Namangan davlat universitetining xalqaro hamkorligi kengaymoqda

19:36 06 Fevral 2025 Jamiyat
179 0

Malayziyada “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda oliy taʼlim sohasidagi imkoniyatlar va tashabbuslar” mavzusida birinchi Oʻzbekiston – Malayziya taʼlim forumi boʻlib oʻtdi. Forum tantanali ravishda ikki davlat madhiyalari yangrashi bilan ochildi.

Tadbirning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov hamda Malayziya Oliy taʼlim vaziri Zambry Abdul Kadir soʻzga chiqib, oliy taʼlim sohasida ikki mamlakat oʻrtasidagi mustahkam hamkorlik yoʻlga qoʻyilganini taʼkidladilar. Shuningdek, kelgusida oliy taʼlim muassasalari oʻrtasidagi aloqalarni yanada kengaytirish, akademik mobillik dasturlarini rivojlantirish, qoʻshma taʼlim dasturlarini joriy etish hamda ilmiy tadqiqotlar hajmini oshirishga doir rejalar belgilab olindi.

Forumning madaniy qismida Oʻzbekiston va Malayziya sanʼatkorlari ishtirokida konsert dasturi namoyish etilib, tadbir ishtirokchilariga yuqori kayfiyat ulashildi. Ushbu madaniy tadbir ikki xalq madaniyatini yaqinroq tanishtirishga xizmat qildi.

Shuningdek, forum davomida oliy taʼlim sohasidagi mutaxassislar turli mavzularda maʼruzalar oʻqib, oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha qator tashabbuslar ilgari surdilar. Mazkur forum doirasida oliy taʼlim tizimini yanada takomillashtirish, professor-oʻqituvchilar va talabalar almashinuvini yoʻlga qoʻyish boʻyicha muhim kelishuvlarga erishildi.

Forum doirasida Namangan davlat universiteti delegatsiyasi bir qator nufuzli oliy taʼlim muassasalari bilan oʻzaro hamkorlik memorandumlarini imzoladi.

Xususan, universitet rektori, pedagogika fanlari doktori, professor Sobitxon Turgʻunov rahbarligidagi delegatsiya Sharqiy Osiyoning yetakchi universitetlaridan biri hisoblangan “Malaya” universitetiga tashrif buyurib, ikki tomonlama hamkorlik kelishuvlariga erishdi. Ushbu kelishuvlar doirasida “Malaya” universitetining fan (“Science”) fakulteti va NamDUning fizika-matematika fakulteti oʻrtasida professor-oʻqituvchilar hamda talaba-yoshlar almashinuvi yoʻlga qoʻyilishi, shuningdek, tabiiy fanlar yoʻnalishida qoʻshma laboratoriyalar tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, NamDU delegatsiyasi Malayziya Xalqaro islom universiteti bilan tibbiyot yoʻnalishida stomatologiya, davolash ishi va pediatriya sohalarida qoʻshma taʼlim dasturlarini amalga oshirish boʻyicha kelishuvga erishdi. Bundan tashqari, Oʻtara universiteti bilan “Tadbirkorlik markazi”ni tashkil etish va iqtisodiyot hamda biznes yoʻnalishlarida hamkorlikni rivojlantirish rejalashtirilgan.

Sulton Idris taʼlim universiteti bilan esa psixologiya, amaliy psixologiya, inklyuziv taʼlim va taʼlim jarayonlarini tashkil etish yoʻnalishlarida qoʻshma dasturlar yoʻlga qoʻyiladi. Shuningdek, NamDU va Perlis universiteti axborot texnologiyalari va iqtisodiyot sohalarida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish boʻyicha kelishuvga erishdi.

Bu hamkorliklar Oʻzbekiston va Malayziya oʻrtasidagi taʼlim sohasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Mamlakatimiz rahbarining Malayziyaga rasmiy tashrifi doirasida erishilgan mazkur kelishuvlar natijasida akademik mobillik dasturlari rivojlanishi, qoʻshma taʼlim dasturlari joriy etilishi va ilmiy tadqiqotlar qamrovi yanada kengayishi kutilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер