Namanganda 63-Xalqaro gullar festivali boshlandi — Fotoreportaj

15:28 19 May 2024 Jamiyat
1107 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Qudratilla NAJMIDDINOV/«Xalq soʻzi». Har yili may oyiga kelib namanganliklar mintaqaning ajoyib qadriyatlaridan biriga aylangan gullar bayramini oʻzgacha zavq-shavq bilan nishonlaydilar.

Biri-biridan chiroyli gulu chechaklarga burkangan koʻhna va navqiron kent shu kunlari nafaqat respublikamiz, balki, qoʻshni mamlakatlar, butun dunyo ahlini nafosat sayliga chorlaydi. Bu yil ham anʼana takrorlandi. Anjumanga tayyorgarlik chogʻida istirohat bogʻlari, koʻcha va xiyobonlariga oʻtqazilgan 45 million tupdan ziyod turfa gul koʻchatlaridan orolangan shahar goʻzallik shaydolariga yana bagʻrini ochdi.

Festivalning asosiy manzili — Zahiriddin Muhammad Bobur nomli madaniyat va istirohat bogʻining markaziy darvozasi oldidagi maydon anjuman ochilishini ishtiyoq bilan kutgan yuz minglab nafosat oshuftalari bilan toʻldi. Festivalga odatdagidek gullardan naqshinkor tus olgan 200 dan ziyod avtomashinalar karvoni bilan start berildi. Koʻhna avtoulovlardan tortib mamlakatimizda ishlab chiqarilgan eng soʻnggi rusumdagi avtomobillar, qishloq xoʻjaligi sohasi va boshqa ixtisoslashtirilgan mashinalargacha boʻlgan bu transport vositalarining har biri oʻziga xos mazmunda gullar bilan bezatilganki, koʻrib koʻzingiz quvonadi.

Avtoparaddan soʻng boshlangan rasmiy ochilish marosimida soʻz olgan Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov viloyat ahli va mehmonlarni anjuman bilan qizgʻin qutlab, ularga uzoq vaqt davom etadigan anjumanning rang-barang dasturlaridan miriqib hordiq chiqarish tilagini izhor etdi.

«Bugun haqli ravishda aytish mumkinki, goʻzallikka oshufta dillarni oʻziga rom etayotgan ardoqli bayram yillar davomida takomil topib, hududning tashrif qogʻoziga aylanib ulgurdi. Dunyoning har burchidan kelgan mehmonlar nigohiga nafaqat gullar hayrati, balki, chinakam bayram zavqini ulashayotganimizdan mamnunmiz», — dedi viloyat hokimi.

Tantanali ochilish marosimidan soʻng bayram ishtirokchilari Bobur nomli bogʻda havaskor gulchilar va mehnati jamoalari bogʻbonlari tomonidan yaratilgan tematik koʻrgazmalar bilan yaqindan tanishdilar. Ularning har biri oʻziga xos mavzu, oʻziga xos mazmunga ega — shahar yoki tuman, alohida bir muassasaning yoʻnalishini tabiat neʼmatlari yordamida mohirona shakllantirilgan.

Xalqaro gullar festivalining bugun boshlangan mavsumi qirq kun davom etadi. Tashkilotchilar uning har bir kuni, har bir soatini maroqli oʻtkazish tadorigini koʻrishgan. Gullar, hunarmandlar, modalar koʻrgazmasi, ilmiy-amaliy konferensiyalar, turli tanlovlar, qadimiy oʻyinlardan tortib taniqli estrada xonandalarining chiqishlarigacha boʻlgan koʻngilochar dasturlar bayram ishtirokchilariga unutilmas taassurotlarni taqdim etishi shubhasiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер