MILLATPARVAR

09:15 20 May 2021 Siyosat
2560 0

“...Shavkat Mirziyoyev dadil amalga oshirgan yana bir eng muhim jihat shuki, buni men ozodlikka erishganimizdan keyingi buyuk va tarixiy islohot, degan boʻlardim, paxta dalalariga sochilib ketgan millat bolalarini egatlardan qaytarib oldi. Uning egilgan boshi, tuproqqa qorishib ketgan qadr-qimmatini tikladi... Mamlakat xalqaro hamjamiyat oldida “Bolalar mehnati”, “Ayollarni ogʻir va xatarli mehnatga jalb qilish”, “Majburiy mehnat” degan taʼna-dashnomlar, isnoddan qutuldi, turli iqtisodiy cheklovlardan ozod etildi».

I

Chigal va murakkab, tangu tor vaziyat odam bolasi nechogʻli himoyasiz va bir imdodga muhtoj ekanini mudom aniq namoyon etib kelgan. Biz buni kechagi va bugungi kunlarimiz misolida ham koʻrdik, koʻryapmiz...

Oʻtgan yili katta vahima bilan boshlangan, hamon oʻz qutqusi bilan butun insoniyatni ayricha bir hadikka solib turgan koronavirus pandemiyasi manaman degan odamlar, hatto olamga qozilik daʼvosidagi davlatlarning ham ogʻziga talqon solib qoʻygani bor gap. Oʻlim haqidagi kunlik statistikalar, pandemiya sabab iqtisodiyotlardagi inqirozlar koʻlankasi odamlarni ham, hukumatlarni ham shoshirib qoʻydi. Jahondagi umumkayfiyat trayektoriyasi tragik motivlarga qorishib ketdi. Buning ustiga, dunyoning turli burchaklarida davom etayotgan qonli toʻqnashuvlar, siyosiy nizolar, kelishmovchiligu fisqu fujurlar, talotumlar natijasida oddiy odamlarning turmushi izdan chiqayotgani, tinch aholining yostigʻi quriyotganini koʻrib turish har qanday kishining yuragiga adoqsiz ogʻriq soladi.

...VVS rus xizmati Nigeriyada qurolli toʻdalar maktab oʻquvchisi boʻlgan 300 nafar qizni tovon puli evaziga garovga olgani haqida xabar bergan mart oyi oʻrtalarida men Surxondaryo viloyatida safarda edim. Prezidentimiz topshirigʻiga koʻra, viloyatda xotin-qizlar muammolarini hal etish, ularga zarur yordam koʻrsatish, ayollarimizning hayotini oʻzgartirishga yoʻnaltirilgan hayotbaxsh arteriya — “Ayollar daftari” faoliyatini oʻrganayotgan edik.

Biroq zikr etilgan bu xabar, garchi dunyoning narigi burchida sodir boʻlgan esa-da, qalbimni ranjitdi, xayollarimni toʻzgʻitib yubordi, oromimni oʻgʻirladi. Zotan, voqea insonlar, norasida bolalar bilan bogʻliq edi. Har bir odam bolasining bu dunyodan roʻshnolik koʻrish, baxt va iqbolga burkanib yashashga haqqi bor. Va bu adolatdan boʻladi!

Ammo koʻhna dunyoning tartiboti shunday ekanki, unga koʻra, adolat bilan xiyonat, odillik bilan razillik, muhabbat va qabohat mudom yonma-yon yurar ekan. Maʼlumotlarga koʻra, biz zamonaviy deb atayotgan bugungi olamda sodir etilayotgan yovuzliklardan eng koʻp jabr chekayotganlar ayollar va bolalar ekan. Gʻalati paradoks: bir qoʻlimiz bilan ovozkuchaytirgichni tutib, “biz taraqqiyotning choʻqqisiga chiqdik, koinotni zabt etdik, inson huquqlari toʻliq taʼminlandi”, deya hayqiramiz, ikkinchi qoʻlimizdan esa razillik va qabohat qamchisini tashlamaymiz. Bunda jabr koʻrayotgan, taʼbir joiz boʻlsa, qamchidan ozor chekayotganlar esa ayollar va bolalar boʻlib qolmoqda.

Yaqinda “Euronews” ayollar uchun eng xavfli davlatlar oʻntaligini maʼlum qildi. Ular orasida taraqqiy etgan, “butunjahon politsiyasi” rolini qoʻlga olishga daʼvo qilayotgan davlatlarning ham borligi kishini bezovta qiladi, albatta. Shular haqida oʻylaganda beixtiyor Lev Tolstoyning zulmga qarshi isyon tarzida aytgan quyidagi gapi xayolda aylanadi: Odamlarni osadigan inshoot — dorning ogʻochi qaysi daraxt tanasidan yasalar ekan?!

Albatta, daholarning mehr-muhabbat, ezgulik, insonparvarlikni yoqlab aytayotgan bunday oʻtli nutqlari bugun ham quloqqa koʻp chalinadi. Bu esa dunyo mudom toʻlgʻama ichida ekanini koʻrsatadi.

Mana, dunyoga bir qarang, nimalar boʻlayotir Yer yuzida? Sharq oʻlkalarini chulgʻagan urush, taraqqiy topgan mamlakatlarda sodir etilayotgan qonli xuruj va terror, odamlar yuz-koʻzidagi qoʻrquv va sarosima, goʻdagini bagʻriga bosib balodan qochib borayotgan mushtipar kelinchakka qarab, yurak-bagʻring tuz sepganday achishadi.

Kecha yana teleekranda bir bolani koʻrsatishdi. Jurnalist undan:

— Orzuing nima? — deb soʻradi.

Urush bolasi hasratli nigohda shunday javob berdi:

— Ertalab uyqudan turganda ota-onam bilan opa-ukam uyda, eson-omon boʻlsa bas...

Aslida, dunyoni ostin-ustun qilayotgan yovuzlar ham, ularning kinli-gʻarazli iddaosi ham oʻsha bechora bolaning yoki Nigeriyada garovga olingan 300 nafar mushtipar qizning qatra koʻz yoshiga arzimaydi. Shunday kezlarda beixtiyor koʻngilda bir oʻkinch boʻy koʻrsatadi: hayot nima uchun beriladi? Orzu-havasli insonlar yaxshilikka intilib yashashi uchun emasmi?!

«Bogʻ xayoli boqqa, doʻkon xayoli doʻkonga olib boradi», deydi Mavlono Rumiy. Niyat samimiy boʻlsa, koʻngillarni ravshan etuvchi ishlar ham, obodligu tinchlik, farovonlik ham yoʻlimizda boʻladi, deganidir bu.

Shularni taxayyul va tafakkur mezonlarida solishtirar ekansiz, bugun hayotimizda yuz berayotgan oʻzgarishlar, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlar qadr-qiymati koʻzingga boshqacha koʻrinib ketadi. Zotan, biz ham qiyinchiligu azob-uqubatni, mustabidlik sitamlarini koʻp va xoʻb totgan xalqmiz. Buni bilish, anglash uchun esa oʻtmishimizga bir nazar tashlasak, oʻylaymanki, masala yana-da oydinroq koʻrinadi.

II

Bu Vatan oʻtmishi, haqiqatan ham, ogʻir va chigal. Qonli istilolar ruhimizda bitmas-tuganmas jarohat qoldirgan. Agar biz oʻsha bosqinlar zamiriga nazar tashlasak, oʻsha istilolar arafasida, qiyin va ogʻir pallalarda, xalq oʻz holiga tashlab qoʻyilganiga va yana ham achinarlisi, mislsiz xiyonatlarga guvoh boʻlamiz.

Muarrixlarning taʼkidlashicha, har bir istilo xalq xotirasida oʻnglanmas asorat qoldiradi. Buni «oqposhsho» bosqini, ayniqsa, shoʻro siyosati, kommunistik mafkura zulmi misolida yaqqol koʻrish mumkin. Albatta, oʻtgan tarixiy silsilalar milliy oʻzligimizga yetkazgan ziyon va tushunchalar hamon ong ostida yashab kelayotir. Buni turish-turmushimiz, hayot tarzimizda ham koʻrish mumkin.

Yuzlab yillar xalqimiz boshiga bitmas- tuganmas balolarni yogʻdirgan paxta siyosati keltirgan kulfatlar haqida bugungi yoshlar kam narsa biladi. “Oq oltinni oltin qoʻllar yaratadi” degan balandparvoz shiorlar ostida necha avlod umri kuyib ketganini, majruh va kasalmand bolalar, butun umr qadoq qoʻllari bilan yer tirmalab, kosasi oqarmagan odamlar taqdiri haqida oʻylaganda har qanday vijdonli odamning koʻzida yosh halqalanadi...

III

1986-yil noyabrda KPSS Markazqoʻmi Bosh kotibi Mixail Gorbachev rasmiy tashrif bilan Hindistonga safar qiladi. U Toshkentda toʻxtab oʻtadi va aeroportda respublikaning oʻsha vaqtdagi rahbariyati bilan suhbatlashadi. Ular “tozalash” borasida olib borayotgan mudhish va qaqshatqich ishlari haqida hisob beradi.

Ammo Bosh kotib bu ishlarni qoniqarsiz, deb topadi. Ayniqsa, respublikada diniy mahdudlik, bidʼat va xurofotga berilish avj olganini alohida taʼkidlaydi. “Sovet Oʻzbekistoni” gazetasining oʻsha davrdagi taxlamini koʻzdan kechirsangiz, Bosh kotib: “Diniy marosimlarga qarshi qatʼiy va murosasiz kurash olib borish, ateistik propagandani kuchaytirish zarur, bu ishda hech qanday murosasozlikka yoʻl qoʻyib boʻlmaydi”, deya timqora harflarda uqtirganiga guvoh boʻlasiz.

Xullas, oʻsha yili aholini ateistik ruhda tarbiyalash mavzuida yagona siyosiy kun oʻtkazildi. Diniy, umuman, arabcha yozuvdagi kitoblarni yigʻib olish va oʻtda yoqish avj oldi. “Navroʻz” ayyomi taqiqlandi va uning oʻrnida “Navbahor” deb atalgan zamonaviy bayram oʻtkazish tavsiya etildi. Sumalak pishayotgan doshqozonlar toʻnkarildi. Dafn marosimida janoza oʻqish, Alloh taolo nomini zikr etish, qabrtoshga hilol tasvirini solish, hatto chopon kiyish man etildi. Busiz ham “oʻzbek ishi”, “qoʻshib yozish” degan tahqirlar, avj olgan “qama-qama” xalq yuragini oʻrtab yuborgan edi. Ustiga-ustak, oʻsha kezlar markazda oʻtirgan “aqlli”lardan biri qabristonlar bilan ham qiziqadi: «Qarang, qancha yer isrof boʻp yotibdi! Buzib, paxta ekish kerak! Oʻlganlarni krematsiya qilish zarur!» deydi...

Paxta siyosati shunday edi. U tiriklar tugul marhumlarning ruhini chirqiratishdan ham toymagan.

Umumiy maʼnoda gapirganda, Turkistonni paxtaning quliga aylantirish zamirida uch daryoni boʻgʻib tashlash, dengizni quritish, shu tariqa bu zaminda yashayotgan xalqni qaram qilish siyosati yotadi. Bu — yaqin oʻtmishda, yaʼni sobiq ittifoq davrida boshlangan emas, bu — azaldan bor gap.

Siyosatchilar orasida goh pinhon, goh oshkor bir suxan aylanib turadi: «Yevroosiyoga kim egalik qilsa, dunyo taqdirini oʻsha hal qiladi». Nikolas Spaykmen esa uni bir oz soddalashtirib, «Yevroosiyo suv manbalari kimning qoʻlida boʻlsa, dunyoni oʻsha boshqaradi», deya bayon etadi. Ochiq aytganda, Sirdaryo, Amudaryo va Zarafshonni kim jilovlay olsa, ikki daryo orasi uning izmida boʻladi, degan fikr bu.

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlardan birida mavzuga yaqin qiziq bir faktga koʻzim tushdi. Unda shunday deyiladi: ...1872-yil 14-noyabrda Turkiston general-gubernatori Fon Kaufman imperator Aleksandr II ga: «Biz Orol haqida oʻylashimiz kerak! — deb xat yozadi. — Shunday qilaylikki, Amudaryo bilan Sirdaryoning suvi paxtazorlarda qurib bitsin! Orolga boʻlsa, Sibir daryolarini oqizgan maʼqul. Shunda biz Turkistonni hamisha qoʻlda tutib turamiz. Va Rusiyaga qaram qilib olamiz».

Mana shu siyosat asrlar davomida hukm surdi. Uch daryoga band solib, qurilgan suv omborlari, qumga singib ketuvchi Qoraqum kanali — shu siyosat mahsuli. Oqibat, Orol dengizi quridi. Iqlim oʻzgarib, turli xastaliklar urchidi. Paxta yakkahokimligi tuproqni oʻldirdi. Yerning meliorativ holati hech kimni oʻylantirmay qoʻydi. Va eng mudhish tomoni, mustabid siyosat oddiy bir ekinni mafkuralashtirdi va jamiyatni uning quliga aylantirdi...

Paxta siyosati keltirgan kulfatlarni yorqinroq tasavvur qilishga quyidagi misollar ham koʻmaklashishi mumkin.

Oʻsha zamonlar har yili yerga tonnalab pestitsid va gerbitsid solingan, gʻoʻza bargini toʻkish uchun koʻpdan-koʻp defoliant sepilgan. Zahriqotil esa gʻoʻza bargi bilan birga aholi salomatligini ham toʻkib ketgan edi. Buni tasavvur qilish uchun rossiyalik akademik Vladimir Sokolov Vetnamdagi kimyoviy urush haqida yozgan maqolani koʻzdan kechirish kifoya. «Vyetnamda biz asr jinoyati — nafaqat xalqqa, balki uning zamini va tirik mavjudotga qarshi qirgʻinbarotga guvoh boʻldik, — deb yozadi u. — Tabiatning jamiki jonli aʼzosiga nisbatan vahshiylarcha qilingan cheksiz qabohatni koʻrib, yoqa ushlamaslik hech mumkin emas. Xalq irodasini sindira olmagach, bosqinchi uning yashash manbaini yoʻq qilishga qaror qildi... Ularning qoʻlidagi gerbitsid va defoliant mamlakat uchun qirgʻin, ocharchilik va qahatchilik tugʻdiruvchi qurol edi, aslida...».

Olimning yozishicha, Janubiy Vyetnamga 90 ming tonna gerbitsid tashlangan. Va bu mudhish oqibat keltirib chiqargan.

Oʻzbekistonda esa faqat 70 — 80 yillarning oʻzida har gektar yerga solingan gerbitsid — 2,2, defoliant — 16,2, insektitsid 36 kilogrammni tashkil etadi. Endi oʻzingiz hisob-kitob qiling. Oʻsha vaqtlar 4 million gektardan ortiq maydonga paxta ekilgan. Va eng zararli defoliant — butifos qoʻllanilgan.

Natijada esa oʻsha vaqtda respublikada onalar va bolalar oʻlimi, kamqonlik, yuqumli sariq va jigar-buyrak toshi, oshqozon-ichak, tif va paratif, qoqshol va brutsellyoz kabi kasalliklar keng yoyilgan. “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasining 1988-yil 4-noyabrdagi sonida Qoraqalpogʻiston ayollarining 90 foizi anemiyaga mubtalo boʻlgani taʼkidlanadi. Navoiy tumanidagi “Qizil Oʻzbekiston” kolxozida esa 2 315 nafar bola boʻlib, ulardan 45 foizining organizmi kasal yuqtirmaslik va kasalga qarshi kurashish, yaʼni immunitet hosil qilish qobiliyatidan mahrum boʻlgan. Bu kulfatni keltirib chiqargan yakkayu yagona omil — paxta yakkaziroatchiligi! Va uni vosita qilib, zaminga sepilgan turli zahriqotillar edi, albatta!

Oʻylab-oʻylab, hayron qolasan kishi, qon yutib, zahar yutib, mislsiz hosil yetishtirasan, ammo magazinda kafanlikka surp topilmaydi!

Xoʻsh, bu adolatdanmi?!

IV

Taassufki, paxta yakkahokimligi mustaqillikdan keyin ham toʻliq barham topgan emas. Kechagi kungacha maktab oʻquvchilari, talabalar, oʻqituvchiyu shifokorlar, umrida boʻsagʻasidan narini koʻrmagan qishloqlardagi munis va mushtipar opa-singillarimiz hayoti xuddi mustabidlik zamonlaridagidek dalada oʻtganini bugun kimdan yashiramiz? Paxta mavsumida davlat idoralari, jamoat korxonalari va xususiy ishlab chiqarishda mehnat qilayotganlarning oʻzi shundoq ham qora qozonini qaynatishga zoʻrgʻa yetadigan maoshi “biriktirilgan paxta shtabiga” degan vaj bilan qaytarib qolinishini bekitishning iloji bormi bugun?! Obrazli qilib aytganda, biz madaniy oʻsimlik, deb ataydigan paxta turli siyosiy vositalar taʼsirida gʻayriinsoniy bir “jazo mashinasi”ga aylantirildiki, u elning kosasini oqartirish oʻrniga, shoʻrini quritdi. Qolaversa, paxta yakkaziroatchiligi mamlakatni nafaqat bir qutbli agrar mamlakatga aylantirgani, balki uni yetishtirishda repressiv usullar qoʻllanilgani bois turli darajadagi xalqaro moliyaviy va siyosiy cheklovlarga ham giriftor etganini va bu aholi turmushida mudhish iz qoldirganini bugun yaxshi bilamiz. Eng yomoni, iqtisodiyotning maʼlum bir tarmoqlarga qaramligi, boshqaruvdagi oʻjar konservatizm, texnik va maʼmuriy qoloqlik boshqa ogʻir muammolarni ham keltirib chiqardi. Xususan, ishsizlik omili ular orasidagi eng “qaynoq”laridan biri boʻldi. Xoʻsh, nega bunday boʻldi, tuprogʻiga choʻp suqsang koʻkaradigan, ulkan yer osti va usti boyliklariga ega mamlakat aholisi nima uchun ogʻir turmush sharoitiga mubtalo edi. Ular nega muhojirlik yoʻlini tanlashga majbur edi, nega millat oʻgʻlonlarining qaddi kamonday bukilib qoldi?

Albatta, buning oʻziga yarasha sabablari bor edi. Ulardan biri shuki, ittifoq qulagach, bizdagi oʻsha paytdagi rahbariyat, aftidan, mamlakat iqtisodiyotini sobiq markaz taʼsiridan tezroq xalos etishga kirishdi. Bu esa butun ittifoqni oʻrgimchak toʻriday qurshab olgan sanoat halqasidan, umummexanizmdan uzilishni taqozo etardi. Unga koʻra, faoliyati ittifoqdoshlar, asosan, Rossiyaga qaram boʻlgan zavod va fabrikalar konveyerlari birin-ketin toʻxtatildi. Xolisanillo aytganda, bu qarorni milliy suverenitetni mustahkamlash, tezroq mustamlaka taʼsirlaridan chiqish yoʻlidagi qadam sifatida olqishlash mumkin edi. Biroq kutilmaganda bu ish oʻz aks taʼsirini koʻrsata boshladi. 90 yillar boshida uzil-kesil, bilvosita nazardan chetga surib qoʻyilgan poytaxtdagi “Toshkent aviasozlik zavodi”, «Tashselmash», «Oʻzbekselmash», “Toshkent traktor zavodi”, “Toshkent tekstil” kabi oʻnlab yirik korxonalarning faoliyati toʻxtashi natijasida faqat poytaxtning oʻzida 100 dan 200 mingtagacha ish oʻrni qisqarib ketdi. Toʻxtab qolgan korxonalar oʻrnini bosa oladigan, odamlarni ish bilan taʼminlaydigan yangi ishlab chiqarishlardan esa darak boʻlmadi. Bularning ustiga, investitsiyaviy muhitning yomonlashuvi, qolaversa, demografik “sakrash”lar mamlakatda millionlab ishsizlarning paydo boʻlishiga olib keldi. 2000-yillarga kelib esa nafaqat dunyo davlatlari, balki qoʻshnilarimiz bilan ham munosabatlarimizning sovib borishi mamlakatni nihoyat izolyatsionizm — qobiqqa oʻranib qolish holatiga olib keldi. Va bu dramatik xronologiya bizga mudom bir turdagi qaramlikdan boshqa mutelik quchogʻiga sirgʻalib tushganimizni alamli tarzda eslatib turadi.

Xullas, juda qisqa va umumiy tarzda zikr etilgan ushbu jihatlar millionlab fuqarolarimizni chet elda, qolganlarini esa yuqorida eslaganimizday mustaqil boʻlgach ham paxta dalalarida mehnat qilishga majbur etdi. Albatta, bu oʻrinda men birovni ayblash fikridan yiroqman. Zotan, mustaqillikni qoʻlda tutib qolish, mustamlaka siyosati taʼsiridan xalos boʻlish hech qachon oson kechmagan. Va yana, muarrixlar tilida aytganda, tarixiy zarurat, degan diskurs-tushunchalar ham bor siyosatda.

Pisandaga hojat yoʻq. Nimaga desangiz, ayni shu omil, yaʼni tarixiy zarurat besh yil oldin boshqaruvga kelgan Shavkat Mirziyoyev zimmasiga ham ogʻir masʼuliyat yukladi. Mahalliy va xalqaro ekspertlarning oʻsha mahallar “Mirziyoyevga ogʻir iqtisodiy va siyosiy meros qoldi” degan qarashlarini inkor qilmagan tarzda, shuni qoʻshimcha qilishim mumkinki, yangi rahbar endi iqtisodiyoti, odamlar turmush tarzi, kayfiyati tobora xiralashib, nursizlanib borayotgan jamiyatda katalizator rolini bajarishi kerak edi. Va toʻla ishonch bilan ayta olamanki, Shavkat Miromonovich bu vazifani kutilganidan-da aʼlo darajada bajardi, bajarayotir.

Eng avvalo, koʻzga yarq etib tashlanadigan jihat shu boʻldiki, boshlangan islohotlar natijasida davlatning jamiyatga, odamlarga ritorikasi — munosabati oʻzgarib ketdi. Yangi hukumat ishni ilgarigidek mavjud vaziyatni jamiyatni, fuqarolarni ayblash yoʻli bilan xaspoʻshlashdan tiyilib, bunday abgor holga tushishda tizimning, davlatning aybi, kamchiliklari nimalardan iborat ekanini aniqlashdan boshladi. Va oʻz oʻrnida mavjud vaziyat va ahvol uchun xalqidan kechirim soʻrashga, muammolarni tan olishga oʻzida kuch, siyosiy iroda topa oldi. Eng ogʻir muammo — migratsiya masalasi ochiq kun tartibiga chiqdi. Mamlakat tarixida ilk bor jamiyatimizda kambagʻallik ildiz otgani, turmushi ogʻir odamlar mavjudligi tan olindi.

Prezident 2018-yil Surxondaryo viloyatiga tashrifi davomida oʻsha kunlari Qozogʻistonning Oqtoʻba viloyatida fojiali hodisa tufayli halok boʻlgan farzandlarimiz ruhiga Qurʼon tilovat qilib, “bunda bizning, davlatning ham aybi katta”, deya nadomat chekishi davlatning odamlarga, elga qarashi qay yoʻnalishga oʻtganini aniq ifodalab berdi, desam, yanglishmayman.

Va nihoyat, Shavkat Mirziyoyev dadil amalga oshirgan yana bir eng muhim jihat shuki, buni men ozodlikka erishganimizdan keyingi buyuk va tarixiy islohot, degan boʻlardim, paxta dalalariga sochilib ketgan millat bolalarini egatlardan qaytarib oldi. Uning egilgan boshi, tuproqqa qorishib ketgan qadr-qimmatini tikladi... Mamlakat xalqaro hamjamiyat oldida “Bolalar mehnati”, “Ayollarni ogʻir va xatarli mehnatga jalb qilish”, “Majburiy mehnat” degan taʼna-dashnomlar, isnoddan qutuldi, turli iqtisodiy cheklovlardan ozod etildi.

V

Agar Mirziyoyevni maqtash, koʻklarga koʻtarish kerak boʻlsa, uning millat oldidagi shu xizmatining oʻzi ham yetib ortadi. Biroq meni bir savol — “bizda yangi davrda bu ishlarni koʻradigan, baholaydigan va keng ommaga tushuntirib beradigan qatlam — ziyolilar qatlami shakllandimi?” degan savol mudom oʻylantiradi.

Afsuski, bunday ishlarga deyarli beeʼtibor boʻlib qoldik. Bu vazifalarimiz chetda qolib, koʻpchiligimiz ijtimoiy tarmoqlarda yashirin imzo ostida bir-birimizni badnom qilish va bundan pinhona huzur-halovat topishni oʻzimizga ep bilib oʻtiribmiz. Qolganlar esa masalaning mohiyatini toʻliq anglamay, nima ishlar boʻlayotganini chuqur tushunmay, qora kostyum-shimda, boʻyniga mashhur brendli boʻyinbogʻni bogʻlab, televizorda va turli minbarlarda chuchmal maʼruzalar oʻqish bilan band.

Ammo hayotga chuqurroq nazar tashlaydigan, «odamlarga shu kerakmi, axir xalqni shuncha yil quruq gaplar bilan, tuturuqsiz intervyular bilan bezdirib yubormadikmi?» deydigan vallomat topilmaydi.

Yopiq jamiyatlar nafaqat turmushni, balki dunyoqarashni ham turgʻunlikka mubtalo qilishini biz koʻp koʻrganmiz. Shu maʼnoda gapirganda, bugun ham sezilarli tarzda jamiyatda filistyor — oʻzini ilmli sanovchi tor fikrli kishilar qatlami shakllanganini koʻrish mumkin.

Mayli, hozir gap bu xususda emas. Boshlagan mavzuimiz mamlakatimizda tizim va odamlar turmushini boshqa qutbga keskin burib yuborgan favqulodda islohotlar toʻgʻrisida edi. Va bu qilinayotgan ishlar, garchi bizning ilmiy jamoatchiligimiz, matbuotimiz nazaridan chetda qolayotgan esa-da, xalqaro hamjamiyat buni ziyraklik bilan kuzatib turganini sezish unchalik qiyin emas.

«Shavkat Mirziyoyev prezident etib saylangandan beri oʻtgan yillar mobaynida valyutani liberallashtirish, majburiy mehnatni bartaraf qilish va chiqish vizasini bekor qilish singari keng qamrovli islohotlar jarayonini boshlab berdi. Bu investorlarni ham, aholini ham ilhomlantirib yubordi...

...Mirziyoyev hokimiyatga kelgan payt Oʻzbekiston bankrotlik jari yoqasiga kelib qolgan edi. 13 yil bosh vazir boʻlib ishlagan pragmatik iqtisodchi va yangi prezident Oʻzbekistonni qoʻshnilarga ochish hamda savdo-sotiq va chet el investitsiyasi yoʻlidagi toʻsiqlarni olib tashlash boʻyicha jadal qadamlar qoʻydi. Huquqshunoslar va kompaniyalar nazdida islohotlar jarayonining jadalligi va koʻp narsalarni koʻzlayotgani hamda pul siyosati va iqtisodiyot liberallashtirilayotgani vaqti-vaqti bilan hayratomuz boʻlib koʻrindi», deb yozadi «Rossiya va Yevroosiyo» dasturining tadqiqotchisi Keyt Mallinson chathamhouse.org saytida eʼlon qilingan “Oʻzbekiston prezidenti kutilgan va katta umidlarni roʻyobga chiqara oladimi?” (“Can Uzbekistanʼs President Meet Raised Expectations?”) nomli maqolasida.

Haqiqatan ham, bugun juda oddiy gapga aylanib qolgan koʻp muammolar oʻz vaqtida milliy inqiroz darajasiga koʻtarilgani hali koʻpchiligimizning yodimizdan chiqqan emas. Birgina konvertatsiya muammosi tufayli qancha sarson-sargardonliklarni boshdan kechirmadik. Yoki yopiq siyosat ortidan ming yillar qoʻni-qoʻshni yashab kelgan qardoshlar bilan deyarli yuzkoʻrmas boʻlib ketishimizga oz qolgani haqida oʻylash kishini mudom xavotirga soladi. Endilikda mintaqaga ochilish, qoʻshnilar bilan munosabatlarni “toʻgʻrilab olish” haqida gapirish juda joʻn narsa. Bugun marra juda yuqori olingan: milliy jamiyatlarda integratsiya-mintaqa integratsiyasi haqidagi gaplar, chaqiriqlar tez-tez quloqqa chalina boshladi.

Bu, shubhasiz, Markaziy Osiyodagi metropoliya davlat hisoblanmish Oʻzbekistonning yangi siyosati bilan bevosita bogʻliq.

«Ilgari, — deyiladi, — «Vestnik Kavkaza» internet nashrida berilgan “Shavkat Mirziyoyevning 4 yillik Prezidentlik davrida Oʻzbekistonda qanday oʻzgarishlar yuz berdi?” maqolasida. — Oʻzbekiston deganda, birinchi navbatda, paxta yodga kelardi, hozir bunday emas. Bugungi kunda Oʻzbekiston 42 mamlakatga mahsulot eksport qiladi, 2019-yildan boshlab yangi 59 turdagi mahsulot chetga chiqarila boshlandi. 2020 — 2030-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirish strategiyasi doirasida agrobiznes yuritish uchun qulay muhit yaratish dasturi amalga oshirilmoqda. Qishloq xoʻjaligi maydonlaridan oqilona foydalanish, hosildorlikni oshirish va yetishtirilayotgan ekinlarni diversifikatsiya qilish imkonini beradigan klaster tizimi tashkil etildi. Oʻzbekiston rossiyalik va xitoylik hamkasblari bilan qishloq xoʻjaligini yana-da rivojlantirish maqsadida ilmiy tadqiqotlar bazasini yaratmoqda, xalqaro tashkilotlar esa Oʻzbekiston hukumati dasturlarini amalga oshirish uchun kreditlar ajratmoqda...».

Mana shu iqtibosning oʻziyoq Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilgan va oshirilayotgan islohotlarning samarasini yaqqol isbot etadi, nazarimda. Eng muhim dalilni esa bugun barcha oʻzining hayotida koʻrib turibdi — mavsumiy tashvishlarimizdan biri boʻlgan “paxta” atamasi hayotimizdan allaqachon chiqib ketdi.

VI

Aksariyat hollarda bizda “xalqqa qayishish”, «el koriga yarash, unga jonfidolik qilish» kabi birikmalar pafosga toʻyingan adabiy matnlarga zeb beruvchi metafora sifatida ishlatib kelindi.

Toʻgʻrisi, deyarli badiiy uydirmaga aylanib qolgan bu sifatlarning voqelikdagi ifodasini juda kam koʻrganmiz. Mirziyoyev esa bularni voqelikka aylantira oldi.

Men yuqorida Nigeriyada garovga olingan 300 nafar norasida qizni, Qozogʻiston choʻllarida shahid ketgan farzandlarimizga Prezidentning mahzun munosabati haqida bekorga eslamadim. Zotan, shu voqealar fonida mamlakat ijtimoiy-mafkuraviy va siyosiy landshaftidagi burilish yorqinroq koʻrinadi. Qolaversa, bugungacha besh bosqichda amalga oshirilgan “Mehr” loyihasi orqali jahonning urush ketayotgan oʻtli-olovli nuqtalaridan fuqarolarimiz boʻlgan yuzlab ayollar va bolalarning Vatanga qaytarilishi hamda ularga tinchu osuda yashashlari uchun barcha zarur sharoitlar yaratib berilgani yangi siyosatda jamiyatdagi muammolarga yangicha rakursdan qarash tamoyili qatʼiy kun tartibiga kirganini koʻrsatib berdi. Holbuki, bungacha biz ularni, adashgan, aldanib qolgan koʻplab opa-singillarimizni “Vatan xoinlari”, “yurtfurushlar” deya tahqirlash bilangina cheklanib keldik.

Umuman olganda, Prezidentning masalaga bunday keng va falsafiy nuqtayi nazardan qarashiga boshqa sabablar ham turtki bergan boʻlishi mumkin. Bu yerda gap faqat mehr-shafqat, davlatning oʻz fuqarosi oldidagi “otalarcha kechirimliligi” haqida, desak, mohiyat kemtik qolib ketayotgandek tuyuladi menga. Nazarimda, Prezident bu nuqtada masalaning boshqa nozik jihatlarini ham hisobga olganday. Xususan, keyingi paytlarda tadqiqotchilar tomonidan olovli nuqtalardagi terrorchi toʻdalarga qoʻshilib qolganlarning hammasi ham mutaassiblar emas, ular orasida chorasizlikdan yoki aldov orqali guruhlarga qoʻshilib qolganlar ham bor. Va bundaylarning koʻpchiligi uyini tashlab chiqib ketishiga Vatanidagi adolatsizliklar, ishsizlik va kun koʻrish darajasining oʻta pastligi sabab boʻlgan, degan qarashlar tez-tez ilgari surilmoqda.

Masalan, Jorj Vashington universiteti qoshidagi Yevropa, Rossiya va Yevroosiyo tadqiqotlari institutining “Markaziy Osiyo” dasturi veb-saytida Markaziy Osiyoda islom dini tadqiqotchisi Noy Takkerning (Noah Tucker) “Terrorism without a God: Reconsidering Radicalization and Counter-Radicalization Models in Central Asia” (“Xudosiz terrorizm: Markaziy Osiyodagi radikallashuv va radikallashuvga qarshi kurash modellarini qayta koʻrib chiqish”) deb nomlangan tadqiqotida ayni shu haqda soʻz boradi.

Tadqiqot soʻzboshisida Markaziy osiyoliklarning Suriyadagi urushga safarbar qilinishiga missionerlarning daʼvati emas, jamiyatlardagi adolatsizlik sabab boʻlgani aytiladi. Markaziy Osiyodagi zoʻravon ekstremizm din ramzlari, ritorikasi va eʼtiqoddan foydalanishini inkor etmagan holda, mintaqadagi kishilar ijtimoiy, siyosiy yoki shaxsiy muammolardan kelib chiqib radikallashuvi hamda oʻsha muammolarni radikal tarzda hal etishni taklif etadigan guruhlarga qoʻshilishga intilishini aytib, dinning zoʻravon ekstremizmga safarbar qilishdagi roli keragidan ortiq baholab yuborilayotgani taʼkidlanadi. Noy Takker 2016 va 2018-yillarda mintaqa davlatlarida oʻtkazgan tadqiqoti natijalari va fransuz olimi Olivye Royning Yevropada Suriyadagi urushga jangarilarni yollash amaliyoti haqidagi fikriga asoslanib, “islomning radikallashuvi” emas, «radikallashuvning islomlashishi» haqida gapirish kerakligini aytadi. Masalaning oʻta nozik boʻlgan bu jihati haqida oʻylab koʻrishga, albatta, har qanday hukumatning ham siyosiy irodasi dosh berolmaydi. Koʻpchilik davlatlar siyosiy elitasi bunga allaqachon uzil-kesil chiziq tortib ham qoʻyishgan: ular “adashganlar”, “Vatan xoinlari”, tamom vassalom!

Ammo gap tirik odamlar, shu zaminda tugʻilib oʻsgan yurt fuqarolari haqida ketar ekan, ularning haq-huquqlari, insoniy qadr-qimmati, qolaversa, xato yoʻlga yetaklagan sabablar mohiyati bilan ham hisoblashish kerak boʻladi, nazarimda.

Mirziyoyev shu yoʻldan bordi. Oʻt-olovning ichida darbadar kezib yurgan millatdoshlarini balo domidan olib chiqdi, ularni eshitdi, ularga mehr berdi. Bu davlatning, yangi hukumatning uzoqni koʻzlagan strategiyasimi, boshqa muhim jihatlari bormi, buni tarix aytadi. Biroq men bu oʻrinda yana bir boshqa jihat haqida gapirmoqchimanki, u boshlagan mavzumizni toʻldiradi, nazarimda. Gap Prezidentning shaxsiyati, oʻzligi, keng maʼnoda aytganda, xarakteri haqida. Oʻtgan asrning soʻngida biz Jizzax viloyatida bir safda ishlaganmiz. U kishi hokim, men viloyat tashkiloti rahbari. Bir kuni yarim tunda telefon boʻldi. Shavkat Miromonovich! Bunday voqealarga oʻrganib qolganim uchun ogʻrinmadim. U boʻgʻiq va tund ovozda gapirdi: uxlamaganmidingiz, tez idoraga yetib keling! Bordim. Hokim dargʻazab edi. Mendan bugun chet el OAVlaridan birida chiqqan maqolani oʻqigan, oʻqimaganimni soʻradi. Oʻqimaganimni bilgach, qoʻlidagi qogʻozni uzatdi. Bu oʻsha maqolaning nusxasi edi. Maqola boshdan oyoq oʻtmishimiz, xalqimiz tarixi, millatimiz shaʼnini tahqirlovchi ruhda yozilgandi.

— Shu gaplar toʻgʻrimi, — dedi u kishi menga va javobni ham oʻzi berdi. — Aslo unday emas! Bizning qanday millat ekanimiz, bobolarimiz nimalarga qodir boʻlganiga tarix guvoh. Oʻzbek xalqini tahqirlashga, nomini qora qilishga hech kimga huquq berilmagan. Buni men shu elning bir farzandi sifatida aytyapman. Kerak boʻlsa, bu ishning ortida turganlar bilan yuzma-yuz uchrashishga ham tayyorman. Bizning jafokash va joʻmard xalqimiz bunday chirkin iddaolardan yuqori turadi. Undaylarga munosib javob berishimiz kerak. Zero, bizning kimligimizni, qanday shavkatli, tarixda doim oʻzining gapini aytib kelgan millat ekanimizni bilsin va keyingi safar biz haqimizda oʻylab gapirsin. Oʻsha kecha tonggacha u kishi bilan birga maqolaga javob tayyorladik. Ertalab Shavkat Miromonovich poytaxt bilan gaplashdi. Biroq markazdan “mayda-chuyda gaplarga aralashmaslik kerak, eʼtibor qilmang”, degan javob boʻldi...

Men oʻshanda Shavkat Miromonovichni qayta kashf qilganman, kim bilan yonma-yon ishlayotganimni bilib hayratlanganman, qalbimda cheksiz gʻurur tuyganman. Oʻylaymanki, ushbu voqea mazmun-mohiyatiga koʻra, Prezident nega bugun janggohlardan fuqarolarimizni olib kelayotgani, uyidan tirikchilik ilinjida chiqib yarim yoʻlda baloga duchor boʻlgan shahid farzandlarimiz haqida ogʻir “oh” tortib gapirishi va yana nega keyingi paytlarda xorijda mardikor boʻlib yurgan bolalarimizni tezroq uyga — Vatanga qaytarish zarurligi toʻgʻrisida bot-bot kuyinib gapirayotgani sabablarini ochib berishga xizmat qilishi mumkin. Va yana oʻylaymanki, ushbu omil bu oʻrinda tadqiqotchilarga boshqa turli siyosiy konsepsiyalaru strategiyalarni kavlashtirib yurishga oʻrin qoldirmasligi ham mumkin.

VII

Oʻzbekiston ijtimoiy-siyosiy tizimida “ohang” — aksent oʻzgarganini bir butun qilib, odamlarga, ularning taqdiriga boʻlgan qarash boshqa tomonga yoʻnalgani bilangina ifodalash, ehtimol, kamlik qilar. Nega desangiz, bunday koʻtarinki yangilanishlar bugun barcha jabhalarda olib borilmoqda va mamlakat hayotida moʻtadillikdan xiyla yuqori boʻlgan dinamikani taʼminlamoqda. Jamiyat hayotining barcha qatlamlarida favqulodda “tigʻiz” olib borilayotgan harakatlar natijasi sezilarli. Uzoq yillar turgʻun turgan jamiyat bu iliqlikni darrov payqadi. Odamlar davlatning amalga oshirayotgan siyosatining samimiyligini hayotida, turmushida his qilyapti va buni hozir har qadamda eʼtirof etmoqda.

Kezi kelganda shuni aytish kerakki, oʻylangan gʻoyalar ifodasini kundalik turmushda koʻrish, sezish vaqt talab qiladigan masala. Biroq Prezident Mirziyoyev jamiyatni rivojlantirishda dunyoning biror-bir mamlakati davlatchilik amaliyotida boʻlmagan tajribalarga qoʻl urdi va ularning samarali usul ekanini isbotlab berdi. Bugun islohotlar jarayonining lokomotiviga aylangan sektorlar tizimi shulardan biri boʻlib hayotimizga kirib keldi. Qolaversa, jamiyatda kambagʻallik va ishsizlikka barham berishni koʻzda tutuvchi, aholining eng qiynalgan, sharoiti ogʻir qatlamlarini qamrab oluvchi “daftarlar” tizimi ham, mazmun-mohiyatiga koʻra, juda sodda va shu bilan birga, samarali usul ekani allaqachon isbotlandi.

“Ayollar daftari” tizimi doirasida bevosita ishtirokchi, qolaversa, shu jarayonlarning ichidagi masʼul sifatida shuni aytamanki, mazkur tajriba uzoq yillar nazardan chetda qolib kelgan, na turmushi, na salomatligi va na odamlarga oʻxshab yashashiga oddiygina sharoitni ham yaratib berolmaganimiz minglab opa-singillarimizning hayotiga nur olib kirdi.

Bugun davlat jamiyatda kambagʻallikni qisqartirish, aholiga munosib turmush tarzi yaratish maqsadida faqat “Ayollar daftari” tizimi uchun uch trillion soʻmdan ortiq mablagʻ ajratdi. Bunday hodisa Oʻzbekiston tarixida hech qachon boʻlgan emas. Ilgarilari bir viloyatdagi soy ustiga bundayroq koʻprik qursak yoki vrachlik ambulatoriyasini ishga tushirsak, qancha shov-shuv qilar edik. Barcha telekanallar, rasmiy matbuot sahifalari shu voqealar tafsiloti bilan toʻlib ketardi.

Bugun unday emas. Hammasi oʻz yoʻlida, tartib bilan olib borilayotir. Ortiqcha hayajonga berilish, qarsakbozligu madhbozliklar yoʻq. Barchasi oʻzi shunday boʻlishi kerak boʻlgan ishlardek shovqin-suronsiz bajarilmoqda. Va bunga koʻnikib ham qoldik. Shu sabab men hozir mazkur loyiha orqali amalga oshirilayotgan ishlar koʻlamini koʻrsatuvchi tafsilotlarni birma-bir sanab, vaqtingizni olmoqchi emasman. Faqat bu xayrli ishlarning ijobati sifatida bir misolni keltiraman.

Yaqinda matbuotda Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanida yashovchi Nasiba Atamuradovaning Prezidentga yozgan maktubi eʼlon qilindi. Oʻz maktubida u Yurtboshimizga shunday murojaat qiladi: “...Ijozat bersangiz, Sizga bir farzand oʻz otasiga hurmatini izhor etganday murojaat qilsam. Zotan, Siz menga otam, tugʻishganlarim qilolmagan yaxshilikni, berolmagan mehrni berdingiz. Hayotga, yashashga boʻlgan qarashlarimni oʻzgartirdingiz. Men endi hecham qoʻrqmay yashayman. Bilamanki, men tashlab qoʻyilmaganman, ortimizda Sizdek suyanchimiz va mehribonimiz bor».

Yonida ota-onasi, tugʻishganlari boʻla turib, ikki nogiron bolasi bilan uy deyishga arzimaydigan kulbada eski sholcha ustida bolalarini bagʻriga bosgancha dunyo koʻziga qorongʻu boʻlgan, ishsiz, deyarli jamiyatdan surib chiqarilgan bir mushtiparning “Ayollar daftari” doirasida Prezidentimiz tomonidan barcha jihozlarga ega boʻlgan uy bilan taʼminlangani, doimiy daromad manbaiga ega boʻlganidagi quvonchini soʻz bilan ifodalash qiyin, albatta. Endi ayting, shunday holatdagi mehrga zor, yordamga mahtal bir koʻngilning dildan chiqargan gaplarini kim samimiy emas, deb inkor eta oladi?!

Bugun mamlakatimizda Nasibaga oʻxshagan, sharoiti ogʻir, yordamga muhtoj toʻrt yuz mingdan oshiq xotin-qizlar roʻyxatga olingan. Buning uchun Prezidentimiz topshirigʻi bilan tashkil etilgan ishchi guruh respublika boʻyicha olti yarim milliondan ortiq xonadonlarga birma-bir kirib, sharoitni, mavjud ahvolni oʻrganib chiqdi. Roʻyxatga kiritilgan xotin-qizlar bilan individual ishlash, ularni kambagʻallik va chorasizlik botqogʻidan chiqarishning aniq mexanizmlari amaliyotga tatbiq etildi. Ayni kunlarda koʻzlangan maqsadga erishish uchun astoydil harakat qilinmoqda. Bu yuz minglab taqdir sinovlari, turmush va roʻzgʻorning ogʻir yukidan qaddi egilib qolgan munis va muhtaram opa-singillarimizning yelkalariga oftob tegadi, deganidir. Shuncha fuqaro hayotdan, koʻrayotgan kunidan rozi boʻlib yashaydi, deganidir.

Bir narsa hayratlanarliki, odam eʼtibor bermasa, atrofida kechayotgan hayotga jiddiy nazar tashlamasa, hammasi joyida ketayotgandek umri oʻtaverarkan. Shundoqqina yonginasida kuni oʻtmay qiynalayotgan, hatto yashashga uyi yoʻqligidan yertoʻlalarda, tashlandiq kulbalarda kun kechirayotgan, arzimagan kasallik bilan, qoʻli kaltaligi bois, oʻnlab yillardan buyon olishib rangi somon boʻlib qolgan, hatto oʻlib ketayotgan odamlar borligi haqida oʻylab ham koʻrmas ekan. Atrofida minglab chorasiz yetim-yesirlar Yaratganga nola qilib, tunni tongga ulayotganini bilmas ekan...

Prezident Mirziyoyev ish boshlagan ilk kundan eʼtiborni shu jihatga — xalqning hayotiga, turmushiga chuqur nazar solishdan boshladi. Shu oʻrinda men bir fikrni aytib ketishni istardimki, koʻpchilik “doʻstlarimiz” bugun olib borilayotgan ishlarni qasddan baʼzi siyosiy voqealar bilan bogʻlashga, Prezidentni shu orqali “ochko” olmoqchi, deya iddao qilishga urinishadi. Lekin fakt shuki, u bu ishlarga bugun emas, vazifaga kirishmasdan oldin bel bogʻlagan edi. Turli guruhlar burchak-burchak boʻlib pinhona shivir-shivirlar avj olgan 2016-yildayoq Mirziyoyev mamlakatda tinchlik va xotirjamlikni mustahkamlash, odamlarning, ayniqsa, ayollar va yoshlar turmush tarzi haqida jiddiy oʻylab koʻrish haqida gapirgan edi. Vazifaga kirishgach esa birinchi qoʻl urgan yirik amali shu boʻldi.

Mana shu oʻtli istak ortidan jamiyatda va boshqaruv platformasida “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” degan atama — istiloh paydo boʻldi. Dunyo davlatchiligi va jamiyatshunosligi ilmida uchramaydigan bu noyob tizim bugun oʻz “soʻzi”ni ayta boshladi. Men oʻzim bevosita “Ayollar daftari” tizimining “ichida” boʻlganim uchun u orqali amalga oshirilgan ulkan ishlar, xayrli harakatlarni sizga raqam va koʻrsatkichlar orqali qisqagina bayon etib berishim mumkin.

Mana, eʼtibor qarating: bugungacha mamlakatimizda “Ayollar daftari”ga kiritilgan 432781 nafar xotin-qizning 246309 nafari (56,9 foizi)ning muammosi hal etilishiga, shu jumladan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishsiz boʻlgan 253210 nafar xotin-qizning 208975 nafari (82,5 foizi)ning bandligi taʼminlanishiga erishildi. Bu shuncha xonadonning chirogʻi yorqinroq porladi, shuncha odamning qalbida yashash shavqi paydo boʻldi, hayotdan roziligi ortdi, degani.

Yuqorida aytganimdek, Prezident bu boradagi ishlarni uddalash uchun uch trillion soʻmdan oshiq mablagʻ ajratdi! Bir tomonda global iqtisodiy inqiroz, ikkinchi tomondan pandemiya, qolaversa, oʻtgan yili hayotimizda yuz bergan tabiiy falokatlar talafotlari batamom bitib ulgurmagan bir sharoitda buncha mablagʻ, harakat, eng muhimi, shu ishlarga istagu ishtiyoq qaydan paydo boʻlayotir?!

Nima, bu ishlar oʻz-oʻzidan boʻladi, deb oʻylaysizmi? Hayotda hech bir narsa oʻz-oʻzidan boʻlib qolmaydi. Bedorlik, uyqusiz tunlar, azob-uqubat va zahmatlar hosilasi sifatida yuzaga keladi — Tinchlik ham, Obodlik ham, Taraqqiyot ham, Xalq farovonligi ham.

Qolaversa, bugungi toʻlgʻama, notinch va tahlikali zamonda bunga erishish oson ish emas. Lekin bu ishlar boʻlmoqda, ilgarigidek qogʻozlardagi hisobot tarzida emas, koʻz oʻngimizda yuz bermoqda. Endilikda ishsiz va daromadsiz qolib, qayga boshini urishni bilmay yurgan, bugun esa ishli boʻlib, roʻzgʻorini tebratayotgan mushtipar opa-singillarimizning diltortar hangomalarini har qadamda eshitish mumkin. Necha yillar toʻshakda mixlanib yotgan, qarovchisiz va koʻmaksiz, yetim jigarbandlarining mungli qaroqlariga boqolmay nigohlari yerga qadalib qolgan, minglab dardlariga davo topgan, taqdir sinovlari xam qilgan yelkalari bir mehribon qoʻl taftidan osoyish va ragʻbat olgan maʼsumalarimizning koʻzlarida hayotga, yashashga ishtiyoq uygʻonganini sezishingiz koʻp qiyin emas.

Men Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uzoq yillar yelkadosh boʻlib ishlayotgan odam, qolaversa, bir siyosatshunos sifatida u kishining shu Vatanni, Millatni qanday sevishi, ardoqlashini isbot etib bera oladigan yana koʻp misollar keltirishim mumkin. Lekin bu ishlarni oddiy odamlarning oʻzlari koʻrib, hayotlarida his qilib turganlarida bunga hojat bormi?!

VIII

Imom Gʻazzoliy «Hamma toʻfonu balo-qazolar hayotimizni buzish uchun kelmaydi, ularning baʼzilari yoʻlimizni tozalash uchundir» deydi.

Shu maʼnoda, keyingi yillarda koʻrgan-kechirganlarimiz — ogʻir sinovlar bizni bir millat sifatida birlashtirdi, hayotimizda uchraydigan befarqlik, tomir otib ketgan xudbinlik kabi illatlarning tomirini qirqdi, qalblarimizda bir-birimizga nisbatan mehrni parvarish etdi, desam yanglishmagan boʻlaman. Buni oʻtgan yili sodir boʻlgan voqealar, qolaversa, bugun ham tinmagan, davom etayotgan pandemiya sharoiti misollarida odamlarimizning bir tanu bir jon boʻlib harakatga kelganida koʻrish mumkin edi. Va bu millatning bir butunligini, jipsligini xuddi oʻlchagichdek aniq ifodalab berdi.

Bugun ham oʻtayotgan kunlarimiz oson kechmoqda, deb hech kim aytmaydi. Turli qiyinchiliklar, yechilishi kerak boʻlgan muammolar hali ham bor. Biroq masalaning kishini xursand qiladigan tomoni shundaki, endilikda odamlarga — xalqqa nisbatan qarashlar oʻzgardi.

Insonning insondek yashashga haqqi borligiga, eng muhim jihat — adolat nuqtayi nazaridan qarala boshlandi va bu qarash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi darajasiga koʻtarildi. Bu esa barcha siyosiy va mafkuraviy qarashlardan koʻra aʼlosi, asosiysidir.

Mudom Vatan va Millat qaygʻusi bilan yongan Shavkat Mirziyoyev shu yoʻlni — xalqning barcha kesimlardagi ozodligi yoʻlini tanladi. Zikr etilgan jarayon va harakatlar esa buyuk insonparvar va millatparvarni, chin maʼnoda, Millat Lideri sifatida tarix sahnasiga olib chiqmoqda. Uning ezgu islohotlari bilan esa yangi Oʻzbekistonning shonli tarixi, insoniylik bilan yoʻgʻrilgan taraqqiyoti sahifalari bitilmoqda.

Qudratilla RAFIQOV,
Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati aʼzosi,
siyosatshunos

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?