Navoiyda afgʻon gilamlarini toʻqish yoʻlga qoʻyiladi

14:20 28 Mart 2022 Jamiyat
551 0

Foto: Халқ сўзи

Yorqin ranglarda, bejirim naqshinkor Sharq gilamlari har doim dunyo bozorida qadrlangan. Gilam toʻqish texnologiyasi qanchalik takomillashmasin, qoʻl mehnatida tayyorlangan Eron, afgʻon, turkman, oʻzbek gilamlarining asl tarh va shakllari xalqlarimizning umumiy tarixi, madaniyati va boshqa anʼanaviy hunarlari bilan aloqador boʻlgani bois hech vaqt eskirmaydi. Aksincha, bir-birini turli davrlarda tadbirkorlar saʼy-harakati tufayli boyitib kelgan.

Navoiy shahrida qoʻshni Afgʻonistonning Mozori Sharif shahri fuqarosi, tadbirkor Qiyomiddin Qote tomonidan afgʻon gilamlari tayyorlash biznes loyihasini shu kabi xayrli tadbirlar sirasida sanash mumkin.

Qiyomiddin Qotening niyatlari shahar hokimi M. Bazarov tomonidan maʼqullanib, yuzma-yuz muloqotda ushbu loyihani amalga oshirish bilan bogʻliq masalalar muhokama etildi.

— Navoiy Oʻzbekistonning investitsiyaviy jozibador hududlaridan biri, — deydi Qiyomiddin Qote. — Yana bir muhim jihati, ishlab chiqarishni tashkil etish uchun hudud barqaror xom ashyo resurslariga ega. Shuningdek, muhandislik va yoʻl-transport kommunikatsiya tarmoqlari jihatidan nihoyatda qulay. Mana shu jihatlar har qanday biznesda ustuvorlik beradi.

Mazkur loyihaga koʻra Navoiy shahrida yuz nafardan ortiq mahalliy xotin-qizlar ish bilan taʼminlanadi. Shu bilan birga viloyatdagi chorvachilikka ixtisoslashgan tumanlarda jun xom ashyosini realizatsiya qilishda mavjud imkoniyatlarni kengaytiradi.

Muloqotda gilam toʻqish uskunalarini afgʻonistonlik hamkorlar tomonidan olib kelib oʻrnatish, toʻqish sir-asrorlarini mahalliy xotin-qizlarga oʻrgatish maqsadida afgʻonistonlik mutaxassislarni jalb etishning tashkiliy jihatlari ham muhokama qilindi.

Taʼkidlash joiz, qoʻl mehnati orqali toʻqiladigan ushbu gilamlarni Yevropa davlatlariga eksport qilish moʻljallanmoqda.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер