Namanganda bozorlar raqamlashtirilmoqda
Mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni faol rivojlantirish va barcha sohalarda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish boʻyicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Maqsad inson omilini qisqartirib, shaffoflikni taʼminlash va faoliyatda korrupsiya, manfaatlar toʻqnashuvini oldini olish hamda bunday illatlarga qarshi murosasiz kurashishdir. Bu borada Namangan viloyatida ishlar koʻlami kengaymoqda. Bu jihatdan aholiga xizmat koʻrsatish va savdo sohasini raqamlashtirish juda muhim hisoblanadi.
Namangan viloyati bozorlar va savdo komplekslari faoliyatini muvofiqlashtirish uyushmasidan olingan maʼlumotlarga koʻra, hozirgi kunga qadar 7 ta bozorda raqamlashtirish ishlari yakunlangan.
— Viloyat markazidagi “Namangan Chorsu dehqon universal bozori” AJda raqamlashtirish birinchi boʻlib amalga oshirildi, — deydi mazkur uyushma mutaxassisi Lutfullo Boltaboyev. — Ushbu loyihani amalga oshirish uchun uchta nomzod korxona tanlovda ishtirok etib, “Tech Data soft” MCHJ gʻolib chiqqan edi. Ikki tomon oʻrtasida imzolangan shartnomaga muvofiq bozorning “Poliz va yashil mahsulotlar” rastasini raqamlashtirish uchun 300 million soʻmlik ish bajarildi. Dastlabki bosqichda 144 ta doʻkon va savdo oʻrni alohida abonent sifatida roʻyxatdan oʻtkazildi. Boshqa zarur yumushlar amalga oshirildi. Navbati bilan “Zira va don mahsulotlari” rastasida savdo oʻrinlari boʻyicha raqamlash, kuzatuv kameralarini oʻrnatish, sozlash jarayonlari oxiriga yetkazilyapti.

Taʼkidlash joizki, “Namangan chorsu dehqon universal bozori” AJdagi dastlabki oʻrganishlarda 48 nafar fuqaro noqonuniy faoliyat yuritib kelganligi, 71 ta yakka tartibdagi tadbirkor hujjatlarda ishni toʻxtatganligi koʻrsatilsa-da, amalda faoliyat koʻrsatib kelganligi aniqlangan. Tabiiyki, ulardan toʻlovlarni undirish “unutilmagan”, olingan mablagʻ esa kassaga emas, kimlarningdir choʻntagiga tushgan. Birinchi navbatda ana shu subyektlarni yangicha tartibda ishlashga oʻtkazishga eʼtibor qaratildi. Bugungi kunda bu yerdagi 782 ta savdo oʻrinlarining 300 dan koʻprogʻi raqamli boshqaruv tizimiga ulangan. Bozordagi barcha moliyaviy manbalar real vaqt rejimida kuzatib borilmoqda.
—Savdo oʻrnini band etish, pattachilar bilan munosabatda yaqin vaqtgacha anchagina murakkabliklarni boshdan kechirib keldik,—deydi sotuvchi Dilorom Abdurazzoqova. – Endi hammasi boshqacha. Toʻlovlarni qoʻl telefonimizdagi dastur yordamida onlayn tartibda amalga oshiryapmiz. Bunda oʻtkazgan har bir soʻmimiz qatʼiy hisobga olinadi. Rastalar oʻrtasiga oʻrnatilgan bankomatlar esa naqd pul olish ehtiyoji bor xaridorlarga qulaylik yaratdi.
Aytish lozimki, bozordagi raqamlashtirish tadbirlari oʻz natijasini koʻp kuttirmadi. Qisqa vaqt ichida bozorning oylik tushum miqdori 200 million soʻmga koʻpayib, 800 million soʻmga yetdi. Shundan kelib chiqib, bu yerdagi qolgan rasta va turgʻun savdo shoxobchalarini ham raqamlashtirish tezlashtirilmoqda.
Soha mutaxassislarining aytishiga qaraganda, bozorlarni raqamlashtirishning nafi katta. Eng avvalo, savdo-sotiq ishlari, sotuvchi va bozor xodimlari oʻrtasidagi munosabat shaffof tus oladi. Bu oʻz navbatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan omillar yoʻlini toʻsadi, degani. Bugun “Chorsu”da nimalar oʻzgargan? Aksariyat savdo rastalarida bir martalik yigʻimlar va koʻrsatilgan xizmatlar uchun toʻlovlarni inson omilisiz, shu jumladan onlayn “QR” kod bilan tasdiqlanadigan toʻlash tizimi orqali amalga oshirilmoqda. Aytish mumkinki, savdo oʻrinlari taqsimoti boʻyicha tanish-bilishchilik ham barham topgan. Koʻrsatilgan xizmat uchun yigʻimlar pattachilar orqali emas, onlayn bajarilyapti, yaʼni, kissaga emas, toʻgʻridan-toʻgʻri kassaga tushyapti. Hududda kirib-chiqishni nazorat qiluvchi elektron kuzatuv tizimi joriy etilganligi esa xavfsiz bozor tamoyili amal qila boshlaganidan dalolatdir.
Bu kabi yangilanishlar viloyatning boshqa tumanlaridagi bozorlarda ham amalga oshirilib, tegishli mutaxassislar tomonidan kuzatuv kameralari, oʻlchash, raqamlash apparatlarini oʻrnatish davom ettirilmoqda.
Muhiddin MAGʻZUMOV,
jurnalist.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring