Mutaxassis: “Fastfud”lardagi semizlikni keltirib chiqaruvchi transyogʻlar hazmi uchun kamida ikki yil zarur

16:36 23 Avgust 2022 Jamiyat
629 0

Lavash, gamburger, xot-dog, non kabob, chips... Bu tezpishar mahsulotlar — hozir aksariyat yoshlarning sevimli taomi. Ammo bozori chaqqon ushbu yeguliklarning foydasidan zarari koʻproq, desak xato boʻlmaydi.

Masalan, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti joriy yilda insoniyat hayotiga tahdid solayotgan besh asosiy xavf reytingi boshida semizlikni keltirib, buni “fastfud”lar isteʼmoli avj olishi bilan izohladi.

Xoʻsh, tezpishar taomlarning salomatlik uchun qanday zarari bor? Ular qaysi kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin?

— Koʻplab xastaliklar notoʻgʻri ovqatlanish tufayli yuzaga kelishini yaxshi bilamiz, — deydi oliy toifali shifokor Hilola Jamilova. — Jigar, oʻt qopi, oshqozon-ichak, qon-tomir, endokrin tizimi xastaliklari koʻpincha nosogʻlom taomlanish asoratlari sifatida izohlanadi.

Chunonchi, ortiqcha vazn tufayli ichki aʼzolar faoliyati buzilishi kuzatiladi. Yurak qon haydashga, jigar zaharlarni tozalashga, endokrin bezlar esa organizmni kerakli miqdordagi gormonlar bilan taʼminlashga qiynaladi. Oqibatda semizlik qator surunkali kasalliklarga sabab boʻladi.

Chunki “fastfud”lar tarkibida toʻyingan va transyogʻlar miqdori haddan ziyod koʻp. Bu esa semizlikni keltirib chiqaruvchi asosiy omillardan biri. Chunki toʻyingan va transyogʻlarning organizmdan toʻliq chiqib ketishi juda qiyin jarayon. Baʼzi manbalarda buning uchun kamida 2 yil vaqt talab etilishi aytiladi.

Shuningdek, tezpishar taomlarning aksariyati yuqori kaloriyaga ega. Oʻrta vaznli erkaklar uchun bir sutkada qariyb 2500 Kkal, ayollar uchun esa 2000 Kkal quvvat talab etilishini inobatga olsak, “fastfud”lar tarkibidagi ortiqcha uglevodlar organizmda toʻplanib, vazn ortishiga olib keladi.

Bundan tashqari, tezpishar mahsulotlar tayyorlashda tuz koʻp ishlatiladi. Vaholanki, jismoniy sogʻlom inson uchun kuniga oʻrtacha 5 gramm tuz isteʼmoli meʼyoriy koʻrsatkich.

Ammo bitta lavash yoki gamburger tarkibida 2-3 gramm, oʻrtacha porsiya kartoshka frisida esa 0,5 gramm tuz qoʻllaniladi. Bir taomlanishda yarim kunlik meʼyorni isteʼmol qilish esa organizm uchun ziyon. Bu yurak-qon tomir kasalliklarining rivojlanishiga turtki boʻladi.

Xuddi shunday, “fastfud”lar bilan birga isteʼmol qilinadigan gazlangan shirin ichimliklar, souslar tarkibidagi haddan ziyod shakar qandli diabetni shakllantiruvchi birlamchi mahsulotlar sirasidan.

Oʻz navbatida, avstraliyalik olimlar oʻtkazgan tadqiqotda tezpishar taomlar va ular oqibatida shakllanadigan semizlik miya xastaliklari, xususan, aqliy zaiflikni ham keltirib chiqarishi isbotlangan.

Oʻylaymizki, bularning bari “fastfud” isteʼmol qilishga odatlangan yoshlarni ogohlikka chaqiradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?