Navoiy erkin iqtisodiy zonalar siyosatining namunasiga aylanmoqda
Erkin iqtisodiy zonalar har bir mamlakatda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini joriy etish, yuqori texnologik ishlab chiqarishni rivojlantirish, raqobatbardosh hamda import oʻrnini bosuvchi, eksportga yoʻnaltirilgan tayyor sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish maqsadida tashkil etiladi. Ular, avvalo, mamlakat yoki alohida hududlarni strategik rivojlantirishga doir vazifalarni — tashqi savdo, umumiy iqtisodiy, ijtimoiy, hududiy va ilmiy-texnik masalalarni hal qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu maqsadlarda 2008-yilda “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etilgan boʻlib, uning 564 gektarlik hududi toʻliq kommunikatsiya infratuzilmasi bilan taʼminlangan. Yaʼni, zona 6 kg bosimli 2600 m³ gaz va 30 000 mA quvvatli elektr tarmogʻi bilan taʼminlangan. Qulay va jozibador investitsiya muhiti tufayli bugungi kunga qadar qiymati 587,3 mln. AQSH dollariga teng (shundan 242,8 mln. dollari xorijiy investitsiya va kreditlar hissasiga toʻgʻri keladigan) 69 ta loyiha amalga oshirilib, natijada 7822 ta ish oʻrni yaratildi.
Shuni alohida taʼkidlash joizki, erkin iqtisodiy zonalar samaradorligini aniq oʻlchash ancha murakkab jarayon hisoblanadi. Zero, uning ijobiy taʼsiri nafaqat zonada faoliyat yuritayotgan korxonalar ish samaradorligiga, balki butun hudud, qoʻshni viloyatlar, hatto mamlakat miqyosidagi iqtisodiy oʻsish koʻrsatkichlariga ham taʼsir koʻrsatadi. Shuningdek, erkin iqtisodiy zonalar faoliyati darhol ijtimoiy-iqtisodiy samara bermaydi — u muayyan vaqt davomida toʻplangan tajriba va investitsion muhitning barqarorligiga bogʻliq boʻladi.
Agar erkin iqtisodiy zonalar faoliyat koʻrsatayotgan hududlarda ishlovchilarning ish haqi oshsa, xorijiy investitsiyalar hajmi oʻssa, ishsizlar soni qisqarsa va bozorda tovar hamda xizmatlar turi koʻpaysa, bu holat EIZ samarali faoliyat yuritayotganidan dalolat beradi.
Shu nuqtayi nazardan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 15-maydagi “Navoiy viloyatini innovatsion, yuqori texnologiyalarga asoslangan, eksportga yoʻnaltirilgan va import oʻrnini bosadigan ishlab chiqarishlar uchun erkin iqtisodiy zona sifatida belgilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni mazkur sohadagi tarixiy qadam boʻldi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Mazkur farmon kuchga kirgunga qadar, yaʼni 2008–2018-yillar davomida qiymati 202,8 mln. dollar boʻlgan 24 ta loyiha amalga oshirilib, 3322 ta ish oʻrni yaratilgan boʻlsa, farmon qabul qilinganidan keyin 2019–2025-yillar davomida qiymati 362,4 mln. dollarlik 50 ta loyiha ishga tushirilib, 4739 ta yangi ish oʻrni yaratildi. Shuningdek, Navoiy erkin iqtisodiy zonasining bazaviy hududlaridan tashqari, xomashyo manbalariga yaqin hududlarda qiymati 265,3 mln. dollarlik 18 ta loyiha amalga oshirilib, natijada yana 2715 ta ish oʻrni tashkil etildi.
Korxonalar tomonidan ishlab chiqarish va eksport hajmlari ham yil sayin barqaror oʻsib bormoqda. Masalan, 2018-yilda erkin iqtisodiy zona ishtirokchilari tomonidan jami 2 525,7 mlrd. soʻmlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan boʻlsa, 2025-yilning 8 oyi mobaynida bu koʻrsatkich 4 282,9 mlrd. soʻmga yetdi. Yaʼni, bu davr mobaynida 1,7 barobarlik oʻsishga erishildi.
Xuddi shunday, eksport hajmlari ham sezilarli darajada ortib bordi: agar 2018-yilda ularning umumiy qiymati 32,3 mln. AQSH dollarini tashkil etgan boʻlsa, 2025-yilning 8 oyligida bu raqam 105,2 mln. dollarga yetdi. Bu 2018-yilga nisbatan 3,2 barobar koʻpdir.
Soʻnggi ikki yil ichida umumiy qiymati 1 963,1 mln. dollar boʻlgan 22 ta yangi loyiha amalga joriy etildi. Ularning 796,8 mln. dollari xorijiy investitsiyalar hissasiga toʻgʻri keladi. Natijada qariyb 4 000 ta yangi ish oʻrni yaratilishi rejalashtirilgan. Hozirgi vaqtda ushbu loyihalar doirasida qurilish ishlari, asbob-uskunalarni olib kelish va ishlab chiqarish jarayonlariga moslashtirish ishlari faol olib borilmoqda.
Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi ishtirokchilari uchun juda keng soliq va bojxona imtiyozlari belgilangan. Xususan, ishtirokchi maqomini olgan korxonalar kiritgan investitsiya miqdoriga qarab (300 ming dollardan 10 mln. va undan ortiq), 3-yildan 10-yilgacha mulk soligʻi, yer soligʻi va suv resurslaridan foydalanganlik soligʻidan ozod etiladi.
Bundan tashqari, respublikada ishlab chiqarilmaydigan qurilish materiallarini investitsiya loyihasi doirasida olib kirish uchun bojxona toʻlovlaridan ozod qilish tizimi amal qiladi. Shuningdek, tasdiqlangan roʻyxat boʻyicha Oʻzbekistonda ishlab chiqarilmaydigan texnologik uskunalarni olib kirishda ham bojxona imtiyozlari beriladi.
Qoʻshilgan qiymat soligʻi (QQS) boʻyicha ham qulay mexanizm joriy etilgan: hisoblangan soliq summasidan ortiq boʻlgan QQS mablagʻi EIZ ishtirokchilariga yetti kun ichida soddalashtirilgan tartibda qaytarib beriladi. Bu jarayon Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda davlat byudjeti hisobidan amalga oshiriladi.
Bugungi globallashuv davrida iqtisodiy munosabatlar shiddat bilan oʻzgarib, qonunchilik va meʼyoriy hujjatlar tezkor moslashuvni talab etmoqda. Bu jarayondan erkin iqtisodiy zonalar faoliyati ham chetda qololmaydi.
Masalan, “Navoiy” EIZ ishtirokchilari investitsiya loyihalarini amalga oshirish jarayonida qurilishni loyihalash, xorijda tayyorlangan loyihalarni Oʻzbekiston qurilish meʼyorlariga moslashtirish, ekologiya talablarini bajarish hamda barcha hujjatlarni qurilish ekspertizasidan oʻtkazishda muayyan toʻsiqlarga duch kelmoqda. Ayniqsa, qurilish sohasida nazorat inspeksiyasidan ruxsat olish jarayonlarining choʻzilishi loyihalarning belgilangan tarmoq jadvalidan ortda qolishiga sabab boʻlmoqda.
Shu munosabat bilan EIZ mutasaddilari loyihalash ishlarini qurilish ruxsatnomasini olish bilan bir vaqtda olib borish imkoniyatini yaratish maqsadga muvofiq deb hisoblaydilar.
Bundan tashqari, “Navoiy” EIZ direksiyasi aksiyadorlik jamiyati sud organlariga turli nizolar yuzasidan murojaat qilish holatlari koʻpayganini inobatga olgan holda, Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonuniga tegishli qoʻshimchalar kiritib, erkin iqtisodiy zonalar direksiyalarini sudga murojaat qilishda davlat bojidan ozod etish taklifini bildirgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 15-maydagi PF–5719-sonli Farmoniga muvofiq, “Navoiy” EIZ hududida binolar qurish “Navoiy” EIZ direksiyasi AJ yoki xususiy investorlar mablagʻlari hisobiga amalga oshirilishi mumkin. Keyinchalik ushbu binolar tadbirkorlik subyektlariga uzoq muddatli ijara yoki sotib olish sharoitida taqdim etilishi belgilangan.
Mutasaddilar fikricha, “Navoiy” EIZdagi boʻsh yer maydonlarida binolar qurish uchun developer kompaniyalarni keng jalb etish, ularga ishtirokchi maqomini berish hamda mavjud imtiyozlardan foydalanish imkoniyatini yaratish maqsadga muvofiq boʻladi.
Albatta, mazkur takliflar mulohazaga chorlaydi. Biroq ularning amalga oshirilishi erkin iqtisodiy zonalar faoliyatining yanada takomillashuvi va samaradorligini oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.
Muallif: Temur ESHBOYEV,
Tasvirchi: Temur BAYBIKOV.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqish huquqini beruvchi roʻyxatni tuzish tartibi belgilandi
- Ish bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar va kasbga oid kasalliklar haqidagi maʼlumotlarning yaxlit tizimi yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi
- Har bir hududda “Kasaba uyushmalari bogʻlari” tashkil etiladi
- Lamin Yamal “Barselona”ni tark etishi mumkin
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring