Mirzo Bobur – buyuk imperiya asoschisi

“Bobur – dilbar shaxs... Uygʻonish davrining tipik hukmdori, mard va tadbirkor odam boʻlgan”.
Javoharlaʼl Neru
Ulugʻ ajdodimiz, buyuk davlat arbobi, mahoratli sarkarda, qomusiy alloma va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va faoliyati juda serqirra va sermazmundir. Bizga maʼlum boʻlgan ilmiy adabiyotlarda bu komil insonning buyuk sarkarda, adolatli davlat boshqaruvchisi va bunyodkor hukmdorlik sifatlari deyarli oʻrganilmagan. “Boburnoma” asari harbiy tarixni oʻrganishda alohida qimmatga ega. Unda muallif hayoti davomida sodir boʻlgan janglar va zamondosh harbiy sarkardalar faoliyati haqida ham koʻplab maʼlumotlar beradiki, ular boshqa manbalarda uchramaydi.
Shuningdek, boburiylar davlat boshqaruvining samarali usullarini ishlab chiqqanligi, mamlakatda fan va madaniyat rivojiga homiylik qilib, jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qoʻshgan beqiyos hissasi yetarli darajada yoritilmagan. Movarounnahr tarixida oʻchmas iz qoldirgan, Afgʻoniston, Pokiston va Hindiston tarixida tub burilish yasagan, bu mamlakatlar xalqlarining madaniy, ijtimoiy va iqtisodiy hayotida sezilarli oʻzgarishlarni amalga oshirgan temuriy shahzoda Zahiriddin Muhammad Bobur Hindistonda tarqoq mamlakatning siyosiy birligini taʼminlab, boburiylar saltanatiga asos soldi va mamlakat tarixida yangi sahifa ochdi. Boburshoh va boburiy shahzodalarning hayot yoʻli, ularning beqiyos bunyodkorlik ishlari, davlat boshqaruvida amalga oshirgan islohotlari, qolaversa, umuminsoniy gʻoyalari vatandoshlari qalbida, albatta, katta qiziqish uygʻotadi.
Hindistonda boburiylar saltanati oʻrnatilganiga 500-yilga yaqin vaqt oʻtgan boʻlsa ham, tarixchilar va mahalliy xalq hali-hanuz ularning nomlarini alohida ehtirom bilan tilga oladi. Oʻzbek davlatchiligi tarixini oʻrganishga astoydil kirishilgan bugungi kunda biz olib borayotgan tadqiqot ishi, albatta, muhim ahamiyat kasb etadi. Bobur hayotining aksar qismi harbiy holatda, janglar bilan oʻtdi. Barcha gʻalaba va magʻlubiyatli janglar kelajakda markazlashgan davlat barpo qilish yoʻlida unga muhim tajribalar berdi. Zamonasining yirik sarkardalari – Ismoil Safaviy, Shayboniyxon, Ibrohim Loʻdiy, Rana Sanga kabilar bilan ittifoqda yoki qarshi janglardan Bobur koʻp bilimlarni oʻzlashtirib, keyingi harbiy yurishlarida undan foydalanganini “Boburnoma” asari orqali bilamiz.
Sharq va Gʻarb mamlakatlarida Boburiylar sulolasi haqida oʻnlab ilmiy-tarixiy va adabiy asarlar yaratilgan. Bu asarlarning koʻplari boburiy shahzodalarning zamondoshlari tomonidan yaratilgan boʻlib, asar mualliflarining aksariyati oʻsha davr voqealarida ishtirok etgan. Bu asarlar Hindistonda uch yarim asrga yaqin vaqt davomida hukmronlik qilgan boburiylar sulolasi haqida qimmatli maʼlumotlar beradi. Boburiylar sulolasi oʻzining 332-yillik tarixi davomida saltanatining qudrati va adolatli davlat boshqaruvi bilan dunyo ahlini hozirgacha hayratga solib keladi. Bu maʼnaviy merosni oʻrganish va uni saltanat asoschisi boʻlmish bobokalonimiz Zahiriddin Muhammad Boburning ona vatanida targʻib va tavsif etish bugungi avlod, yaʼni biz uchun ham qarz, ham farzdir. Zero ular yaratgan maʼnaviy meros, ularning umumbashariy qadriyatlar xazinasiga qoʻshgan ulkan hissasi bizning ham maʼnaviy mulkimizdir.
Temuriy shahzodalar hukmronlik qilgan paytlarda xalifalik turk sultoni qoʻliga oʻtdi. Maʼlumki, oʻsha paytda temuriylar bilan turk sultonlari oʻrtasida keskin gʻanimlik munosabatlari mavjud edi.
Bu haqda turk sultonlariga qarshi olib borilgan janglar guvohlik berishi mumkin. Shu bois temuriylar xalifani umuman tan olmas va qoʻl ostidagi mamlakatlar hududida eng yuqori mavqeda turadigan hukmdor deb oʻzlarini hisoblar edilar va, oʻz navbatida, oʻz nomi bilan tanga pullar zarb qilishar va oʻz nomini xutbaga qoʻshib oʻqitar edilar. 1517-yilga kelib turk sultoni tasarrufidagi xalifalik barham topgandan keyin boburiylar saltanatida xalifalik tushunchasi butunlay isteʼmoldan chiqdi.
Dastlab boburiylar davlat boshqaruvi tizimi Sohibqiron Amir Temur tomonidan joriy etilgan maʼmuriy tizim asosida tashkil etilgan edi. Amir Temur haqida yozilgan “Malfuzoti Temuriy” asarida aytilishicha, Amir Temur saroyida bosh vazir lavozimida oʻtirgan Devonbegi qoʻl ostida yettita vazir ishlagan. Ulardan vaziri mamlakat, vaziri sayyor, vaziri sipoh va vaziri korxona lavozimidagi vazirlar bevosita moliyaviy masalalar bilan shugʻullanganlar. Vaziri mamlakatga raiyatda hukm surayotgan vaziyat, viloyatlardan olinadigan yigʻim va soliqlar, umumiy daromad va buromad, hamda aholi turmushi va mamlakat taraqqiyoti bilan bogʻliq masalalarni boshqarish vazifasi yuklatilgan. Vaziri sipoh navkarlarning maoshlari, ularni ragʻbatlantirish va harbiy jihozlar holati, qoʻshin tarkibi kabi masalalar haqida amirga maʼlumot tayyorlar edi. Soliq va yigʻim manbalari, yaʼni boj, zakot, vafot etganlar mulki, chorvachilik, yaylovlar, suv va yem-xashak tayyorlash, mamlakat hududiga kirib-chiqayotganlar roʻyxati, bedarak yoʻqolganlar masalasi kabilar vaziri sayyor zimmasiga yuklatilgan edi. Vaziri korxona esa mamlakat hududidagi ishlab chiqarish korxonalari faoliyati, ularning daromadi va buromadi va chorvachilik uchun sarflanadigan umumiy xarajatlarni nazorat qilardi.
Boburiylar saltanati maʼmuriyatida yuqorida zikr etilgan davlat boshqaruvi idoralaridan tashqari, yana vaziri arz, vaziri devon, vaziri mushrif kabi lavozimlar koʻzga tashlanadi. Bunda ayrim islohotlar oʻtkazilib, maʼmuriy boʻlim boshliqlari ishiga aniqliklar kiritilganiga ishonch hosil qilish mumkin.
Boburiylar davlatining maʼmuriy idora tizimi oʻz tabiatiga koʻra Sohibqiron Amir Temur saltanatida mavjud boʻlganidek, harbiy hokimiyat boʻlib, mamlakat markazlashgan yakka hukmdorlik tamoyili asosida mohir va jasur sarkarda va davlat arbobi boʻlmish podshoh tomonidan boshqarilardi. 1507-yilga kelib Bobur mirzo rasman “podshoh” unvonini olishi zaruratini sezdi. Chunki qoʻshni mamlakatlardagi siyosiy vaziyat shuni taqozo etardi. Bu paytga kelib u Kobul taxtini argʻunlardan tortib olib, davlat boshqaruvini oʻz qoʻliga olgandi. Husayn Boyqaro vafotidan keyin temuriylar sulolasidan koʻzga koʻringan yetakchi – Boburshoh edi. Uning moʻgʻul togʻalari bilan olib borgan siyosiy aloqalari barham topgan, chunki Shayboniyxon ularni tor-mor etgandi.
Boburiylar davlati siyosatining yana bir xususiyati shunda ediki, ular davlatni boshqarishda fuqaro eʼtiqod qiladigan dinlarga nisbatan begʻarazlik bilan xolisona siyosat olib borardi. Boburshoh va Humoyunshoh faoliyatida biron bir diniy jaholatparastlik koʻrinishlari namoyon boʻlmadi. Boburiy podshohlar oʻz hukmronliklari davrida davlatni boshqarish tizimida muayyan islohotlar oʻtkazib turgan.
Jahon tarixidan maʼlumki, davr oʻtishi bilan ne-ne mahobatli shaharlar vayron boʻlib, nom-nishonsiz yoʻqolib ketgan. Qancha daryolarning suvi qurib, oʻz oʻzanini oʻzgartirgan. Ammo, shunday maʼnaviy boyliklarimiz borki, ular asrlar oʻtsa-da, oʻz qadrini yoʻqotmaydi. Balki zamonlar osha qimmati yanada ortib boraveradi. Sadaf ichidagi durdek insoniyatni oʻziga jalb etaveradi. Ana shunday bebaho boyliklarimizdan biri Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiy merosidir. Uning asarlari tuganmas xazina. Mutolaa etganimiz sayin undagi teranlik, donishmandlik va badiiy tarovatdan hayratga tushamiz. Mirzo Bobur sheʼriyati chuqur tafakkur ummonidan terilgan maʼno durlaridir. Unga yuzaki qarasak, oddiy kundalik tashvishlardan tugʻilgan kechinmalar izhoriga oʻxshaydi. Ammo, teranroq nazar solsak, har bir asar zaminida insoniyatning umumbashariy qismatiga daxldor xulosalar oʻz ifodasini topganini koʻramiz. Sokin oqayotgan daryo tubidagi qudratli gʻalayonni his etamiz. Mirzo Bobur yuksak didli ijodkor inson boʻlgan. U atrofidagi zamondoshu makondoshlarining ham yuqori maʼnaviyatli boʻlishlarini istagan. Joʻn, yuzaki, ruhsiz holatlardan qanoatlanmagan. Uning bu feʼli koʻp asarlarida oʻz ifodasini topgan. Bobur ham ijtimoiy, ham ijodiy faoliyatida oʻz kuch qudratiga qatʼiy ishongan.
Shoirning vatani – ona tilidir. Zahiriddin Muhammad Bobur ham oʻzining chin hayotini soʻzda yashagan shoirlardan. Uning yuragida Vatan tuygʻusi ona tili bilan mushtaraklik kasb etadi. Vatan tuygʻusi, unga muhabbat inson koʻngliga ravshanlik berib turuvchi noyob moʻjizadir. Undan ayro tushgan inson taqdiri xazon yaprogʻi qismati yangligʻ fojiadir. Boburning mahorati shundaki, shu birgina oʻxshatish vositasida butun boshli bir taqdir tadrijini, kechmishini ifodalashga erishgan.
Mirzo Bobur - podshoh oʻzining shaxsiy tashvishlarinigina oʻylashi aslo nomunosib ekanligini, u har doim xalq dardu tashvishi bilan uygʻoq va hamkor boʻlishi lozimligini uqdiradi. U podshohlikni qaydga – kishanga qiyoslaydi. Shu topib ishlatilgan birgina soʻz Bobur aytmoqchi boʻlgan koʻp nasihatlarni, ruhiyatning rango-rang tilsimlarini oʻzida mujassamlashtiradi: “Yana xatlaringda yolgʻuzluk, yolgʻuzlukkim, debsen, podshohliqda aybdur... Hech qayde podshohliq qaydicha yoʻqtur. Podshohliq bila yolgʻuzluk rost kelmas”. Bobur Humoyunga davlat ishlarini hal etishda atrofidagi ishbilarmon, tadbirli, donishmand umaro bilan kengashib ish qilishni maslahat beradi. Xalqning orasiga yaqinroq kirib borish, ularning dardu tashvishlaridan yiroqlashmaslik lozimligini uqtiradi. Ularning orzu-armonlarini anglashga, ular bilan bir xil havodan nafas olishga chaqiradi: “... ish koʻrgan, ray va tadbirlik beklar bila kengashib, alarning soʻzi bila amal qilgʻaysen. Agar mening rizomni tilarsen, xilvatnishinlikni va el bila kam ixtilotlikni bartaraf qilgʻil...”.
Bobur “Boburnoma”da mahoratli sarkarda sifatida ham gavdalanadi. U yoshligida tajribasizligi tufayli yoʻl qoʻygan xatolarini koʻp eslaydi. Ulardan muhim saboqlar chiqaradi. Lashkarni boshqarishda tadbirli, salohiyatli, noyob iqtidorli sipohigarga aylanadi. Bu sohada turli kashfiyotlar qiladi. Yangiliklar kiritadi. Jangda ustod Aliquli yaratgan toʻp – zambaraklardan foydalanishni yoʻlga qoʻyadi. Cherikni 6 boʻlakka boʻlib, har bir polkning kechqurunlari qorovullik qilishini tashkil qiladi. Lashkarni sodiqlik va ahillikda saqlash maqsadida Qurʼonni ushlab qasamyod qilishni joriy etadi. Hindiston muhorabasida jang oldi choʻchib, hayiqib turgan lashkar oldida Boburning murojaatini oʻqib uning naqadar taʼsirli nutq soʻzlovchi notiqligining ham guvohi boʻlamiz.
Bobur otasi Umarshayx Mirzo haqida faxr bilan yozadi: “Umarshayx Mirzo baland himmatliq va ulugʻ doiyaliq podshoh erdi. Hamisha mulkgirlik dagʻdagʻasi bor erdi...”.
Bobur temurzodalar orasida Husayn Boyqaroga katta ehtirom bilan qaragan. Uning haqiqiy podshohga xos fazilatlar egasi ekanini taʼkidlaydi. Uni “karimuttarafayn edi”, asl podshoh edi deya alqaydi. Bobur “Boburnoma”da uning shakl-shamoyili, axloq va atvori haqida mufassal maʼlumot beradi: “... Harrof va xushxulq kishi edi. Xulqi bir nima guzaroroq voqe boʻlib edi, soʻzi ham xulqidek edi. Baʼzi muomalotta sharʼni bisyor rioyat qilur edi”.
U adolat va shariatga qattiq amal qilgan. Bir oʻgʻli bir kishini oʻldirgani uchun uni oʻzi qozixonaga yuborgani haqida soʻzlaydi. Bu dalil uning vatanparvarlik, xalqparvarlik burchini otalik burchidan koʻra ustun qoʻya olganini koʻrsatadi. Bu fazilat uning asl va adolatli podshohligini tasdiqlaydi. Husayn Boyqaro Xurosonda 40-yilga yaqin podshohlik qildi. Bobur uning podshoh va jangchi sifatidagi matonati va mardonaligini koʻrsatuvchi dalillar keltiradi. Temurbek naslidan hech kim qilichbozlikda Husayn Boyqarochalik mahorat qozonmaganini maʼlum qiladi. Uning Husayniy taxallusi bilan sheʼrlar yozgani, devon tuzgani haqida soʻzlaydi.
Zahiriddin Muhammad Bobur oʻzbeklar nomini jahonga tanitgan ulugʻ allomalardan biridir. U noyob qobiliyatga ega sarkarda va podshoh, ulkan tafakkur qudratiga ega tarixchi, olim va shoir sifatida dunyoni hayratga soldi. U adabiyotimizning Alisher Navoiydan keyingi eng teran fikrli va sohir tuygʻular kuychisi ekanligi bilan bizga qadrli. Shoir har bir asarining yaratilish tarixi, qismati va kechmishi bor. Mohiyatida esa teran falsafiylik, donishmandlik mujassam. Turli fan, sanʼat yoʻnalishlariga nuqtayi nazari qomusiy koʻlamga ega. Shu sababli, uning asarlarini oʻrgangan sari yangi maʼlumotlarni kashf etamiz. Hayotu yashashni chuqurroq anglaymiz. Orzular osmonida balandroq parvozga ruhiy madad olamiz.
Haqiqatan ham, Bobur shaxsi inson matonatiga qoʻyilgan jonli haykal. U hayotning barcha mashaqqatlarini chekkan inson: oʻz yaqinlarining xiyonati, Vatandan judolik, jangu jadallar iztirobi, adolatsizliklar zahmati, mulksizlik ranju mehnati. Bunday dardu gʻamlarni yengib oʻtish uchun inson Boburdek komil boʻlishi lozim. Uni dunyoning tor tuygʻularidan qutqargan narsa koʻngli kenglik va ruhiy komillikdir. Uning jasorati, qiynoqli va nafosatli his-tuygʻulari oʻz asarlarida muhrlangan. Bu asarlarni oʻqigan sari adibning ibrati, Boburga madad bergan yoqimli tuygʻular bizning ruhiyatimizda ham ulgʻayayotganini his qila boshlaymiz.
Bobur – sohibi devon shoir. Oʻz devonini bir necha nusxada koʻchirtirgani, bir nusxasini Samarqandga yubortirgani haqida “Boburnoma”da maʼlumot beradi. Asarda ayrim sheʼrlarining yozilish tarixini yoritadi. Sheʼriyatidagi samimiy, dardli va sohir tuygʻular tasviri hech bir oʻquvchini loqayd qoldirmaydi. Uning “Boburnoma” asari oʻzbek mumtoz adabiyotining shoh asarlaridan biri. Uning jahon madaniyati tarixidagi beqiyos ahamiyati butun dunyoda tan olingan va eʼtirof etilgan.
Mansur Yunus, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi kafedra mudiri, filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori, dotsent, Oʻzbekiston Jurnalistlari uyushmasi aʼzosi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Aziz Toshpoʻlatov Ichki ishlar vaziri boʻldi
- Eldor Shomurodov “Roma” klubining fevral oyidagi eng yaxshi futbolchisi deb topildi
- IIV sobiq rahbari Poʻlat Bobojonov yangi lavozimga tayinlandi
- Navoiyda 8-sinf oʻquvchisi farzandli boʻldi
- Oʻzbekistonda 8-iyundan chiqindidan qarzdorlar elektr uchun toʻlov qilolmaydi
- “Tilimizga befarq boʻlmang!” Atamalar komissiyasi 30 ta xorijiy soʻz uchun oʻzbekcha muqobil taklif qildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring