Muqaddas burchini unutmagan rais

12:59 28 Mart 2025 Jamiyat
97 0

Qudratilla Najmiddinov/“Xalq soʻzi”. Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi Fayziobod mahalla fuqarolar yigʻini raisi Xolmahammat Asqarov yetti yildirki, mahalladoshlarining quvonch-u tashvishlariga yelkadosh boʻlib kelmoqda. Izlanuvchan, tashabbuskor rahbar har bir oila, har bir fuqaro bilan hamjihatlikda ishlaydi. Xolmahammat akaning tajribasi tufayli mahalladagi keksalar maslahat guruhi, xotin-qizlar bilan ishlash, hokim yordamchisi va yoshlar yetakchisi kabi tuzilmalar ham bir qancha ijobiy yutuqlarga erishmoqda.

Mahalla raisining oʻzi uzoq yillar qishloq xoʻjalik sohasida ishlagani uchun mahalladagilarni ham tomorqadan unumli foydalanishga undaydi. Oʻzining 9 sotixlik hovlisidagi issiqxonani koʻrgan kishining havasi keladi. Xonadon sohiblari oynavand tomorqada asosan qulupnay va pomidor yetishtiradi. Yil davomida qulupnayning “Charli” navi hosildan toʻxtamaydi. Ayni paytda kuniga 15 kilogrammdan koʻproq meva terib olinmoqda. Kuzning oxirida oʻtqazilgan pomidorning oldi qizardi, uzogʻi bilan oʻn kunda bozorga chiqadi.

— Issiqxonaning mehnati oʻziga yarasha, har kuni oralamasangiz boʻlmaydi. Koʻchatlarning tagini yumshatish, suvini berish, oziqlantirish, eng muhimi, zararkunandalardan asrash kerak, — deydi mirishkor mahalla raisi. — Uydagilarning koʻp vaqti shu yumushlarga ketadi. Pishib yetilgan hosil hisobidan kunora qoʻlimiz pul koʻradi.

Tomorqada issiqxonadan tashqari uncha katta boʻlmagan joyga bodring, bulgʻor qalampiri, lola koʻchatlari ham ekilgan. Bayram arafasida mahalladoshlarning aksariyati oʻz yaqinlariga sovgʻani shu yerdan olib ketishdi. Tomorqachilikdan yiliga 50-60 million soʻm daromad olayotgan raisning xoʻjalik yuritishiga mahalladagilar qiziqish bilan qaraydi. Uning yordami bilan koʻplab xonadonlar hovlilariga zamonaviy issiqxonalar qurishdi. Xursanali Niyozov, Ibrohim Samatov singari qoʻshnilar 5-8 sotixlik yopiq dalasini oilaviy biznesga aylantirgan. Koʻchatchilik bilan shugʻullanib kelayotgan Bahodir Oʻrmonov raisning koʻmagi bilan bankdan kredit olib, faoliyatini kengaytirdi. Bugungi kunda Fayziobodda issiqxona xoʻjaligini yoʻlga qoʻygan xonadonlar soni 40 tadan ortgan. Bunga qoʻshimcha ravishda uch yuz ellikdan ziyod oila giloschilik bilan shugʻullanayotgani eʼtiborga olinsa, tomorqa va bogʻdorchilik hududning chinakam drayveriga aylanib bormoqda. Mahalla bogʻlarida yetishtirilayotgan Toshkent gilosi xaridorbop, eksportga ham chiqariladi. Hosil terimi qizigan mavsumda bu yerdan 300 tonnadan koʻproq meva Rossiya bozorlariga yoʻl oladi. Bu ular hisobidan xonadonlarga 6 milliard soʻm atrofida daromad kirib boradi, deganidir.

Toʻraqoʻrgʻon tumani markazidan 15 kilometr uzoqlikdagi Fayzibod mahallasida 3371 kishi istiqomat qiladi. Bu yerda koʻp sanoqli mehnat oʻrniga ega sanoat ishlab chiqarishi yoʻq hisobi. Aholi asosiy qismining topishi tomorqadan. Ayni chogʻda 54 kishi xorijda mehnat muhojiri, ellikka yaqin fuqaro rasmiy ishsiz sifatida roʻyxatga olingan.

— Yaqinda ularni ham daromadli mehnatga tortamiz, — deydi yigʻin raisi. – Dala, bogʻlarda hosil pishib yetilyapti. Bu mevalarni yigʻishga kirishiladi. Ularni uzish, saralash va qadoqlash uchun ishchi kuchi kerak. Mavsumiy guruhlar tashkil qilamiz. Unga uyushganlar oʻzini-oʻzi band qilganlar qatoridan oʻrin oladi.

Oqsoqolning gapida jon bor! Mahallaning oʻz imkoniyatlarini ishga solib, aholi turmush farovonligiga erishish boʻyicha tajribasi yetarli. Mahalla raisi oʻzining muqaddas burchini bir lahza ham unutmagani tahsinga loyiq.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер