Namanganda “Besh tashabbus olimpiadasi” festivali boʻlib oʻtdi

12:05 29 Sentyabr 2025 Jamiyat
174 0

Davlatobod tumanidagi “Afsonalar vodiysi» tematik parkida oʻtkazilgan festivalning asosiy maqsadi – yoshlarning ijodiy qobiliyatini rivojlantirish, ularning madaniyat va sanʼat sohasidagi intilishlarini qoʻllab-quvvatlash hamda besh muhim tashabbus atrofida birlashtirishdan iborat boʻldi. Tadbirda oʻquvchi va talabalar, mahalla yoshlari hamda uyushmagan yoshlardan iborat besh mingdan ziyod ishtirokchi qatnashdi.

Bir kun davom etgan anjuman dasturi rang-barang boʻlib, unda yoshlar faolligini oshirish va milliylikni targʻib etuvchi loyihalarga keng oʻrin berildi. Xususan, turli yoʻnalishdagi madaniy-maʼrifiy tadbirlar, kitobxonlik tanlovlari, “Zakovat” intellektual bellashuvlari, shuningdek, shaxmat, shashka, vorkaut, arqon tortish, armresling va osh musobaqalari bu yerga toʻplangan yigit-qizlarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishdan tashqari ularning qiziqish va intilishlariga surʼat bagʻishladi.

— Yoshlarning uyushmagan qatlamini faol hayotga jalb etishga qaratilgan tadbirlarning har biri koʻtarinki ruxi bilan barchaga maʼqul tushdi, —deydi Yoshlar ishlari agentligi Namangan viloyati boshqarmasi boshligʻi Baxtiyor Mirzatov. — Tadbir yakunida eng yaxshi ishtirokchilar va osh chempionatida qatnashgan havaskor oshpazlarni diplom hamda esdalik sovgʻalari bilan taqdirladik. Bir soʻz bilan aytganda, oʻsib kelayotgan avlod tashabbuskorligini oshirishga qaratilgan festival oʻz mazmun-mundarijasi bilan ishtirokchilarga eng yorqin taassurotlarni tuhfa etdi.

Festival yakunida gala-konsert tashkil etildi. Estrada xonandalarining kuy-qoʻshiq va raqslaridan iborat ajoyib shou-dastur barchaga koʻtarinki kayfiyat ulashib, tadbirga bayramona ruh olib kirdi.

Qudratilla NAJMIDDINOV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер