Namanganlik mirishkor Navoiyda qovun yetishtirmoqda

16:01 30 May 2024 Jamiyat
320 0

Temur ESHBOYEV/ “Xalq soʻzi”. Eslasangiz, oʻtgan yili gazetamizda “Navoiylik dehqonlar “qovun pashshasi”dan qachon qutulishadi?” sarlavhali maqola chop etilib, unda hudud mirishkorlarini bir necha yillardan buyon qiynab kelayotgan qovunchilik sohasining muammolari haqida soʻz yuritilgan edi.

Joriy mavsumda viloyatda poliz, xususan, qovun-tarvuz mahsulotlari yetishtirishda ilmiy-amaliy tadbirlar bilan birga uzoq yillik tajribalarga ham asoslangan holda yondashildi. Chunonchi, viloyatning Navbahor tumanidagi Yuqori Beshrabot hududidan namanganlik mirishkor Zohidjon Mirzamatovga sakkiz gektar yer maydoni ajratilib, qovunning Dakaro navi ekildi.

— Oʻninchi aprel kuni qovun urugʻini qadaganmiz, — deydi Z. Mirzamatov. — Yogʻingarchiliklarning koʻp va ob-havoning salqin kelishi sabab bu yil hosilning yetishishi 20 kunga kechikmoqda. Nasib etsa, iyunning 20-sanasiga bormay dastlabki qovunlarni bozorlarga chiqaramiz.

Namanganlik dehqon tatbiq etgan tajriba haqida toʻxtaladigan boʻlsak, u qovun egatlari oralarini plenka bilan yopgan. Mirishkorning taʼkidlashicha, bu namlikni uzoqroq saqlash bilan birga, turli hasharotlardan ham himoya qilarkan. Tabiiyki, ekinlarni hasharotlardan himoya qilishda viloyatdagi Oʻsimliklar karantini va himoyasi boshqarmasi mutaxassislari ham yaqindan yordam berishmoqda.

Darvoqe, viloyatning turli hududlaridan dehqonlar vodiylik mirishkorning tajribasini oʻrganish maqsadida tez-tez kelib, maslahatlar olib turishibdi. Tabiiyki, buning aybi yoʻq. Axir xalqimiz, “bilmaganni soʻrab oʻrgangan olim, orlanib soʻramagan oʻziga zolim”, deya bejiz aytmagan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?