“Muhabbat bahori” filmining katta taqdimoti oʻtkazildi

Bugun Kinochilar uyida Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan rejissyor Ibrohim Rasulovning “Muhabbat bahori” kinokartinasining katta taqdimoti oʻtkazildi.
Filmda ikki ijodkor - Oʻzbekiston xalq shoiri Zulfiya va jamoat arbobi, taniqli shoir Hamid Olimjonning sof muhabbati, hayot yoʻllari, ijodi, ayriliq, vafo, sadoqat tuygʻulari haqida hikoya qilinadi. Shuningdek, ularning sof muhabbati, orzu va armonlari, Hamid Olimjon vafotidan keyin Zulfiyaxonimning ichki kechinmalari, umid va shijoatga toʻla hayot yoʻli oʻziga xos rakurslarda koʻrsatib berilgan.
Kinokartinada Hamid Olimjon va Zulfiyaxonimning bolalik davri, ijodiy faoliyati, asosan 1920-1944-yillar voqeliklari aks ettirilgan.
Ssenariy mualliflari Zulfiya Qurolboy qizi va Mikoyil Sulaymonov, postanovkachi rejissyor Ibrohim Rasulov, operator Talʼat Mansurov. Filmda asosiy rollarni Hamza Hasanov (Hamid Olimjon), Shahnoza Hojimurodova (Zulfiya), Shohida Ismoilova, Abdurayim Abduvahobov, Mehriddin Rahmatov va koʻplab viloyat teatrlarining mohir aktyorlari ijro etishgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Oʻzbekistonning ikki buyuk ijodkori, yetuk shaxs va jamoat arboblari haqidagi “Muhabbat bahori” filmi suratga olindi. Mana shunday kinokartinalar milliy madaniyatimiz, nafaqat oʻzbek, balki butun jahon adabiy merosiga ulkan hissa qoʻshadi, deya alohida taʼkidladi Kinematografiya agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov.
— Ushbu kinofilmni suratga olayotganimda uni birinchi navbatda maktab oʻquvchilari koʻrishi lozimligini bilardim va bundan juda xursandman. Bu men uchun rejissyor sifatida katta sovgʻa boʻldi, – dedi film rejissyori Ibrohim Rasulov.
– “Muhabbat bahori” filmida sevimli shoiramiz Zulfiyaxonim obrazini yaratish zimmamga juda katta masʼuliyat yukladi. Mazkur kinoasarda Zulfiyaxonimning nafaqat ijodi, balki uning insoniylik qirralari, ayollik baxti, turmush oʻrtogʻi, atoqli shoir Hamid Olimjonga boʻlgan vafo va sadoqati aks ettirilgan. Rejissyor Ibrohim Rasulov kasting jarayonlarida 200 ga yaqin nomzodlar orasidan meni tanlab olganlaridan xursand boʻldim, – dedi bosh rol ijrochisi Shahnoza Hojimurodova.
“Filmda buyuk adib, taniqli shoir Hamid Olimjon siymosini gavdalantirganimdan faxrlanaman. Shuningdek, rejissyor Ibrohim Rasulov boshchiligidagi professional ijodiy guruh bilan ishlaganimdan mamnunman. Eng asosiysi, bugun 27-may mening tavallud kunimga katta premyerani oʻtkazilayotgani men uchun kutilmagan tuhfa boʻldi. Tilagim, kinokartina barcha xalqimiz qalbidan oʻrin olsin, deya soʻzladi bosh rol ijrochisi Hamza Hasanov.
Filmning suratga olish ishlari Toshkent, Samarqand, Jizzax viloyatlari hamda Qoʻqon shahrida boʻlib oʻtgan.
Maʼlumot uchun, 14-may kuni Qashqadaryo viloyatidagi “Madaniyat va maʼrifat karvoni” tadbirlari doirasida oʻtkazilgan “Film qahramonlaridan oʻrnak olamiz” nomli umumtaʼlim maktab oʻquvchilari oʻrtasidagi insholar tanlovida “Muhabbat bahori” filmining maxsus namoyishi boʻlib oʻtgan edi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Abror Bakirov vafot etdi
- Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yoʻlida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va xodimlar oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
- Gidroenergetikadagi loyihalar ijrosi koʻrib chiqildi
- Oksana Chusovitina Jahon kubogida kumush medalga sazovor boʻldi
- Gruziyada dzyudo boʻyicha navbatdagi musobaqa boʻlib oʻtadi
- Toshkentda kriket boʻyicha trenerlar tayyorlashning ikkinchi bosqich oʻquv-seminari oʻtkazilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring