Navoiy viloyatiga kutubxona jihozlari karvoni yetib keldi
Umumtaʼlim maktablarining kutubxonalari faoliyatini yanada takomillashtirish hamda ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan tashkil etilgan “Bibtexnika” jamlanmalari ortilgan karvon Navoiy viloyatiga yetib keldi.
Inventar kitobi hamda kundalik daftari, kitobxon formulyari, “choʻntakcha”, alifboli kartochka, qaytaruv varaqasi, toʻplam gʻilofi, kitob formulyaridan iborat jamlanmani viloyat maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi va viloyat Bolalar kutubxonasi masʼullari qabul qilib, mazkur predmetlar nafaqat kutubxonalar faoliyati balki kitobxonlar bilan munosabatlarni tartibga solishda ham qator qulayliklar yaratishini taʼkidladilar.
— Mazkur jamlanmalar viloyatimizdagi 364 ta umumtaʼlim maktabi, 7 ta ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari hamda Navoiy viloyat bolalar kutubxonasiga yetkaziladi, — deydi viloyat Bolalar kutubxonasi direktori Raʼno Rizayeva. — Ochigʻi, uzoq yillik tanaffusdan soʻng kutubxonalarimiz bunday bibtexnika mahsulotlariga ega boʻlishmoqda. Shu bois masʼullar ishtirokida “Bibtexnika” jamlanmalaridan foydalanish boʻyicha amaliy seminar ham tashkil etib, ushbu mahsulotlardan foydalanish, ularning ahamiyati boʻyicha tushuntirishlar berildi.
Shu kuni viloyatning Qiziltepa tumani “Varozun” mahalla fuqarolar yigʻinidagi 18-umumtaʼlim maktabiga zamonaviy kompyuterlar jamlanmasi, interaktiv doska hamda qoʻshimcha qurilmalar topshirildi. Mazkur xayrli tadbir viloyatning saralab olingan mahallalarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda BMT Taraqqiyot Dasturining “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” qoʻshma loyihasi doirasida amalga oshirilib, Islom taraqqiyot banki va OPEK Xalqaro taraqqiyot fondi mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilgan.
— Oʻquvchilarimiz ham oʻqituvchilarimiz ham behad xursand, — deydi maktab direktori Faxriddin Jamolov. — Raqamli smart-doska farzandlarimizga axborotni yanada qiziqarli va interaktiv tarzda taqdim etish imkonini beradi. Bundan tashqari, multimedia darslarini ham yaratish imkoni mavjud. Internet tarmogʻiga ulangan kompyuterlar orqali esa oʻquvchilarimiz barcha resurslardan samarali foydalanish imkoniyatlariga ega boʻlishadi.
Mazkur taʼlim jihozlarini topshirish tantanalarida mamlakatimizning olis hududlaridagi maktablar moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, taʼlim sifatini oshirish yoʻlida amalga oshirilayotgan xayrli ishlar yana bir bor eʼtirof etildi va buning javobi ilm egallab, yangi marralarni zabt etishga qaratilishi lozimligi taʼkidlandi.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Doʻstlik va hamkorlikni kengaytirgan forum (+fotoreportaj)
- «Yevroosiyo Banki» Aksiyadorlik jamiyatining tugatish komissiyasi xabari
- Namangan – yangilanish va goʻzallik shahri
- Oʻzbekiston yoki Misr. Qaysi terma jamoa kuchli?
- Yangilanayotgan Markaziy Osiyo: birlik, doʻstlik va hamkorlikning yangi bosqichi
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring