan holda, eng avvalo birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini har tomonlama mustahkamlash, tibbiy profilaktika va patronaj tizimining mutlaqo yangi tizimini joriy qilish,aholi guruh mansubligiga koʻra belgilangan muddatlarda tibbiy koʻriklardan oʻtkazish va salomatligi davriy kuzatuvga olish yoʻlga qoʻyiladi.
Shuningdek, joriy yilda aholining 900 nafardan ortiq ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini sihatgohlarda bepul davolanishlari tashkil etiladi. Navoiy davlat pedagogika institutida “Tibbiyot” fakultetini ochish va 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab talabalar oʻqishini tashkil qilinadi.
Bundan tashqari, sogʻlom turmush tarzini keng qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2021-yilga investitsiya dasturi doirasida 13,9 mlrd. soʻmlik 4 ta sport obyektlarini (Navoiy shahri, Karmana, Qiziltepa Nurota va Xatirchi tumanlarida) taʼmirlab, xalqimiz uchun foydalanishga topshiriladi. Shu orqali aholining sport bilan shugʻullanish darajasi 19 foizdan 35 foizga yetkaziladi.
Maʼruzada shuningdek, kambagʻallikni qisqartirish borasida kompleks yondashuv va nostandart usullarni joriy etish, davlat xaridlari sohasini takomillashtirish, xususiy sektorni rivojlantirish, iqtisodiyotda davlat ulushini qisqartirish, banklarni xususiylashtirishga tayyorlash, investitsiyalarni jalb etish, yangi ish oʻrinlarini yaratish, jumladan viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida amalga oshiriladigan loyihalar sonini 2021-yilda sanoat yoʻnalishida uch barobarga, qishloq xoʻjaligida toʻrt barobarga, xizmat koʻrsatish yoʻnalishidagi loyihalarni besh barobarga oshirish choralari koʻrish, elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan taʼminlash tizimini yaxshilash boʻyicha dolzarb masalalar yuzasidan vazifalar deputatlar muhokamasiga tashlandi.
Sessiyada viloyat sektor rahbarlari, viloyatda qonunchilikni taʼminlash, huquq-tartibotni mustahkamlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish yuzasidan 2020-yil yakuni boʻyicha viloyat prokurorining hisobotlari tinglandi. Shuningdek, Respublika Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashi va Oliy Majlis Senati Kengashining 2020-yil 30-oktyabrdagi “Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni reyting baholash tizimi ustidan parlament nazoratini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Qoʻshma qarorining viloyatdagi ijrosi sessiyada deputatlar tomonidan muhokama etildi.
Kun tartibidagi barcha masalalar boʻyicha xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashining qarorlari qabul qilindi.
Sessiya ishida Respublika Oliy Majlisi Senati Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi raisi E.Gadoyev hamda Senatning Navoiy viloyatidan saylangan aʼzolari ishtirok etdilar.
Temur ESHBOYEV,
(“Xalq soʻzi”).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan uchrashuvda nutq so‘zladi.
- “Jasorat maktablari”ga oʻquvchilarni qabul qilish tartibi belgilandi
- Nodavlat oliy taʼlim muassasalari ustav fondini kamida 2 million AQSH dollari ekvivalentida shakllantirilishi shart – Vazirlar Mahkamasi qarori
- Yetakchilar “Imorat” tarixiy-meʼmoriy majmuasiga bordi
- “Xalq soʻzi” bo'lim muharriri “Oltin qalam” mukofoti sohibi boʻldi
- Xiva shahrida Birinchi Oʻzbekiston-Ozarbayjon parlamentlararo forumi muvaffaqiyatli yakunlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring