Namanganda 30 ming bosma va uch million elektron adabiyotga ega axborot-kutubxona markazi foydalanishga topshirildi

11:50 19 Mart 2021 Madaniyat
2625 0

Shaharning Davlatobod tumanida qad rostlagan “Yangi Oʻzbekiston - yoshlar ziyo maskani” axborot-kutubxona markazi chinakam ilm-maʼrifat koshonasi koʻrinishini olgan. U 30 mingdan ziyod turli badiiy va ilmiy adabiyotlar, oʻquv qoʻllanmalar bilan taʼminlandi. Kelgusi uch yilda kitoblarning sonini 100 mingtaga olib chiqish koʻzda tutilgan.

Turkiyaning “UG Inshaat” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan tayyorlangan loyiha asosida qad rostlagan uch qavatli binoning umumiy maydoni 5220 kv. metrni tashkil etadi. U mutolaa va adabiyotlarni olish boʻlimlari, kitoblar arxivi va fond saqlash uchun moʻljallangan maxsus yertoʻladan iborat. Kutubxona bir vaqtning oʻzida 1200 kishiga xizmat koʻrsata oladi.

Ziyo maskanining kirish qismida roʻyxatga olish burchagi, infokioska joylashtirilgan boʻlib, har bir kitobxon uchun maxsus ID kartalar beriladi va ular roʻyxatga olinadi. Shuningdek, binoning birinchi qavatida “Bolalar maydonchasi” tashkil etilgan. Ushbu maydonchada 5 yoshdan 12 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun kitoblar, ularning ijodiy faoliyatini rivojlantirish uchun jihozlar ajratilgan. Kutubxonaga kelgan ota-onalar uchun ham zarur qulayliklar yaratilgan.

Ikkinchi qavatdagi bosma adabiyotlar boʻlimidan ijtimoiy huquqiy yoʻnalishdagi, shuningdek, badiiy adabiyotlar, mahalliy ijodkorlarning asarlari, texnika va texnologiyaga oid kitoblar, ilmiy ishlanmalar oʻrin olgan.

Uchinchi qavatni egallagan IT Park negizidagi raqamli kutubxona oʻzining keng imkoniyatlari bilan barchaga maʼqul tushishi tabiiy. Uning elektron bazasida 3 milliondan ortiq elektron adabiyotlar, mingdan ziyod audio kitoblar jamlangan. Bu yerdagi 50 ta zamonaviy kompyuter yordamida yoshlar elektron kitoblardan foydalanish, axborot texnologiyalari sohasidagi bilimlarini oshirish, loyihalar ishlab chiqarishda keng foydalanishlari mumkin. Xorijiy andozalar asosida tashkil etilgan “yashil maydoncha” yosh dasturchilarning erkin ishlashlari uchun xizmat qiladi.

Bugun mazkur axborot-kutubxona markazining tantanali taqdimoti tashkil etildi.

— Katta mablagʻ va mehnat evaziga barpo etilgan markaz Namangan ahli, xususan, yoshlar uchun ilm –maʼrifat oʻchogʻiga aylanadi, deb umid qilaman, — dedi marosimda soʻz olgan viloyat hokimi Sh. Abdurazzoqov. — Endi gap bu yerda yaratilgan sharoit va imkoniyatlardan oqilona foydalanishda. Buning uchun faqatgina kitobxonlik bilan cheklanib qolmasdan, adabiy kecha, ijodkorlar bilan uchrashuv, yangi asarlar taqdimoti singari tadbirlarni ham keng yoʻlga qoʻyish zarur.

Ochilish marosimida viloyat rahbarlari, nuroniy va yoshlar ishtirok etdi. Viloyat hokimligi tomonidan mingtadan koʻproq ilmiy va badiiy kitoblar ziyo maskaniga sovgʻa qilindi.

Qudratilla NAJMIDDINOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?