Namangan shahri hokimiga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi
Videodan kadr
Namangan shahrida hokimga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, hokimiyat organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish yoʻnalishida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan tezkor tadbir oʻtkazilgan.
Xususan, Namangan shahar hokimi va poyabzal ishlab chiqaruvchi masʼuliyati cheklangan jamiyat rahbari oʻzaro til biriktirib, qurilish sohasida tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanmoqchi boʻlgan fuqarodan shahar hududidagi 35 sotix yer maydonida joylashgan maʼnan eskirgan turar-joy binolari oʻrniga koʻp qavatli uy barpo etish huquqini olib berish va moliyalashtirish evaziga 60 ming dollar talab qiladi.
Oʻtkazilgan tezkor tadbirda dastlab MCHJ rahbari ushbu soʻralgan pul mablagʻini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shundan soʻng tezkor tadbir davom ettirilib, shahar hokimi oʻzining yana bir ishonchli odami boʻlgan – hokimlikning devonxona mudiri orqali MChJ rahbaridan 60 ming dollarni olgan vaqtida uning noqonuniy harakatlariga chek qoʻyilgan.
Hozirda Namangan shahar hokimi deputatlik daxlsizlik huquqidan mahrum qilinib, DXXning Namangan viloyati boshqarmasi Tergov boʻlimi tomonidan unga va devonxona mudiriga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan, MCHJ rahbariga nisbatan esa Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Shahar hokimiga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanilgan. Taʼkidlanishicha, tergov doirasida hokimning boshqa noqonuniy harakatlariga nisbatan ham huquqiy baho beriladi.
Poraxoʻrlik bilan bogʻliq holat Toshkent viloyatida ham qayd etilib, xususan, Zangiota tuman qishloq xoʻjaligi boʻlimi bosh mutaxassisi mahalliy fuqaroga tegishli uyning yonida joylashgan va davlat zaxirasida boʻlgan 8 sotix yer maydonini tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishi uchun tuman hokimligi tomonidan tuziladigan ishchi guruh orqali uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 40 ming dollar talab qiladi.
Lekin ushbu pul mablagʻidan 20 ming dollarini olgan vaqtida DXX va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan uning noqonuniy harakatiga chek qoʻyilgan.
Hozirda bosh mutaxassisga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqish huquqini beruvchi roʻyxatni tuzish tartibi belgilandi
- Ish bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar va kasbga oid kasalliklar haqidagi maʼlumotlarning yaxlit tizimi yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi
- Oʻzbekistonda narkojinoyatlar soni 5 yilda 103 foizga oshdi
- Har bir hududda “Kasaba uyushmalari bogʻlari” tashkil etiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring