Naoya Inoue Murodjon Ahmadaliyevdan qoʻrqdimi? «Kunchiqar yurt vakili» hamyurtimizga qarshi jang qilish niyatida emas

13:02 19 Iyun 2024 Sport
436 0

Illyustrativ foto

Jahon boks assotsiatsiyasi (WBA) ikkinchi eng yengil vazn toifasi chempioni, yaponiyalik Naoya Inouega Murodjon Ahmadaliyevdan majburiy himoya jangi oʻtkazishga buyruq bergandi. Ammo «kunchiqar yurt vakili» jangga chiqish niyatida emas.

Tashkilot tomonlarga rasmiy maktub yuborib, har ikki jamoaga jang haqida xabar berdi. Muzokara uchun taqdim etilgan 30 kun muhlat 14-iyul kuni tugaydi.

WBAning rasmiy buyrugʻi boʻlishiga qaramay, Naoya Inoue Ahmadaliyev bilan jang qilmay, kamarni vakant qoldirishi mumkin

«Navbatdagi jangning manzili aniq. Barcha kamarlarni ushlab turish qiyin boʻladi. Shu sababli kamarni vakant qilishimiz mumkin», degan Inoening menejeri Xideyuki Oxashi.

Xideyuki Oxashi WBA talabini qondirishning iloji yoʻqligini, chunki sentyabr oyida boshqa raqibga qarshi chempionlikni himoya qilish boʻyicha kelishuv allaqachon yakunlanish arafasida ekanligini aytmoqda.

«Inouye toʻrtta kamarni bir vaqtning oʻzida ushlab turishni davom ettirishi shart emas. WBA unvonidan mahrum boʻlish qoʻrqinchlimas» deydi menejer.

«Top Rank» promouterlik kompaniyasi rahbari Bob Arum ham mijozi Naoya Inouega bogʻliq keyingi rejalar bilan oʻrtoqlashdi.

«Inoue shu yilning 9-sentyabr kuni Yaponiyada Ti Jey Doxeni bilan jang qilishni rejalashtirmoqda. Doxeni Yaponiyada juda mashhur, bu katta ahamiyatga ega. Keyin esa Naoya IBF kamarini Sem Gudmandan himoya qilishga urinib koʻradi. Undan keyin esa yarim yengil vazn toifasiga koʻtariladi. Eng yomon vaziyatda Naoya WBA kamarini yoʻqotadi. Bu esa biz uchun yoʻqotish hisoblanmaydi», degan Arum.

Reglamentga koʻra, chempion kamarini qoʻlga kiritgan kundan boshlab 9 oy ichida mavjud boʻlgan eng yaxshi daʼvogarga qarshi unvonini himoya qilishi kerak.

Inoue 2023-yilning 26-dekabrida chempionlikni qoʻlga kiritgan va uning majburiy himoyasi shu yilning 25-sentyabridan kechiktirmay oʻtkazilishi kerak. WBA yoʻnalishidagi majburiy daʼvogar esa aynan hamyurtimiz boʻlib turibdi.

Maʼlumot uchun, WBA va IBF yoʻnalishlarida sobiq jahon chempioni Murodjon Ahmadaliyev AQSHda mashgʻulotlarni davom ettirmoqda.

«Bu ajoyib jang boʻladi. Inoue haqiqiy monster, lekin men uning oldingi raqiblaridan aqlli va kuchliroqman. Kel, jang qilaylik, chempion», deya Inouega murojaat qilgan Ahmadaliyev. Shunga qaramay, yaponiyalik bokschi hozircha hamyurtimizga roʻbaroʻ kelishdan oʻzini tiymoqda.

Maʼlumot uchun, Inoue navbatdagi jangini sentyabr oyida Tokioda Sem Gudmanga qarshi oʻtkazishi lozim edi. Biroq, Gudman iyul oyida Avstraliyada ringga koʻtariladi. Shu sababli, Inouega sentyabr oyida WBO yoʻnalishi boʻyicha 2-raqamli jangchi Ti Je Doxeni raqib boʻlishi mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер