Namanganda karting boʻyicha Oʻzbekiston ochiq chempionati oʻtkazildi

15:30 11 Avgust 2025 Jamiyat
188 0

Karting mamlakatimizda texnik va amaliy sportning tobora ommaviylashib borayotgan turlaridan biri boʻlib, u bilan shugʻullanayotgan ixlosmandlar safi yildan-yilga kengaymoqda. Ayniqsa, Namangan viloyatida bu borada yaratilgan moddiy-texnik imkoniyatlar kishini quvontiradi.

Xususan, Uchqoʻrgʻon tuman oʻquv sport texnika klubi qoshidagi kartodrom respublikada yagona hisoblanib, turli darajadagi musobaqalar oʻtkazishning zamonaviy bazasiga aylangan. Kuni kecha bu yerda navbatdagi katta bellashuv – karting poygasi boʻyicha Oʻzbekiston ochiq chempionati final musobaqasi oʻtkazildi.

— 85 nafar sportchi maydonga tushgan chempionatda mamlakatimizning besh viloyatidan tashqari Rossiya Federatsiyasi va Qirgʻiz Respublikasi kartingchilari ham ishtirok etdi, — deydi “Vatanparvar” tashkiloti Namangan viloyati Kengashi raisi Ahmadjon Aʼloxoʻjayev. — Albatta, boshqarilayotgan texnika tezligi yuqori boʻlgan bunday bahsda kartingchining chapdast va chaqqonligi oʻz soʻzini aytadi. Ana shunday sportchilar orasida qizlarimiz ham borligi quvonarlidir.

Kartodromga kelgan minglab muxlislarning hayajonli kuzatuv va olqishlari ostida kechgan musobaqaning yakuniy natijalariga koʻra yoshlar oʻrtasida 1-oʻrinni Toshkent shahri, 2-oʻrinni Namangan viloyati va 3-oʻrinni Toshkent viloyati jamoalari egalladi. Kattalar oʻrtasida esa 1-oʻrin Toshkent shahri, 2-oʻrin Toshkent viloyati, 3-oʻrin Buxoro viloyati vakillariga nasib etdi. Gʻolib sportchilar anʼanaga koʻra, diplom hamda “Vatanparvar” sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Maʼlumot uchun, ayni paytda Namanganda sportning texnik va amaliy turlariga jalb etilgan 1500 ga yaqin yoshlardan 120 nafari karting bilan mashgʻul. Joriy yilning oʻzida xalqaro sport ustasi Yasmina Egamberdiyeva soʻnggi chempionatda ikki tur boʻyicha gʻoliblikka erishgan boʻlsa, Solih Xayrullayev Oʻzbekiston chempioni maqomini qoʻlga kiritdi va oliy taʼlim muassasasiga imtiyozli qabul qilinish huquqini oldi.

Qudratilla NAJMIDDINOV,

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер