Moliya vaziri Davlat byudjeti ijrosi boʻyicha axborot berdi

12:01 22 Noyabr 2022 Siyosat
710 0

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining 2022-yil toʻqqiz oyi yakunlari ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni koʻrib chiqishdi.

Kun tartibidagi masala yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziri T. Ishmetov axborot berdi. 

Taʼkidlaganidek, joriy yilning toʻqqiz oyi yakunlariga koʻra, Oʻzbekiston iqtisodiyoti barqaror oʻsishda davom etdi. Natijada yanvar-sentyabr oylarida Oʻzbekistonda yalpi ichki mahsulot (YAIM) 5,8 foizga oʻsdi, inflyatsiya yil boshidan 8,1 foizni tashkil etdi. Davlat byudjeti daromadlari Davlat maqsadli jamgʻarmalarisiz 147,1 trln. soʻmni tashkil etib, belgilangan prognoz 105,3 foizga yoki 7,4 trln. soʻmga oshirib bajarildi. Daromadlar oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 31,1 trln. soʻmga oshdi.

Hisobot davrida ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirish hajmi Davlat byudjeti umumiy xarajatlarining 51,0 foizini, yaʼni 83,3 trln. soʻmni tashkil etgan. Byudjet tashkilotlarining 55,2 trln. soʻmlik ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlari hamda 10,3 trln. soʻmlik ish haqiga nisbatan ajratmalari oʻz muddatlarida toʻliq moliyalashtirilib berilgan.

Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tomonidan 2022-yilning 9 oyi davomida oʻtkazilgan nazorat tadbirlari natijasida jami 704,9 mlrd. soʻmlik byudjet mablagʻlari noqonuniy va maqsadsiz sarflangan. Bundan koʻrinib turibdiki, har bir vazirlik va idoralarda tashkil etilgan Ichki-audit boshqarmasi tomonidan xavflarni aniqlash va ularning oldini olish, ularning natijalarini tahlil qilish va doimiy nazorat qilish ishlari toʻgʻri tashkil etilmagan. Buning natijasida byudjet mablagʻlarini oʻzlashtirish yoki noqonuniy sarflash holatlari kamaymasdan yildan-yilga oshib bormoqda. Shu sababli xalq vakillari tomonidan vazirlik va idoralarning Ichki-audit boshqarmasini qayta koʻrib chiqish, xodimlarini oʻqitish, ularning salohiyatini oshirish va nazorat qilish ishlarini muvofiqlashtirish yuzasidan oʻz takliflarini bildirishdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining 2022-yil 9 oy yakuni ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni tasdiqlash haqida tegishli qaror qabul qildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?