Milliy malaka tizimini takomillashtirish boʻyicha xalqaro seminar-trening oʻtkazildi

17:44 28 Fevral 2025 Jamiyat
159 0

Foto: Yunus Bo‘riyev / «Xalq so‘zi»

Joriy yilning 27-fevralida “Taʼlim sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisi, Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti hamda YUNESKO hamkorligida Estoniya milliy malaka tizimi tajribasiga bagʻishlangan “Malakalarni tan olish va validatsiya tizimini takomillashtirishda Estoniya tajribasi” mavzusida seminar-trening boʻlib oʻtdi.

Seminarni Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti direktori Anvar Allabergenov va YUNESKO ofisi vakili Sara El Attar ochib berdi. Tadbirda xalqaro ekspertlar, Tarmoq kengashi vakillari, masʼullar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Seminar mehmoni, Estoniya Malakalar organining Akademik maslahatchisi va xalqaro ekspert Olaf Aarna Estoniyaning milliy malaka tizimini shakllantirish va joriy etish tajribasi haqida maʼruza qildi. U malakalarni tan olish, validatsiya jarayonlari hamda sifatni taʼminlash mexanizmlari boʻyicha taqdimot oʻtkazdi.

Seminarda ishtirokchilar Oʻzbekistonda milliy malaka tizimini mustahkamlash, taʼlim va mehnat bozorini rivojlantirish strategiyalarini takomillashtirish masalalari boʻyicha fikr almashdilar. Shuningdek, Estoniya tajribasi asosida milliy malaka tizimini xalqaro standartlarga uygʻunlashtirish borasida takliflar bildirildi.

Tadbir yakunida Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti va Estoniya Malakalar organi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Ushbu seminar-trening milliy va xalqaro ekspertlar oʻrtasida tajriba almashish imkoniyatini yaratib, Oʻzbekistonda mehnat bozori talablariga mos keladigan milliy malaka tizimini rivojlantirishda muhim qadam boʻlib xizmat qiladi.

Foto: Yunus Bo‘riyev / «Xalq so‘zi»

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер