Namanganlik olti yoshli Rauf Gʻaybullayev mental arifmetika boʻyicha super-chempion boʻldi

Foto: “Xalq soʻzi”
Uychi tumanidagi “Asal bilimdon bolajon” maktabgacha taʼlim tashkiloti tarbiyalanuvchisi Rauf Gʻaybullayev Ozarbayjon Respublikasining Baku shahrida oʻtkazilgan mental arifmetika boʻyicha xalqaro musobaqa gʻolibiga aylandi.
Joriy yilning 4-5-noyabr kunlari boʻlib oʻtgan va Amerika, Rossiya, Turkiya, Qozogʻiston singari 30 dan ortiq davlatlardan kelgan eng mohir mentalchilar orasida yuqori natijaga erishgan vakilimiz “super chempion” degan sharafli nomga loyiq koʻrildi. Tumandagi “Barkamol avlod” bolalar maktabi toʻgaragi aʼzosi Dildora Hakimboyeva ham nufuzli musobaqada yuqori oʻrinni egalladi.
— Olti yoshli Raufjon bogʻchamizda tashkil etilgan mental arifmetika guruhi mashgʻulotlariga bir yarim yildan buyon qatnashib keladi, — deydi muassasa direktori Gulbahor Yoqubboyeva. — U bundan bir oy avval Navoiy shahrida maktabgacha taʼlim tarbiyalanuvchilari va maktab oʻquvchilari oʻrtasida oʻtkazilgan respublika chempionatida ham oliy oʻrinni egallagan edi.
Taʼkidlash joizki, yoshlarning mantiqiy, ijodiy fikrlash, fotografik xotiralarini rivojlantirish va matematika faniga qiziqishlarini oshirish maqsadlariga qaratilgan mental arifmetika aksar maktabgacha taʼlim tashkilotlarini qamrab oldi. Mutaxassislar fikri, shuningdek, tajribalarga koʻra 5 dan 13 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun moʻljallangan bu dastur inson bosh miyasining har ikki yarim sharini birdek rivojlantirishga xizmat qiladi. Eng muhimi, uni egallagan oʻgʻil-qizlar qoʻshish, ayirish, koʻpaytirish va boʻlish kabi amallarni osonlikcha bajara oladi. “Asal bilimdon bolajon”da ayni yoʻnalish boʻyicha maxsus tayyorgarlikdan oʻtib kelgan Maʼmura Olimjonova bolajonlarga toʻrt amalni tezkor bajarish sirlarini erinmay oʻrgatadi. Natija chakki emas. Uning shogirdlari bu masalada bogʻcha doirasidan chiqib, oʻz salohiyatlarini yuqori darajadagi bellashuvlarda ham muvaffaqiyatli namoyish qilmoqdalar. Masalan, joriy yil yozida Turkiyaning Antaliya shahrida tashkil etilgan xalqaro olimpiadada ularning ikki nafari – Dovudxon Musaxonov hamda Temurbek Moʻminovlar gʻoliblar safidan joy olishgan edi. Bu gal Rauf Gʻaybullayevga omad kulib boqdi.
Ayni kunlarda jajji iqtidor egalari kelgusi yilning boshida Birlashgan Arab Amirliklarida mental arifmetika boʻyicha tashkil etiladigan xalqaro bellashuvda qatnashish huquqini qoʻlga kiritish uchun astoydil tayyorgarlik koʻrishmoqda.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Sardobaning siri nimada?
- Toshkentda “Iqtisodiyot va biznes boshqaruvi sohalarida ilgʻor tadqiqotlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy simpozium oʻtkazildi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring