Milliy parlamentimiz taraqqiyot yoʻlidan dadil odimlamoqda

16:12 30 Iyun 2021 Siyosat
723 0

Maʼlumki, 2018-yil 22-mayda Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh Assambleyasining sessiyasida 30-iyunni “Xalqaro parlamentarizm kuni” sifatida belgilash toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. Ana shundan buyon butun dunyoda ushbu bayram keng nishonlab kelinmoqda. Bu sana parlament tizimining jamiyat hayotida tutgan oʻrni va uning butun dunyodagi jamiki insonlar turmushini yaxshilashdagi rolini yana-da oshirish maqsadini ham oʻzida qamrab olganligini eslatish joiz.

Buni dunyo parlamentlarining rivojlanish jarayonlari misolida ham kuzatish qiyin emas. Hozirgi paytda 190 dan ortiq davlatlar oʻz parlamentiga ega, ularning deyarli 80 tasida ikki palatali, qolganlarida esa bir palatali qonun chiqaruvchi organlar faoliyat yuritadi. Bu, albatta, dunyo hamjamiyati uchun ayni muddaodir. Nega deganda, parlamentlarning asosiy vazifasi jamiyatdagi turli manfaatlarni mamlakat ravnaqi yoʻlida birlashtirishdan iboratdir. Qolaversa, rivojlangan mamlakatlarda parlament davlat va jamiyatning boshqa institutlari bilan turli aloqalar tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha muhim kommunikatsiya vositasi vazifasini oʻtab kelayotgani hech kimga sir emas. Buni yana-da soddaroq izohlaydigan boʻlsak, u davlat hamda xalq oʻrtasida oʻziga xos koʻprikdir. Shu sababli ham parlamentarizmning nechogʻli rivojiga qarab, demokratik taraqqiyot, fuqarolar huquq va erkinligiga rioya qilinishi hamda jamiyat ravnaqi darajasini belgilasa boʻladi.

Ana shu mezondan kelib chiqib aytadigan boʻlsak, oxirgi besh yilda milliy parlamentimiz rivojlandi, yaʼni taraqqiyot yoʻlidan dadil odimlamoqda. Buni yurtdoshlarimiz koʻrib-bilib turibdi. Eng muhimi, biz erishgan yutuqlar nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan ham tez-tez eʼtirof etib kelinmoqda.

Yodingizda boʻlsa, Harakatlar strategiyasi doirasida 2017-yildan Senat faoliyatida keng koʻlamli islohotlar boshlangan edi. Oʻtgan yillar davomida parlamentimiz xalqqa yaqinlashdi — senatorlar faqat qonun loyihalarini koʻrib chiqish bilan cheklanib qolmasdan, joylarda aholi bilan uchrashib, ularni qiynayotgan muammolarga yechim topishga kirishdi.

Senat huzurida maxsus komissiya tuzildi, ijro hokimiyati faoliyati ustidan nazorat olib borish boʻyicha vakolatlari kengaytirildi. Parlament va ijro hokimiyati hamkorligi kuchaytirildi. Yalpi majlislarda mahalliy hokimiyat hamda davlat boshqaruvi organlari rahbarlarining hisobotlarini muntazam ravishda eshitib borish tizimi yoʻlga qoʻyildi.

Oʻtgan yildan boshlab Senatning xalq deputatlari mahalliy Kengashlar bilan hamkorligi yangicha surʼat oldi. Bu borada 13 ta qonunga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilib, mahalliy Kengashlar vakolatlari kengaytirilgani muhim omil boʻlmoqda. Mahalliy Kengashlarda alohida kotibiyatlar tashkil etildi. Ushbu yoʻnalishdagi ishlar samaradorligini taʼminlash maqsadida doimiy asosda ishlovchi senatorlar hududlardagi mahalliy Kengashlarga masʼul sifatida biriktirildi. Shuningdek, Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan hamkorlikda mahalliy Kengashlar deputatlari uchun maxsus oʻquv kurslari yoʻlga qoʻyildi.

Shu tariqa oxirgi yillarda davlatimiz qonun chiqaruvchi oliy organining oʻrni yuksaldi. Muhimi, uning faoliyatidagi tizimli yangilanishlar bir zum boʻlsada toʻxtab qolgani yoʻq. Mamlakatimiz rahbari hokimiyat vakillik organlari faoliyatiga katta eʼtibor qaratib, ular bilan doimiy muloqot qilib kelayotgani bizni yangi marralarga ilhomlantirmoqda, desak ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.

Ayniqsa, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan har yili Oliy Majlisga yoʻllab kelinayotgan Murojaatnomalar milliy parlamentimiz faoliyatini mutlaqo yangi izga solib yubordi. Ana shu Murojaatnomalar asosida qabul qilinayotgan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga oid Davlat dasturlari ijrosi parlament tomonidan nazoratga olinib, bu boradagi muammolar tegishli idoralar koʻmagida hal qilinayotgani ham fikrimiz tasdigʻidir.

Takror boʻlsada, aytish joiz, mamlakatimiz parlamenti bugun mutlaqo yangicha sharoitda faoliyat olib borayotir. Yaʼni bugun davrning oʻzi oldimizga qator yangi vazifalarni qoʻya boshladi. Masalan, aholi tomonidan koʻtarilgan dolzarb masalalarni hal etish boʻyicha aniq dastur va “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish, ularni mutasaddi idoralar tomonidan toʻliq amalga oshirish, shu yoʻnalishdagi ishlar bajarilishi yuzasidan parlament nazoratini oʻrnatish ana shular jumlasidandir. Bugun Oliy Majlis Senati hududiy vakillik organi sifatida oʻz oldiga qoʻyilgan vazifalarga alohida masʼuliyat bilan yondashib, ularni oʻzining vakolatlari doirasida hal etib kelyapti. Jumladan, Senat qoʻmitalarining joylardagi mahalliy Kengashlarning doimiy ishlaydigan komissiyalari va ularda faoliyat yuritayotgan deputatlar bilan birgalikda ishlash tizimi yoʻlga qoʻyildi.

Keyingi yillarda mahalliy Kengashlarning hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ijro etuvchi hokimiyat idoralari faoliyati ustidan nazorat oʻrnatish va odamlarni oʻylantirayotgan muammolarni hal qilish borasidagi ulkan salohiyati ham yuzaga chiqyapti. Bu boradagi ishlar, avvalo, mahalliy Kengashlar deputatlarining bilim hamda koʻnikmasi darajasini oshirish uchun seminar va oʻquvlar tashkil etishdan boshlandi. Bu, mahalliy Kengashlar faolligini tubdan oshirish, ularning vakolatlaridan keng foydalanish imkonini berayotgani, ayniqsa, diqqatga sazovordir.

Mahalliy Kengashlarda deputatlar muammolarni muhokama etishi uchun alohida “deputatlar xonasi” va “senatorlar xonasi” tashkil etildi, aholini qabul qilishi uchun barcha sharoitlar yaratildi.

Bunday izchillik hamda hamkorlik pandemiya davrida ham qoʻl kelmoqda. Xususan, karantin davrida butun mamlakat boʻylab keng quloch yozgan “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati doirasida aholining kam taʼminlangan hamda muhtoj qatlamlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash jarayonida senator va mahalliy Kengashlar deputatlari yana-da jipslashdi. Ular birgalikda odamlar bilan yelkama-yelka turib, muhtojlarga yordam bermoqda, ajratilgan moddiy yordam oʻz egalariga manzilli yetib borishi, bu borada mamlakatimizda joriy etilgan “temir daftar”, “ayollar daftari”, “yoshlar daftari”ga kiritilgan yurtdoshlarimizga koʻrsatilayotgan yordam ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatildi.

Kuzatuvlarimdan kelib chiqib aytadigan boʻlsam, bunday natijalar oʻz-oʻzidan boʻlib qolavermaydi. Aksincha, qayerdaki izlanish, intilish va ragʻbat boʻlsa, oʻsha joyda taraqqiyotga erishiladi. Gap shundaki, soʻnggi uch yilda Oʻzbekiston ulkan islohotlar pallasiga qadam qoʻydi hamda keng koʻlamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari jadal tus oldiki, bu, parlamentimiz rivojiga ham taʼsir qilmasdan qolmadi. Jamiyatdagi har bir yangilanish parlamentarizmning ham yangi imkoniyatlarini ochmoqda, desak toʻgʻri boʻladi. Xususan, qonun chiqaruvchi hokimiyatning mustaqilligi taʼminlandi, parlamentimiz vakolatlari kengaytirilib, uning zimmasiga yuklatilgan vazifalar toʻliq bajarilishi uchun shart-sharoit yaratildi.

Qonun loyihalarini mahalliy Kengashlarda muhokama qilish amaliyoti yoʻlga qoʻyilishi hisobiga hududlar manfaatlari ularda aks ettirilishiga erishilyapti. Shu bilan birga, Prezident Farmon va qarorlari, Hukumat qarorlari hamda “yoʻl xaritalari”ning bajarilishi yuzasidan davlat idoralari, mahalliy hokimliklar rahbarlarining hisobotlarini eshitish amaliyoti hayotga tatbiq etildi. Bu bugun qanday samara berayotganligini har birimiz koʻrib turibmiz.

Shu oʻrinda aytish kerakki, bizning milliy maqsadlarimiz BMT Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM)ga uygʻun boʻlib, bu borada ham ulkan ishlar qilinganligini yurtdoshlarimiz ham, xorijliklar ham eʼtirof etmoqda. Bunday iliq soʻzlarni yaqinda Buxoro shahrida boʻlib oʻtgan xalqaro forum davomida koʻp marta eshitdik.

Darhaqiqat, bugun parlamentimiz qonun ustuvorligini mustahkamlash, xalq farovonligini taʼminlash, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, xalqaro aloqalarni mustahkamlash jarayonlarida faol ishtirok etib kelyapti. BRM parlamentning konstitutsiyaviy vakolatlari, xususan, milliy qonunlar qabul qilish, byudjet va parlament nazorati orqali hayotga tatbiq qilinyapti. Parlament aʼzolari 2030-yilgacha boʻlgan davrda BMT Global kun tartibida koʻzda tutilgan barcha vazifalar ijrosi jarayonida masʼuliyat hamda shaffoflikka katta eʼtibor qaratmoqda.

Parlamentning nazorat funksiyasidan samarali foydalanish BRMga erishishning muhim omili hisoblanadi. Chunki aynan parlament nazorati bu maqsadlarga erishish borasidagi ishlar holatini xolisona baholash imkonini beradi. Shu bois oʻtgan yili Oʻzbekiston Respublikasini barqaror rivojlantirish sohasidagi milliy maqsadlar va vazifalarning 2030-yilgacha boʻlgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish boʻyicha Parlament komissiyasi tuzildi. Oʻzining qonun ijodkorligi hamda nazorat qiluvchi vakolatlaridan foydalangan holda, Oliy Majlis palatalari barqaror rivojlanish maqsad va vazifalarini amalga oshirishda faollik koʻrsatmoqda.

Mazkur komissiyaning ayrim vazifalari xususida toʻxtalsak, u haqdagi tasavvurlarimiz yana-da kengayadi. Bu tuzilma Muvofiqlashtiruvchi kengashga yuklangan vazifalarning bajarilishi ustidan nazorat qiladi va unga bu borada koʻmaklashadi. Shuningdek, uning hisobotlarini har chorakda bir marta eshitib boradi hamda qonun va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish boʻyicha takliflar tayyorlaydi. Bundan tashqari, shu yoʻnalishdagi qonunlar hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini monitoring qilib boradi, milliy maqsad va vazifalarga kiritilgan sohalarning rivojini tanqidiy tahlil qiladi, barqaror rivojlantirish sohasidagi ishlarning amaldagi holatini aniqlaydi, bu yoʻnalishdagi ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganadi va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishda faol qatnashadi.

Shu bilan birga, Hukumat taqdim etadigan yillik byudjet parametrlari yetarli ekanligi va milliy barqaror rivojlanish maqsadlarini Oʻzbekistonda amalga oshirish boʻyicha rejaga mosligini koʻrib chiqadi, zarurat boʻlsa, keyingi yilga moʻljallangan Davlat byudjeti hamda Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonunga oʻzgartishlar kiritish yuzasidan takliflar tayyorlaydi, BRM borasidagi yutuqlarni keng yoritish maqsadida jamoatchilik bilan aloqalarni mustahkamlaydi.

Ana shu vazifalar asosida bugun Parlament komissiyasi tomonidan keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda. Xususan, oʻtgan yil bu tuzilma tomonidan respublika hududlarida milliy barqaror rivojlanish maqsadlaridan hisoblangan — kambagʻallikni qisqartirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, onalar va bolalarni himoya qilish, gender tenglikni taʼminlash, xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish boʻyicha holat oʻrganib chiqilganini eslatish joiz. Tadqiqotda 37 ta milliy vazifa va 50 dan ziyod koʻrsatkichlar qamrab olingan boʻlib, unda 19 ta davlat organi rahbarlari hisobotlari eshitildi. BRMning milliy maqsadlari asosida Hukumat vakillariga Oliy Majlis tomonidan 27 ta parlament, 388 ta senatorlik va 338 ta deputatlik soʻrovlari yuborilgani ham eʼtiborga molik.

Umuman, milliy parlamentimizni BRM ijrosiga keng jalb etish orqali Parlamentlararo Ittifoq va BMT bilan aloqalarimiz yana-da mustahkamlanadi. Keyingi yillardagi saʼy-harakatlarimiz hamda qoʻlga kiritilayotgan natijalarimiz ham shundan dalolat berib turibdi.

BRMga erishish yoʻlida xalq deputatlari mahalliy Kengashlari salohiyatidan unumli foydalanilayotganini qayd etib oʻtsak adolatdan boʻladi. Shu maqsadda ular senatorlar rahbarligida har bir maqsad boʻyicha qabul qilingan hujjatlarning joylarda bajarilishini oʻrganib bormoqda, yuzaga kelgan muammolarni amaliy hal etish choralarini koʻrmoqda. Agar bu muammolarni mahalliy yoki hududiy darajada hal qilish qiyin boʻlsa, ular Senatga olib chiqilyapti. Aynan shu saʼy-harakatlar parlamentimiz yuqori palatasining obroʻsi yuksalishi va xalqimizning unga boʻlgan ishonchi ortib borishiga xizmat qilmoqda, desak ayni haqiqatdir.

Parlament va jamoatchilik eshituvlari ham milliy parlamentimizning eng muhim yoʻnalishlaridan biriga aylanib ulgurdi. Natijada oldimizga qoʻyilgan vazifalarning har biri ijrosi yuzasidan aniq manzilli chora-tadbirlar ishlab chiqilib, mavjud muammolar yechimi yuzasidan Senatning tegishli qarorlari asosida Hukumat oldiga qator vazifalar qoʻyilyapti. Bu oʻz samarasini beryapti, aniqroq aytsak, joylarda yillar davomida yigʻilib qolgan muammolarga birin-ketin yechim topilmoqda.

Bugun milliy parlamentimiz faoliyati davlatimiz va jamiyatimiz uchun muhim boʻlgan yoʻnalishlarda jadal rivojlanmoqda. Bu parlament qoshidagi turli tuzilma hamda institutlar faoliyati sezilarli darajada oshib borayotganida ham kuzatiladi. Bugun ular ishida samara yaqqol sezilyapti. Ulardan biri — Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish boʻyicha milliy komissiyasi. Uning Xalqaro mehnat tashkiloti hamda boshqa xalqaro tashkilotlar bilan samarali hamkorligi natijasida yurtimizda bolalar mehnatiga va tizimli majburiy mehnatga barham berildi, odam savdosi bilan bogʻliq jinoyatlar tobora kamayib borishiga erishilmoqda.

Bu boradagi yutuqlarimiz dunyo boʻyicha ham tan olinayotgani barchamizni mamnun etadi. Xususan, AQSHning sobiq Davlat kotibi M. Pompeoning odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashishga bagʻishlangan yillik hisobotida keltirilgan: “Markaziy Osiyoning baʼzi mamlakatlari odamlarni paxta sanoati va boshqa sohalarda ishlashga majburlash boʻyicha uzoq tarixga ega. Oʻzbekistonning saʼy-harakati mintaqa davlatlari uchun ushbu muammoga qarshi kurashning yangi standartlarini namoyish etmoqda”, degan eʼtirofini eslash oʻrinlidir. Bu davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan izchil saʼy-harakatlar hamda shu yangilanishlarga kamarbasta boʻlib kelayotgan parlamentimizning ham katta yutugʻi hisoblanadi.

Milliy parlamentimiz muvaffaqiyati xususida soʻz borarkan, gender tenglikni taʼminlash va xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash masalasini alohida tilga olish kerak boʻladi. Negaki, oxirgi bir necha yilda bu yoʻnalishda juda katta yoʻlni bosib oʻtdik. Aniqroq aytadigan boʻlsak, ayollar huquq hamda manfaatlarini himoya qilish, gender tenglikni taʼminlash davlatimiz siyosatidagi ustuvor yoʻnalishlardan biri darajasiga koʻtarildi. Natijada Oliy Majlis Senatida gender komissiyasi hamda Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Oʻtgan yili parlamentimiz tomonidan ikkita muhim hujjat, yaʼni “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”, shuningdek, “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunlar qabul qilindi hamda 2030-yilga qadar moʻljallangan Gender tenglikni taʼminlash yuzasidan milliy strategiya ishlab chiqildi.

Shu saʼy-harakatlarimiz natijasida davlat miqyosida qarorlar qabul qilish jarayonida ayollar ishtiroki kuchaydi, ularni deputat, senator, vazir, hokim va elchi kabi masʼuliyatli lavozimlarga saylash hamda tasdiqlash bugunga kelib oddiy holga aylanib bormoqda. Gender tenglikni taʼminlash borasida olib borilgan ishlarning natijasi sifatida dunyo parlamentlari orasida Oʻzbekiston 45-oʻrinni egallaganini eʼtirof etish mumkin.

Bunday muvaffaqiyatlar Oliy Majlisning mamlakatimiz milliy manfaatlarini himoya qilishga va ilgari surishga asoslangan tashqi siyosiy faoliyatining faol ishtirokchisiga aylanib borayotgani misolida ham koʻzga yaqqol tashlanadi. Soʻnggi yillarda Oliy Majlis Parlamentlararo Ittifoq, MDH Parlament Assambleyasi, YEXHT Parlamentlararo Assambleyasi kabi qator nufuzli parlamentlararo uyushmalarga aʼzo boʻlib kirdi. Shuningdek, Turkiy tilli davlatlar Parlament assambleyasiga aʼzo boʻlib kirishga tayyorgarlik koʻrilmoqda.

Bu boradagi tasavvurlarimizni oydinlashtirish uchun shu yilning oʻtgan davrida kuzatilgan ayrim muhim voqealarni yana bir karra yodga olib oʻtish kifoya, deb oʻylayman. Masalan, 2021-yil 26-mayda videokonferensaloqa shaklida oʻtkazilgan “Bugungi kunda pandemiyani yengish va ertangi yaxshi hayotni taʼminlash: parlamentlar roli” mavzuidagi Parlamentlararo Ittifoq Assambleyasi 142-sessiyasining ochilish marosimida parlamentimiz vakillari ham faol qatnashdi. Bu tadbirning nechogʻli nufuzga egaligini unda PA Raisi D. Pacheko, Ittifoq Bosh kotibi M. Chungong, Parlamentlarning ayol aʼzolari forumi byurosi rahbari R. Al-Mansuriy va Parlamentlarning yosh aʼzolari forumi kengashi rahbari S. Al-Bazar hamda milliy parlamentlar rahbarlari ishtirok etganidan ham bilib olish mumkin.

Konferensiyada koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish vaziyati, pandemiya natijasida yuzaga kelgan ijtimoiy-iqtisodiy qiyinchiliklarni yengib oʻtish yoʻllari hamda jahon mamlakatlari parlamentlari oʻrtasidagi hamkorlik masalalari chuqur tahlil qilindi. Ana shu jarayonlarda biz faol qatnashib, mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi tarqalishining oldini olish, aholini ijtimoiy himoyalash, tadbirkorlarni iqtisodiy qoʻllab-quvvatlash, koronavirusga qarshi aholini emlash boʻyicha olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida batafsil axborot berdik.

Joriy yilning 2-3-iyun kunlari poytaxtimizda boʻlib oʻtgan “Inson huquqlarini himoya qilish va targʻib qilishda parlamentning roli: nogironlar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish va qiynoqlarga qarshi kurashish” mavzuidagi parlament forumini ham eslab oʻtish darkor.

Forumda bir qator muhim masalalar, shu jumladan, BMTning inson huquqlari sohasi boʻyicha tizimi faoliyatida parlamentning ishtiroki, Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyani ratifikatsiya qilishning ahamiyati, Qiynoqlarga qarshi konvensiyaga Qoʻshimcha protokolni ratifikatsiya qilish orqali qiynoqlarni bartaraf etish masalalari keng muhokama qilindi. Shu bilan birga, BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashi va BMT shartnomaviy organlari bilan hamkorlik, Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyaning bajarilishi hamda milliy preventiv mexanizm salohiyatini kuchaytirish boʻyicha ilgʻor tajribalar oʻrganildi.

Kezi kelganda aytish kerakki, bu kabi nufuzli xalqaro anjumanlar milliy parlamentimiz faoliyatini yana-da kuchaytirishda oʻziga xos turtki vazifasini oʻtamoqda. Ijobiy maʼnodagi bunday taʼsir boshqa davlatlar parlamentlari bilan yoʻlga qoʻyilayotgan hamkorlik aloqalari jarayonida ham kuzatiladi.

Jumladan, joriy yilda Oʻzbekiston Oliy Majlisi Senati delegatsiyasining Rossiyaga rasmiy tashrifi uyushtirildi. Shuningdek, Qozogʻiston Respublikasi parlamenti Senati Raisi Maulen Ashimbayev boshchiligidagi parlament delegatsiyasi rasmiy tashrif bilan yurtimizga keldi.

Ushbu tashriflar Oʻzbekiston, Rossiya Federatsiyasi va Qozogʻiston davlatlari oʻrtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yana-da kengaytirishga katta ahamiyat berilayotganining amaliy ifodasi boʻldi, deyish mumkin. Darhaqiqat, soʻnggi 4 yil ichida siyosiy, savdo-iqtisodiy hamda madaniy-gumanitar sohalarda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro aloqalar yuqori darajaga koʻtarildi.

Mamlakatlarimiz manfaatlariga javob beradigan ikki tomonlama siyosiy, iqtisodiy, madaniy va gumanitar sohalardagi aloqalar surʼatiga mos holda Oʻzbekistonning Rossiya Federatsiyasi hamda Qozogʻiston oʻrtasidagi parlamentlararo muloqoti butunlay yangi bosqichga koʻtarildi. Masalan, tomonlar parlament faoliyati tajribasini oʻrganish uchun doimiy ravishda delegatsiyalarning oʻzaro tashriflarini uyushtirmoqda, turli xalqaro konferensiya va parlament tashkilotlari ishida muntazam qatnashib kelmoqda.

Hamkasblarimizning muloqotlari davomida oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish va kengaytirish, ixtisoslashtirilgan qoʻmitalar oʻrtasidagi munosabatlarni rivojlantirish, xalqaro parlament tuzilmalari (PI, YEXHT PA, MDH PA) hamda boshqa qator xalqaro tashkilotlar doirasida umumiy tashabbuslarni ilgari surish, deputatlar oʻrtasida hududlararo hamkorlik oʻrnatish, huquqiy bazani tezlikda shakllantirish, pandemiya salbiy oqibatlarini yumshatishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar koʻrilishini taʼminlash masalalari atroflicha muhokama qilinib, muayyan kelishuvlarga erishildi. Bu, albatta, mamlakatlar parlamentlarining yana-da rivojlanishida muhim oʻrin tutishi, shubhasiz.

Shunday qilib, oxirgi yillarda milliy parlamentimiz rivojlanish yoʻlini bosib oʻtdi, muhimi, bu jarayon izchillik bilan davom ettirilmoqda. Natijalarimizni muxtasar aytadigan boʻlsak, islohotlarning jadal surʼati, ularning qonuniy asosini shakllantirish va rivojlantirish maqsadida hududlar manfaatlariga mos qonunlar ishlab chiqilishi hamda qabul qilinishiga erishilyapti. Vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlari, hokimlar hamda sektor rahbarlari Senat oldida hisobot va axborotlar taqdim etishi yoʻlga qoʻyilishi hisobiga xalq hokimiyatchiligi ustuvorligi taʼminlanmoqda. Shu saʼy-harakatlarimizning mantiqiy davomi sifatida Oʻzbekistonning chet davlatlardagi elchilari hisobotini eshitish amaliyoti yoʻlga qoʻyilganini ham aytib oʻtish zarur.

Shularga mos ravishda fuqarolar murojaatlari bilan ishlashda yangicha tizim yoʻlga qoʻyildi. Tabiiyki, biz har bir murojaat ortida inson taqdiri bor, degan oddiy tamoyildan kelib chiqib, murojaatlarga ijobiy yechim topishga harakat qilyapmiz.

“Xalqaro parlamentarizm kuni” munosabati bilan oxirgi yillarda milliy parlamentimiz qoʻlga kiritgan yutuqlarning ayrimlarini yodga oldik, xolos. Aslida bu borada erishgan yutuqlarimiz salmogʻi juda katta. Shularga mos ravishda oldimizda turgan oʻta dolzarb vazifalar, muammolar ham koʻp. Biz hozirgidek izchillik, izlanuvchanlik va faol hamkorlik yordamida ushbu vazifalarning bajarilishini taʼminlaymiz, albatta.

Tanzila NARBAYEVA,
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер