Namangan xalqaro aeroporti terminalining birinchi bosqich rekonstruksiya ishlari yakunlandi

08:24 02 Sentyabr 2023 Jamiyat
291 0

2023-yil 1-sentabr kuni Namangan xalqaro aeroporti uchib kelish terminalining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Yangilangan terminal “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining Yekaterinburg — Namangan yoʻnalishi boʻyicha HY9830 reysining dastlabki 171 nafar yoʻlovchisini hamda Toshkentdan Namanganga uchgan Silk Avia US501 reysining 63 nafar yoʻlovchisini qabul qildi.

“Bugun biz Namangan aeroportida yangi uchib kelish zalini ochish uchun yigʻildik. Menimcha, xalqaro parvozlarni amalga oshirish imkoniyati hamda boshimiz uzra osuda osmon boʻlishi mustaqillikning bir koʻrinishidir”, — dedi Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazoqov tadbirning tantanali qismni boshlab.

Uchib kelish zalida yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatishning umumiy maydoni 720 kv.m dan 1756 kv.m gacha oshdi. Shundan 1365 kv.m. xalqaro reyslar yoʻlovchilariga va 391 kv.m. ichki reyslarga xizmat koʻrsatish uchun.
Shu tariqa, terminalning oʻtkazish qobiliyati 3 baravarga oshib 100 tadan, eng tigʻiz vaqtda 300 ta yoʻlovchiga xizmat koʻrsata olish imkoniyatiga ega boʻldi.

“Bugun siz koʻrib turgan Namangan xalqaro aeroportining yangi terminali qisqa muddatlarda rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi. Bugungi kunga qadar erishgan barcha koʻrsatkichlarimiz “Uzbekistan Airports”ning raqobatbardoshligini yanada oshiradi va xalqaro aeroportlarni mintaqaviy aviatsiya xablariga aylantirish uchun zamin yaratadi”, — dedi “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi vazifasini vaqtinchalik bajaruvchi Javlon Umarxoʻjayev.

Shuningdek, rekonstruksiya doirasida uchib kelish terminaliga yangi bagaj lentalari, chegara nazorati kabinalari, tejamkor suv isitgichlari, sovitish tizimlari va yer osti isitish radiatorlari oʻrnatildi. Aeroport terminali ustiga energiya tejovchi quyosh panellari oʻrnatildi, ular terminalning umumiy ehtiyojining 30 foizigacha elektr energiyasini taʼminlaydi. Bundan tashqari, 100 ta toʻxtash joyiga moʻljallangan yangi avtomatlashtirilgan avtoturargoh ochildi.

“Yangi terminalni rekonstruksiya qilishda mahalliy materiallardan keng foydalanilgan holda yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish sifati boʻyicha xalqaro standartlarga javob beradigan barcha shart-sharoitlarni yaratadigan tarzda qurdik. Fargʻona vodiysidagi xalqaro aeroportlar orasida birinchi boʻlib quyosh panellarini oʻrnatganimizdan faxrlanamiz va nafaqat hamkasblarimiz, balki aholi oʻrtasida ham elektr energiyasini tejash tendensiyasini yaratishimizga ishonchimiz komil. Bundan buyon shahar aholisi va yurtimiz mehmonlarini aeroport xizmatlarining ilgʻor texnologiyalariga ega yangilangan terminal kutib olishidan juda mamnunmiz”, — deya xulosa qildi Namangan xalqaro aeroporti direktori Qobiljon Abdunazarov.

Qayd etish joizki, ikkinchi bosqich — joʻnab ketish terminalining rekonstruksiya ishlari 2023-yil sentyabr oyida boshlanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?