Navoiy viloyatida Markaziy Osiyoda yagona pitomnik ochildi

16:19 30 Sentyabr 2024 Jamiyat
226 0

Temur ESHBOYEV/“Xalq soʻzi”. Viloyatning Navbahor tumanida “BRAIN” savdo belgisi ostida “Biotech Research and Innovation” MCHJ ilmiy-ishlab chiqarish kompleksining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Ushbu loyiha nafaqat viloyat, balki Markaziy Osiyo mintaqasida yagona hisoblanadi.

— Majmuada ilon va chayonsimonlar oilasiga mansub jonivorlarni yetishtirish, ularning yashash tarzi ustida tadqiqot va oʻrganish ishlarini olib borish, ulardan olinadigan mahsulotlar asosida turli farmatsevtika va kosmetika vositalarini tayyorlash, zahri asosidagi preparatlarni sertifikatlash, mahsulot sifati xalqaro standartini yaratish va hokazo ilmiy va ishlab chiqarish faoliyati olib boriladi, — deydi viloyat hokimi oʻrinbosari Elbek Gʻafforov. — Shuningdek, kompleks terrariumi yoʻqolib ketayotgan ilonlar, chayonlar va toshbaqalarni saqlash va koʻpaytirish uchun optimal sharoitlar yaratadi. Bu yerda Zoologiya instituti bilan yaqindan hamkorlik qilinib, olimlarga nazorat ostidagi muhitda tadqiqotlar oʻtkazish imkoniyati taqdim etiladi. Yaʼni majmuaning ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi vivariy zardoblar va biologik faol qoʻshimchalarni ishlab chiqarish uchun zaharlarni oʻrganish bilan shugʻullanadi..

Majmuaning taqdimot marosimida ushbu loyiha respublika sogʻliqni saqlash, sanoat, ilm-fan ravnaqi hamda hududda kobra, gyurza va efa kabi zaharli jonivorlarni koʻpaytirish va asrashga katta hissa qoʻshishi taʼkidlandi. Boisi majmuaning serpentariy, vivariy, inkubatorli terrarium, biokimyoviy laboratoriya, oʻquv markazi, ishlab chiqarish ombori kabi inshootlaridan buning uchun barcha sharoitlar yaratilib, ushbu maqsadlarga 5mln. AQSH dollari miqdorida investitsiya yoʻnaltirilgan. Loyiha toʻliq ishlab chiqarish quvvatiga chiqishi bilan yillik mahsulot eksporti miqdori 7 mln. AQSH dollarini tashkil etishi rejalashtirilgan.

Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joiz, “BRAIN” kompaniyasi Markaziy Osiyodagi Qizil kitobga kiritilgan hayvon turlarini koʻpaytirish va oʻrganish maqsadida tashkil etilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?