Namangan davlat universitetida 3662 nafar talaba yotoqxonaga muhtoj, vazir muammoni joyida oʻrgandi
Ayni paytda Namangan davlat universitetida kunduzgi boʻlimning oʻzida salkam 14,5 ming talaba tahsil olayotgan boʻlsa, ularning atigi 1594 nafari talabalar turar joyida, 3662 nafari esa ijaraga olingan xonadonlarda istiqomat qilishadi.
Shundan kelib chiqib, taʼlim muassasasida talabalar uchun yangi yashash maskani qurilishiga kirishildi. Universitetning Namangan shahridagi Boburshoh koʻchasida bunyod etilayotgan zamonaviy inshoot 400 oʻringa moʻljallangan. Uning loyiha qiymati 25 milliard soʻmdan koʻproq boʻlib, qurilish ishlari “Fayzobod samo servis” masʼuliyati cheklangan jamiyati binokorlari tomonidan amalga oshiriladi.
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov Namanganda boʻlib, mazkur obyekt loyihasi bilan yaqindan tanishdi. Qisqa muddatda foydalanishga topshiriladigan talabalar turar-joyi 7 qavatdan iborat boʻladi va bino tom qismiga quyosh panellari oʻrnatiladi. Natijada bino uzluksiz hamda tejamkor elektr energiyasi bilan taʼminlanadi. Inshootning birinchi qavatida oʻquv xonasi, oshxona, tibbiy xizmat xonasi, sport-sogʻlomlashtirish hamda maishiy xizmat koʻrsatish xonalari joylashadi.
Vazir talabalar turar-joyi loyihasi bilan tanishar ekan, obyektning har jihatdan pishiq, zarur shart-sharoitlarga ega boʻlishi zarurligi yuzasidan oʻz takliflarini berdi. Ayniqsa, nogironligi boʻlgan talabalarning turar-joy binosiga kirib-chiqishlarida qulaylik boʻlishi uchun panduslar oʻrniga kichik liftga oʻxshash qurilmani oʻrnatish gʻoyasi hammaga maʼqul tushdi. Quruvchi pudratchi bilan suhbatlashish chogʻida foydalaniladigan ashyo va materiallar sifati, narxiga eʼtibor qaratish lozimligi alohida taʼkidlandi.
Shunday qilib NamDU talabalari yaqin qisqa vaqt ichida yana bir muhtasham turarjoy binosiga ega boʻladilar. Xoʻsh, bu bilan OTM hayotida dolzarb boʻlib turgan muammo qay darajada yechim topadi?
Mutasaddilarning aytishiga qaraganda, 2026-yilga qadar yana 1200 oʻringa ega boʻlgan yotoqxonalar quriladi. Bu bilan talabalarning ayni yoʻnalishdagi ehtiyojlari 80 foizga qoplanadi.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- “Oltin kuz” II Xalqaro kamer va simfonik musiqa festivali boʻlib oʻtadi
- Mashinada xavfsizlik kamarini taqish mumkin boʻlmagan kasalliklar roʻyxati tasdiqlanadi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring