Hazrati Usmon Musʼhafi endi Islom sivilizatsiyasi markazi Qurʼon zalida
2025-yil 13-noyabr kuni Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida boshlangan “Markaziy Osiyo: umumiy maʼnaviy-maʼrifiy meros – umumiy kelajak” mavzusidagi xalqaro kongressi oʻz ishini davom ettirmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan kongress 300 ga yaqin Markaziy Osiyo mamlakatlari hamda Ozarbayjondan kelgan olimlar, xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus, ilmiy va madaniy muassasalar vakillarini, shuningdek, madaniyat va sanʼat arboblarini birlashtirdi.
Mintaqamiz xalqlarining maʼnaviy va ilmiy merosini ularning birligi, hamkorligi va barqaror taraqqiyoti asosi sifatida tahlil qilish maqsadida tashkil etilgan kongressda olamshumul jarayon boʻlib oʻtdi. Hazrati Imom majmuasida joylashgan “Moʻyi muborak” madrasasidan islom tarixining eng ulugʻ va muqaddas qoʻlyozmalaridan biri — Hazrati Usmon (r.a.) davrida koʻchirilgan Usmon Musʼhafi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga joylashtirilib, keng jamoatchilikka taqdim etildi.

Kongressning ikkinchi kuni islom tarixining eng ulugʻ va muqaddas qoʻlyozmalaridan biri boʻlgan ana shu bebaho qoʻlyozma — Hazrati Usmon (r.a.) davrida koʻchirilgan Usmon Musʼhafining taqdimoti bilan boshlandi.
Shuningdek, kongress ishtirokchilari Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Qurʼoni Karim zalini tomosha qilishga musharraf boʻlishdi. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov kongress qatnashchilariga Qurʼon zali va undan oʻrin oladigan artefaktlar haqida maʼlumot berdi.
– Ushbu zal muhtaram Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan mualliflik gʻoyasi asosida barpo etildi. Zalning umumiy maydoni 1200 kvadrat metrni, balandligi esa 64 metrni tashkil etadi. 50 tonna vaznga ega boʻlgan ulkan va benazir qandil osilgan. U dunyodagi eng yirik qandillardan biri boʻlib, dunyoga mashhur Svarovski toshlari bilan bezatilgan.
Zal pushti rangli qimmatbaho marmar bilan qoplangan boʻlib, eng qimmatli gavhari, albatta, muhtaram va muqaddas Qurʼoni Karim – Usmon (r.a.) Qurʼonidir. Maʼlumki, bu noyob nusxa Uchinchi xalifa Usmon (r.a.)ning bevosita farmoni asosida yaratilgan. Hozirgi kunda ushbu nodir qoʻlyozma YUNESKOning “Jahon merosi” roʻyxatiga kiritilgan. Bugun sizlarga shu markazda amalga oshirilgan ishlar bilan birinchi boʻlib tanishish sharafiga muyassar boʻlyapsiz.
Shuni ham qayd etishni istardimki, ushbu muqaddas Qurʼon atrofida yana 114 ta nodir Qurʼon nusxasi saqlanmoqda – ular orasida somoniylar, qoraxoniylar, saljuqiylar, gʻaznaviylar, temuriylar, shayboniylar davrida koʻchirilgan nodir musʼhaflar bor.
Ishonchim komilki, siz — aziz mehmonlarimiz, doʻstlarimiz va hamkasblarimiz bilan birgalikda mamlakatlarimiz madaniy merosini oʻrganish va targʻib etish yoʻlida ulkan va xayrli maqsadlarni amalga oshiramiz, – dedi markaz direktori.

Oʻzbekiston musulmonlar idorasi raisi oʻrinbosari Zayniddin Eshonqulov ham ushbu bebaho merosning ahamiyati haqida maʼlumot berarkan, mazkur qoʻlyozma xalqaro miqyosda ham chuqur oʻrganilganini qayd etdi.
– Bu yerda namoyish etilayotgan musʼhaf – islom tarixidagi eng qadimiy va eng ishonchli qoʻlyozmalardan biri. Milodiy 644-656-yillar oraligʻida musulmon ummatiga rahbarlik qilgan Xalifa Usmon (r.a.) tomonidan yozdirilgan, oʻzlari ham muntazam oʻqib yurgan muborak Qurʼon nusxasi hisoblanadi.
Tarixchilarning aytishicha, hazrati Usmon (r.a.) shahid etilgan paytda musʼhaf sahifalariga muborak qonlari tomgan. Bu tarixning oʻzi guvohlik berayotgan, eʼtiqod yoʻlida jon fido qilingan daqiqalarning tirik izidir.
Mazkur qoʻlyozma xalqaro miqyosda ham chuqur oʻrganilgan. YUNESKO ilmiy ekspertlari tomonidan oʻtkazilgan tahlillar – qogʻoz, siyoh, xattotlik uslubi va matn tuzilmasi boʻyicha olib borilgan tekshiruvlar – bu musʼhafning aynan Usmon (r.a.) davriga mansub ekanini ilmiy jihatdan tasdiqlagan.
Shu bois ushbu musʼhaf – nafaqat diniy qadriyat, balki butun insoniyat uchun tarixiy, maʼnaviy va madaniy merosning noyob timsolidir. Bu tarixiy marosim mamlakatimizda muqaddas islom merosiga boʻlgan yuksak hurmat, ilm-fan va maʼrifatga bagʻishlangan eʼtiborni namoyon qiladi, – dedi Zayniddin Eshonqulov.

Gulnara Jamankulova, texnika fanlari nomzodi, Qirgʻiz-slavyan rus universiteti professori:
– Islom sivilizatsiyasi markazi oʻzining ulugʻvorligi, meʼmoriy koʻlami bilan nihoyatda katta hayrat uygʻotadi. Bu – betakror meʼmoriy yodgorlik. Juda goʻzal va bu markazni barpo etishda oʻz hissasini qoʻshgan minglab insonlarning mehnati yaqqol sezilib turadi.Markaz haqiqatan ham hayratlanarli darajada bunyod etilgan. Albatta, markazning eng asosiy durdonasi — bu noyob Qurʼon qoʻlyozmasidir. Bu juda ulugʻvor, nihoyatda qimmatbaho manba. Islom gʻoyasining targʻib qilinayotganining oʻzi juda quvonarli. Chunki u bagʻrikeng, tinchlikparvar din boʻlib, barcha xalqlar oʻrtasida tinchlik va oʻzaro hamkorlikka daʼvat etadi. Ayniqsa, avvalo, islom millatlari oʻrtasidagi birlikni mustahkamlaydi.
Oʻylaymanki, Oʻzbekiston juda ulkan ish amalga oshirdi. Oʻzbekiston Prezidentining bunday markaz barpo etish tashabbusi — benazir va ulugʻ bir gʻoya. Ushbu markaz islom yetakchilari, islomga eʼtiqod qiluvchi va hatto islomga eʼtiqod qilmaydigan, ammo unga qiziqadigan insonlar uchrashadigan maskanga aylanadi, deb oʻylayman.
Usmon Musʼhafi haqida maʼlumot: Oʻzbekiston dunyo tamadduni tarixida oʻchmas iz qoldirgan buyuk davlatlar vorisidir. Asrlar davomida bu zaminda yuksak meʼmorchilik, sanʼat va adabiyot durdonalari yaratilgan. Ular hanuzgacha butun dunyodagi ixlosmandlarni hayratga solib kelmoqda. Mana shunday ulkan merosdan biri — Hazrati Usmon (r.a.) davrida koʻchirilgan muqaddas Qurʼoni karim qoʻlyozmasi, yaʼni Usmon Musʼhafidir.

Hujjatlarga koʻra, XX asr boshlarida Musʼhaf 353 varaqdan iborat boʻlgan. Bir asr mobaynida uning 15 sahifasi yoʻqolib ketgan. Shu bois Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 8-iyundagi 115-sonli “Usmon Musʼhafi”ni talab darajasida saqlashni taʼminlash toʻgʻrisida”gi maxsus qarori qabul qilindi. Germaniyadan olib kelingan maxsus sandiq (sarkofag)da bu nodir asar namlik va harorat moʻtadil sharoitda saqlandi.
Ayni vaqtda u 338 ta varaqdan iborat boʻlib, ularning har biri qalin terida 12 qatordan yozilgan muqaddas oyatlarni oʻz ichiga oladi. Ajablanarlisi, oyatlarning katta qismi chirigani sababli sahifalar qogʻoz bilan yamalgan va oyatlar ularning ustida qaytadan yozilgan.
Hazrati Usmon Musʼhafida Qurʼonning 114 surasidan bor-yoʻgʻi ikkitasi — “Anʼom” va “Toha” suralari toʻliq yetib kelgan. Boshqa suralar yo qisman, yo umuman yoʻqolgan. Hozirgi holatda 6236 oyatdan faqat 2108 tasi saqlanib qolgan.

2025-yilda Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasi Kuvayt va Buyuk Britaniyaga amalga oshirgan xizmat safarlar chogʻida Musʼhafning yoʻqolgan sahifalaridan yana 7 tasini aniqladi. Xususan, Kuvaytdagi Rajab Toriq muzeyidan 6 ta — 70, 80, 211, 217, 246, 340 sahifalar, Britaniyadagi mashhur kolleksiyadan 1 ta varaq — Oli Imron surasining 178-179 oyatlari bitilgan sahifasi topildi. Ular Toshkentdagi Musʼhafning aynan yetishmayotgan sahifalari ekani maʼlum boʻldi.
Hazrati Usmon Musʼhafi — nafaqat islom olamining eng bebaho qadriyatlaridan biri, balki insoniyat tarixidagi qimmatli ilmiy va madaniy durdonalardan hamdir. Uni asrab-avaylash va kelgusi avlodlarga yetkazish — bizning muqaddas burchimizdir. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyida ushbu buyuk qoʻlyozmaga munosib eʼtibor qaratilishi, binoning markaziy qismi – Qurʼoni karim zali oʻrtasida ushbu nodir manba uchun maxsus ayvoncha qurilgani, bu qadimiy musʼhafni ziyorat qilish uchun zamonaviy shart-sharoitlar yaratilishi “Hazrati Usmon musʼhafi”ga qaratilgan yuksak eʼtibor namunasidir.
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ushbu muqaddas manbaning munosib tarzda saqlanishi, oʻrganilishi va xalqimiz hamda jahon musulmonlari uchun doimiy ziyorat nuqtasiga aylanishi yoʻlida izchil ishlar olib bormoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- Mashinada xavfsizlik kamarini taqish mumkin boʻlmagan kasalliklar roʻyxati tasdiqlanadi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- “Doha — Qatarning yuragi, tungi ritmda urib turgan shahar”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring