Myanmada 6-aprelgacha motam eʼlon qilindi

15:07 31 Mart 2025 Dunyo
172 0

Foto: Reuters

Myanmada 31-martdan 6-aprelgacha mamlakat miqyosida motam eʼlon qilindi. Bu haqda bosh vazir Min Aun Xlayn mahalliy MRTV telekanali efirida maʼlum qildi.

“Odamlar qurbon boʻlgani munosabati bilan 31-martdan 6-aprelgacha boʻlgan kunlar respublika miqyosida motam kunlari deb eʼlon qilindi”, — dedi hukumat rahbari oʻz murojaatida.

28-mart kuni Myanmada ikkita kuchli zilzila sodir boʻldi. Maʼlumotlarga koʻra, yer silkinishlari magnitudasi 7,7 va 6,4 ballga yetgan. Oqibatda mamlakatda uy-joylar, yoʻllar va boshqa infratuzilma obyektlari vayron boʻlgan.

Myanmaning markaziy qismini vayron qilgan zilzila qurbonlari soni ortib bormoqda. Birlashgan Millat Tashkiloti yakshanba kuni bu haqda ogohlantirib, tabiiy ofat oqibatlari zilziladan oldin ham yordamga muhtoj boʻlgan deyarli 20 million mamlakat aholisining ahvolini yomonlashtirayotganini taʼkidladi.

OAV maʼlumotlariga koʻra, qurbonlar soni 1700 nafarga yetgan. Yana 3400 kishi jarohatlangan, yuzlab odamlar bedarak yoʻqolgan.

Tailand poytaxti Bangkokda ham zilzila sodir boʻlgan, qurilishi tugallanmagan osmonoʻpar bino qulashi oqibatida 76 nafar qurilish ishchisi bedarak yoʻqolgan. U yerda halok boʻlganlar soni 17 kishiga yetdi.

Myanmadagi qidiruv-qutqaruv ishlari yirik Mandalay shahri va poytaxt Neypitavga qaratilgan. Jabrlangan hududlarga bir qancha xalqaro gumanitar guruhlar yetib kelgan. Ammo aeroportlarga yetgan zarar tufayli yordam koʻrsatish ishlari qiyinlashmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер