Miraki boʻylab sayohat

Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Hisor togʻ tizmalari bagʻrida joylashgan Miraki qishlogʻi nafaqat tuman yoki viloyat, balki yurtimizdagi eng soʻlim goʻshalardan biri hisoblanadi. Hudud uch tomondan baland togʻ qoyalari bilan oʻralgan. Sharqiy tomondan 1,5 kilometr tepalikda yurtimizdagi eng yirik gidro inshootlardan biri — “Hisorak” suv ombori joylashgan. Uning suvi qishin-yozin birdek “Oqdaryo”ga quyilib turadi. Doimo shoshqin va hayqirib, koʻpirib oqadigan bu daryo qishloqning qoq markazidan kechib oʻtgan. Togʻ jilgʻalaridan hosil boʻlgan “Qoradaryo” ancha sokin oqadi. U birmuncha sayoz va suvi iliq. Bu daryo bir nechta kichik qishloqlarni kesib oʻtib, mahalla markazida “Oqdaryo” bilan birlashadi. Har ikki daryoning boʻylari qalin daraxtzorlar bilan qoplangan. Bu yerlar yoz chillasida ham salqin va bahavo boʻladi. Ilgari ham Mirakida dam oluvchilar koʻp boʻlgan, ular har ikkala daryo boʻylarida mahalliy aholi tomonidan oʻrnatilgan supalarda hordiq oladi. Ammo bu yerdagi shart-sharoit, xizmat koʻrsatish ahvoli talabga javob bermas, hududning turistik salohiyatidan unumli foydalanilmayotgandi.
Prezidentimizning 2023-yil 28-noyabrdagi tegishli qaroriga asosan Shahrisabz tumanining Miraki, Amir Temur, “Uloch” va Polmon mahallalari hududidagi 240 gektar maydonda zamonaviy turizm zonasini barpo etish belgilanishi Mirakining turistik jozibasini oshirishda muhim ahamiyatga ega boʻldi. Mazkur qarorga asosan belgilangan hududda turizm obyektlarini barpo etish, zarur infratuzilmani yaratish boʻyicha master-reja ishlab chiqildi.
— Oʻtgan yilda hududda osma koʻprik, selfi maydonlari va ziplayn tashkil etildi, — deydi viloyat hokimligi huzuridagi Turizm infratuzilmasini rivojlantirish va boshqarish departamenti direktori oʻrinbosari Javohir Tojiyev. — “Hisorak” suv ombori hududida katerlarda sayohat xizmati yoʻlga qoʻyildi. Ayni paytda 9880 metr uzunlikda piyodalar, velo yoʻlagi qurilish ishlari yakunlandi. Uchta 20 metrlik, ikkita 35 metrlik hamda bitta 44 metrlik koʻpriklar barpo etildi. Shu bois “Hisorak” suv omborining sohillari sayyohlar bilan gavjum. Kimdir katerda suzmoqda, yana kimdir ikki choʻqqi oʻrtasida oʻrnatilgan ziplaynda ekstremal sayohat zavqini tuymoqda. Osma koʻprik, sirpanchiq, halinchak, savdo va koʻngilochar majmualari sayyohlar xizmatida.
“Hisorak” suv omboriga chiqish uchun mashinada ikki kilometrga yaqin yoʻlni bosib oʻtish kerak. Bu biroz mashaqqatli. Mahalla markazidan suv ombori sohiliga qadar masofada barpo etilayotgan dor yoʻli sayohatchilarga balandlikda sayr qilish zavqi bilan bir qatorda, suv ombori sohiliga chiqib borish imkoniyatini ham bermoqda.
“Oqdaryo” boʻylari salqin shabada va sokinlik istagan kishilar uchun mos goʻshaga aylanmoqda. Avvallari chakalakzor boʻlib yotgan sohilda endi 10 kilometrga yaqin masofada zamonaviy dizayn asosida piyodalar hamda velo yoʻlaklar, dam olish oʻrindiqlari barpo etilgan. Turli ranglardagi yoritish chiroqlari bu yerning kechki vaqtlarda ham yanada jozibali koʻrinish olishini taʼminlaydi. Hozirda 1100 oʻrinli ikkita mehmonxona, 3 ta xostel, ikkita restoran va savdo koʻngilochar kompleksi qurilishi ishlari jadal olib borilmoqda. Ular toʻliq ishga tushgach, Miraki jahon andozalari asosidagi sayyohlik strukturasiga ega boʻladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring