Navoiy viloyatining qariyb oltmish foiz mahallasi jinoyatdan xoli
Karmana tumanining Shibzon mahallasi hududida joylashgan avtomobillarga gaz qoʻyish shoxobchasida oʻgʻirlik sodir boʻldi. Mahalla raisi bu isnodni qabul qila olmadi. Boisi hudud qariyb oʻn yildan buyon jinoyatdan xoli hisoblanardi.
Qidiruv va surishtiruv ishlarida aniqlanishicha, “zapravka”da avtomashinasiga yoqilgʻi toʻldirib olgan haydovchi yonidagi kolonkada turgan avtomashina salonidan mobil telefon apparatini (egasi toʻlov kassasiga ketganidan foydalanib) oʻmargan ekan. Oʻgʻri qoʻshni viloyatning Kattaqoʻrgʻon shahridan boʻlib chiqdi. Jinoyat esa sodir etilgan hudud Shibzonda qayd etildi.
Rais huquq-tartibot idoralari rahbarlariga qadar kirib, mazkur jinoyatning mahallaga daxli yoʻqligini isbotladi.
— Jinoyatchilikka mana shunday oriyatni ustun qoʻyib barham berish mumkin, — deydi Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi Navoiy viloyati boshqarmasi boshligʻi Gʻofir Aliyev OAV uchun uyushtirilgan matbuot anjumanida. — Bu kabi fidoyi mahalla faollarining saʼy-harakati tufayli bugun viloyatimizdagi 310 ta mahallaning 179 tasi, yaʼni 58 foizida jinoyat sodir etilmadi.
Matbuot anjumanida mahallalar kesimida ishsizlikka barham berish, xotin-qizlar muammolari bilan ishlashdagi yutuq va kamchiliklar xususida ham soʻz bordi. OAV vakillari oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi. Tabiiyki, jurnalistlar oʻtgan hafta ijtimoiy tarmoqlarni “portlatgan” Uchquduq tumanidagi mahalla raisining shilqimligi xususida ham soʻrashdi.
— Mazkur masalada sudga appelyatsiya kiritilgan, — deya javob qildi Gʻ. Aliyev. — Kelinglar, uning natijasini kutaylik. Natija butunlay teskari boʻlishi ehtimolidan xoli emas.
Matbuot anjumanida mahallalarda raqamlashtirish jarayonlari, turli hududlar tajribasidan foydalanish samaralari xususida ham soʻz bordi.
Temur ESHBOYEV
(“Xalq soʻzi”).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Oʻzbekistonda YTT va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar QR-kodsiz faoliyat yuritsa jarimaga tortiladi
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot sovrindorlari maʼlum boʻldi
- Hokim yordamchisi kimga yordamchi?
- Xonanda Rahmatillo Yusupov 44 yoshda vafot etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring